2–BOB
Buyuk najotga eʼtiborsiz boʻlmaylik
1 Shu sababdan biz butun eʼtiborimizni eshitganlarimizga qaratishimiz kerak. Shunda haqiqatdan ogʻib ketmaymiz. 2 Farishtalar orqali ota–bobolarimizga berilgan Xudoning qonuni majburiy edi. Agar oʻsha qonunni buzgan va unga itoat etmagan odamlar har bir qilmishiga yarasha jazolangan boʻlsa, 3 nahotki biz buyuk najot xabariga eʼtiborsiz qolsak, jazodan qochib qutula olamiz?! Axir, dastlab bu najot xabarini bizga Rabbimiz Isoning Oʻzi eʼlon qildi–ku. Rabbimizga quloq solgan shohidlar bu xabarning haqiqiyligini bizga tasdiqlashdi. 4 Xudo ham bu xabarni tasdiqladi: U alomatu moʻjizalar va turli ajoyibotlar koʻrsatdi, Oʻz xohish–irodasi boʻyicha, Muqaddas Ruhning inʼomlarini ulashib berdi.
Bizga najot berish uchun Iso inson boʻlib keldi
5 Biz aytayotgan kelajak dunyoni Xudo farishtalarga tobe qilmadi. 6 Aksincha, Muqaddas bitiklarda Xudoga shunday deb aytilgan:
“Inson zoti nedirki, u haqda oʻylagaysan?!
Inson oʻgʻli nedirki, Sen uni ardoqlagaysan?!
7 Sen uni qisqa vaqtgagina farishtalardan past qilding,
Keyin esa izzatu sharaf tojini unga kiygizding .
8 Bor narsani uning oyogʻi ostiga qoʻyding.”
“Bor narsani uning oyogʻi ostiga qoʻyding” degani — Xudo butun borliqni oʻsha Insonning hokimiyatiga tobe qilganini bildiradi. Hozirgi kunda esa butun borliq Unga tobe boʻlganini biz koʻrayotganimiz yoʻq. 9 Ammo “qisqa vaqtgagina farishtalardan past boʻlgan” Insonni, yaʼni Isoni biz koʻrib turibmiz. U inson boʻlib keldi, Xudoning inoyati tufayli butun insoniyat uchun azob chekib, oʻldi. Shu sababdan endi “izzatu sharaf tojini kiydi.”
10 Xudo hamma narsani yaratgan va hamma narsa Uning ulugʻvorligi uchun mavjuddir. U koʻp insonlarni Oʻz ulugʻvorligidan bahramand qilish uchun najotga erishtirmoqchi boʻldi. Iso odamlarni najotga boshlab borsin deb, Xudo Uni azob–uqubatlar orqali barkamol Sardor qilib tayyorladi. 11 Insonlarni gunohlardan poklovchi Iso va poklangan insonlarning hammasi bir oilaga mansubdir. Shu sababdan Iso ularni birodarlarim deb atashdan or qilmay, Xudoga shunday deydi:
12 “Birodarlarimga Sen haqingda aytaman,
Jamoa orasida Senga hamdu sano oʻqiyman.”
13 Iso yana shunday deydi:
“Umidim Xudodadir”,
soʻng yana aytadi:
“Xudo bergan farzandlarim bilan birga Men shu yerdaman!”
14 Bu farzandlar foniy bandalar boʻlganlari uchun, Iso ham, ular singari, inson boʻldi. Zero, U Oʻz oʻlimi orqaligina oʻlim keltiruvchi iblisning qudratini yoʻq qila oldi 15 va umr boʻyi oʻlim qoʻrquviga qul boʻlgan odamzodni ozod qilishga muvaffaq boʻldi. 16 Iso farishtalarni emas, balki Ibrohimning naslini qullikdan qutqargani aniq. 17 Shu sababdan, U har jihatdan birodarlariga oʻxshagan boʻlishi shart edi. Shundagina U xalqni gunohlaridan poklay oladigan, Xudoning xizmatidagi rahmdil va sodiq Oliy ruhoniy boʻla olardi. 18 Isoning Oʻzi sinovdan oʻtib, azob chekdi. Shuning uchun U sinovdan oʻtayotganlarga yordam bera oladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020