33–BOB
Yoqub bilan Esov uchrashadi
1 Yoqub qarasa, Esov kelayotgan ekan, yonida toʻrt yuzta odami ham bor. Yoqub bolalarini Leaxga, Rohilaga va ikkala choʻrisiga taqsimladi. 2 Choʻrilari bilan ularning bolalarini eng oldinga, Leax bilan uning bolalarini ulardan keyin, Rohila bilan Yusufni esa oxiriga qoʻydi. 3 Yoqubning oʻzi ularning oldida bordi. Akasining oldiga yetib borguncha yetti marta egilib taʼzim qildi.
4 Esov ham ukasini kutib olgani yugurib borib, uni quchoqlab oldi. Yoqubning boʻyniga osilib, oʻpdi. Ikkovi ham yigʻlar edi. 5 Esov ayollarga va bolalarga qarab:
— Yoningdagi bu odamlar senga kim boʻladi? — deb soʻradi.
— Men, qulingizga Xudo inoyat qilib bergan bolalarim, — dedi Yoqub.
6 Shundan keyin choʻrilar bilan ularning bolalari Esovning oldiga kelishib, unga egilib taʼzim qildilar. 7 Ulardan keyin Leax bilan uning bolalari yaqin kelib, egilib taʼzim qilishdi. Oxirida Yusuf bilan Rohila yaqin kelib, egilib taʼzim qildilar.
8 — Menga suruvlaru podalar joʻnatibsan, bundan maqsading nima edi? — deb soʻradi Esov.
— Hazratimning iltifotiga sazovor boʻlishim uchun hadya qilib yuborgan edim, — deb javob berdi Yoqub.
9 — Rahmat, uka, oʻzimniki juda koʻp, oʻzingniki oʻzingga buyursin, — dedi Esov.
10 — Yoʻq, iltimos, agar meni iltifotingizga sazovor bilsangiz, hadyalarimni olasiz, — deb turib oldi Yoqub. — Siz meni shunday yaxshi kutib oldingizki, men uchun sizning yuzingizni koʻrish — Xudoning yuzini koʻrishga oʻxshaydi. 11 Iltimos qilaman, hadyalarimni oling. Xudo menga inoyat qilib, kerakli hamma narsani berdi.
Yoqub qattiq iltimos qilavergandan keyin, oxiri, Esov hadyalarni olishga rozi boʻldi.
12 — Qani, endi ketaylik, men senga yoʻl koʻrsatib boraman.
13 Yoqub esa shunday dedi:
— Oʻzingiz koʻrib turibsiz, hazratim, bolalarim chiniqmagan, qoʻy–sigirlarim ham bolalagan. Qoʻy–sigirlarimni bir kungina qistab haydasalar, butun chorva nobud boʻladi. 14 Shuning uchun mendan oldinda ketaversangiz. Men chorvaning yurishiga va bolalarning qadamiga qarab sekin boraveraman. Siz bilan Seir yurtida uchrashamiz.
15 — Boʻpti, boʻlmasa, odamlarimdan baʼzilarini sen bilan qoldiray, ham sizlarga yoʻl koʻrsatib boradi, ham qoʻriqlab ketadi, — dedi Esov.
— Nima qilasiz ovora boʻlib?! Menga koʻp mehribonlik koʻrsatyapsiz, shunga ham rahmat.
16 Esov oʻsha kuni Seirga qaytib ketdi. 17 Yoqub esa oilasi bilan Suxotga qarab ketdi. U yerda oʻziga bir uy, chorvasi uchun qoʻralar qurdi. Shuning uchun bu joyga Suxot deb nom berildi.
18 Shunday qilib, Yoqub Paddon–Oramdan Kanʼon yurtidagi Shakam shahriga eson–omon qaytib keldi. Shahar tashqarisida chodirlarini tikdi. 19 U chodir tikkan joylar Xamoʻr degan odamning oʻgʻillariga qarashli mulk edi. Xamoʻr Shakamning otasi edi. Yoqub bu joylarni Xamoʻrning oʻgʻillaridan yuz boʻlak kumushga sotib oldi. 20 Bu yerda u qurbongoh qurib, bu joyni “Xudo Isroilning Xudosidir” deb atadi.