18–BOB
Bobil vayron boʻladi
1 Bundan keyin men samodan tushib kelayotgan boshqa bir farishtani koʻrdim. Unda buyuk hokimiyat bor edi. Uning ulugʻvorligidan yer yuzi yorishib ketdi. 2 U qattiq hayqirib, shunday dedi:

“Vayron boʻldi! Buyuk Bobil vayron boʻldi!
U jinlarning makoni, har turli yovuz ruhning panohi,
Har qanday harom va jirkanch qushning uyasi boʻlib qoldi.
Axir, barcha xalqlar Bobilning
Shahvoniy hirsi sharobidan ichgandi.
3 Yer yuzi shohlari u bilan zino qilgandi,
Yer yuzi savdogarlari
Uning cheksiz shahvati tufayli boylik orttirgandi.”

4 Shu payt men samodan kelayotgan boshqa bir ovozni eshitdim. U shunday dedi:

“Ey xalqim, Bobildan chiqib keting!
Tagʻin gunohlariga sherik boʻlib qolmang,
Tagʻin sizlar ham Bobilning balolariga duchor boʻlmang!
5 Zero, uning gunohlari uyilib koʻkka yetdi,
Xudo uning jinoyatlarini yodga oldi.
6 Bobil sizga nima qilgan boʻlsa,
Xudo ham unga shuni qilsin!
Qilmishiga yarasha ikki barobar jazosini bersin!
Oʻzi tayyorlagan ichimlikdan unga ikki barobar ichirsin!
7 Bobil qay darajada kekkayib, kayf–safo surgan boʻlsa,
Unga shu darajada azobu iztirob berilsin!
Axir, u dilida shunday demoqda:
«Men malikaman, beva emasman,
Aslo qaygʻu chekmayman.»
8 Shu bois uning boshiga balolar keladi,
U bir kunning ichida oʻlat, qaygʻu, qahatchilikka duchor boʻladi.
Uni olovda yondirishadi.
Axir, uni hukm qiluvchi Egamiz Xudo qudratlidir!”

9 Bobil bilan zino qilib, kayf–safo surgan yer yuzi shohlari yonayotgan Bobilning tutunini koʻrib, uning holiga hoʻngrab yigʻlaydilar. 10 Bobilning azob–uqubatidan dahshatga tushib, uzoqdan turib, deydilar:

“Ey buyuk shahar, holingga voy!
Ey qudratli Bobil, holingga voy!
Sen bir soatdayoq jazoingni olding!”

11 Yer yuzi savdogarlari ham uning holiga yigʻlab, motam tutadilar. Chunki ularning molini endi hech kim sotib olmaydi. 12 Oltin, kumush, javohirlaru marvaridlarni, mayin zigʻir matosi, shoyi, safsaru qirmizi gazlamalarni, turli xil xushboʻy yogʻochlarni, fil suyagidan yasalgan har xil buyumlarni, eng qimmatbaho yogʻochdan, bronzadan, temirdan va marmardan yasalgan buyumlarni, 13 dolchin, ziravorlar, xushboʻy tutatqilar va mirrani , sharob, zaytun moyini, oliy navli un va bugʻdoyni, mol–qoʻylarni, otlaru aravalarni, odamlarning jonini, tanasini ham sotib oladigan boshqa hech kim boʻlmaydi. 14 Savdogarlar shunday deb aytishadi: “Ey Bobil, sen orzu qilgan neʼmatlaring yoʻq boʻldi. Hashamatu savlating nom–nishonsiz gʻoyib boʻldi.” 15 Ha, oʻsha mollarini Bobilga sotib, boyib ketgan savdogarlar Bobilning azob–uqubatidan dahshatga tushib, qaygʻurib yigʻlaydilar:

16 “Holingga voy!
Ey buyuk shahar, holingga voy!
Sen mayin zigʻir matosidan kiyim kiyar eding,
Safsaru qirmizi liboslar ila yasanarding.
Oltin, javohirlaru marvaridlar ila bezanarding.
17 Shunday boyliging bir soatdayoq nobud boʻldi–ya!”

Har bir kema dargʻasi, kemadagi yoʻlovchilar, dengizchilar va dengizda savdo–sotiq qiluvchilarning hammasi uzoqdan Bobilga qarab turadilar. 18 Shahardagi yongʻindan chiqayotgan tutunni koʻrib, shunday faryod qiladilar: “Bu buyuk shaharga teng keladigani yoʻq!” 19 Ular boshlariga kul sochib, faryod chekib, qaygʻurib, dod soladilar:

“Holingga voy!
Ey buyuk shahar, holingga voy!
Dengizdagi kemalarga ega boʻlganlar
Sening ziynatlaring tufayli boylik orttirdilar.
Endi esa sen bir soatdayoq xarob boʻlding!

20 Ey samo, uning holidan shodlangin,
Ey Xudoning azizlari, xursand boʻling,
Havoriylaru paygʻambarlar, sevining!
Zero, Xudo sizlarni deb, Bobilni jazoladi.”

21 Keyin kuchli bir farishta tegirmon toshiga oʻxshash katta toshni koʻtarib, dengizga uloqtirdi–da, shunday dedi:

“Mana shunday shiddat bilan
Buyuk shahar Bobil qulaydi!
Endi u aslo qad koʻtarmaydi.
22 Arfachilaru ashulachilarning ovozlari senda eshitilmas,
Naychiyu karnaychilarning kuyi senda yangramas.
Endi bironta hunarmand senda ustaxona ochmaydi.
Tegirmon toshining tovushi koʻchalaringda eshitilmaydi.
23 Endi koʻchalaringdagi chiroqlar shuʼla sochmaydi,
Kuyov bilan kelinning ovozi eshitilmaydi.
Zero, savdogarlaring butun dunyoga soʻzini oʻtkazardi,
Sehr–jodularing dastidan jamiki xalqlar aldangan edi.
24 Paygʻambarlar va Xudo azizlarining qoni koʻchalaringda toʻkildi,
Ha, yer yuzida qirgʻinga duchor boʻlganlar senda oʻldirildi.”