16–BOB
Muqaddas Ruhning faoliyati
1 Men bu gaplarni sizlar toʻgʻri yoʻldan ozmanglar, deb aytdim. 2 Sizlarni sinagogalardan haydab yuboradilar. Hatto shunday zamon keladiki, sizlarni oʻldirayotgan har bir kishi bu bilan Xudoga xizmat qilyapman, deb oʻylaydi. 3 Ular bu ishlarni samoviy Otamni va Meni tanimaganlari uchun qiladilar. 4 Bularni sizlarga hozirdan aytib qoʻyyapman, toki oʻsha vaqt–soat kelganda, soʻzlarimni esga olinglar.
Sizlarga bularni boshdanoq aytishimga hojat yoʻq edi, chunki Oʻzim sizlar bilan birga edim. 5 Endi esa Meni Yuborganning oldiga ketyapman. Birontangiz Mendan: «Qayerga ketyapsan?» deb soʻramayapsiz. 6 Bularni aytganim uchun dilingiz gʻam–qaygʻuga botgan. 7 Ammo sizlarga haqiqatni aytaman, Mening ketishim sizlar uchun yaxshiroqdir. Agar Men ketmasam, Homiy kelmaydi. Agarda ketsam, Uni oldingizga yuboraman. 8 U kelganda dunyoga gunoh, adolat va hukm toʻgʻrisidagi haqiqatni ayon qiladi. 9 Gunoh toʻgʻrisidagi haqiqat shundan iboratki, odamlar Menga ishonmaydilar. 10 Adolat toʻgʻrisidagi haqiqat shuki, Ota Meni oqlaydi. Men Otaning oldiga ketyapman va sizlar Meni boshqa koʻrmaysizlar. 11 Hukm toʻgʻrisidagi haqiqat shundan iboratki, hukm chiqarib boʻlingan, bu dunyoning yovuz hukmdori mahkum qilingan.
12 Sizlarga yana aytadigan gaplarim koʻp, lekin endi ichingizga sigʻdirolmaysizlar. 13 Haqiqat Ruhi kelib, sizlarni toʻliq haqiqat sari boshlaydi. U Oʻzicha gapirmaydi, neki eshitsa, oʻshani soʻzlab beradi, U yuz beradigan voqealar haqida sizlarga xabar qiladi. 14 U Mendan eshitgan narsalarni sizlarga maʼlum qiladi, shu orqali Meni ulugʻlaydi. 15 Otaning bor narsasi Menikidir. Ana shu sababdan, Ruh Mendan eshitgan narsalarni sizlarga maʼlum qiladi, deb aytdim. 16 Sizlar bilan birga uzoq vaqt boʻlmayman, lekin koʻp oʻtmay sizlar Meni yana koʻrasizlar .”
Qaygʻungiz shodlikka aylanadi
17 Shu paytda Isoning shogirdlari bir–biriga dedi: “Qiziq, U bizga oʻzi nima aytmoqchi?! «Sizlar bilan birga uzoq vaqt boʻlmayman, lekin koʻp oʻtmay sizlar Meni yana koʻrasizlar», dedi. «Otaning oldiga ketyapman», deb aytdi. 18 «Sizlar bilan birga uzoq vaqt boʻlmayman» deyishi bilan nima demoqchi ekan, tushunmadik.”
19 Iso shogirdlarining savol bermoqchi boʻlganlarini bilib, dedi: “«Sizlar bilan birga uzoq vaqt boʻlmayman, lekin koʻp oʻtmay sizlar Meni yana koʻrasizlar», deb aytgan gapimning maʼnosini muhokama qilyapsizlarmi? 20 Sizlarga chinini aytayin: sizlar yigʻlab, dod–faryod qilasizlar, dunyo esa quvonadi. Sizlar qaygʻurasiz, lekin qaygʻungiz shodlikka aylanadi. 21 Oyi toʻlgan ayol dard bilan tugʻadi. Ammo bola tugʻilgandan keyin, dunyoga odamzod keldi, deb ayol quvonadi. Quvonganidan u chekkan dardini unutib yuboradi. 22 Shunga oʻxshab sizlar ham hozir gʻam–qaygʻu chekyapsizlar. Lekin Men sizlarni yana koʻraman. Shunda yuragingiz quvonchga toʻladi. Quvonchingizni sizlardan hech kim tortib olmaydi.
23 Oʻsha kuni Mendan hech narsa soʻramaysizlar. Sizlarga chinini aytayin: Mening nomimdan osmondagi Otamdan nima soʻrasangizlar, U sizlarga beradi. 24 Shu paytgacha Mening nomim bilan Otadan hech narsa soʻramadingizlar. Soʻranglar, olasizlar va qalbingiz shodlikka toʻladi.
Iso dunyodan ustun
25 Shu vaqtgacha sizlarga matallar orqali gapirib keldim. Lekin shunday vaqt keladiki, Men sizlarga Otam haqida matallar orqali emas, ochiqdan–ochiq gapiraman. 26 Oʻsha kuni oʻzlaringiz Otadan istaganingizni Mening nomimdan soʻraysizlar. Mening sizlar uchun Otadan iltimos qilishimning hojati boʻlmaydi. 27 Zotan, Otaning Oʻzi sizlarni sevadi, chunki sizlar Meni yaxshi koʻrib, Xudodan kelganimga ishondingizlar. 28 Men Otamdan chiqib, dunyoga keldim. Endi dunyoni tark etib, Otamning oldiga ketyapman.”
29 Shogirdlar Isoga shunday deyishdi:
— Mana, hozir Siz matal ishlatmay, ochiq soʻzlayapsiz. 30 Hamma narsani bilishingizni endi tushundik. Savolga ham oʻrin yoʻq. Siz Xudodan kelganingizga endi ishondik.
31 Iso dedi:
— Endi rostdan ham ishonyapsizlarmi? 32 Shunday vaqt keladiki, hatto keldi ham, sizlar tarqalib, har biringiz in–iningizga kirib ketasiz. Meni yolgʻiz qoldirasizlar. Biroq Men yolgʻiz emasman, chunki Otam Men bilandir. 33 Men tufayli xotirjam boʻlishingiz uchun bularni sizlarga aytdim. Dunyoda qaygʻu–alam chekasizlar. Lekin dadil boʻlinglar, Men dunyoni yengdim.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020