1–BOB
Maʼbadni qaytadan qurish toʻgʻrisida Egamizning amri
1 Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yili oltinchi oyining birinchi kuni edi. Egamiz Xaggey paygʻambar orqali Yahudo hokimi Shaltiyol oʻgʻli Zarubabelga va oliy ruhoniy Yohuzadax oʻgʻli Yoshuaga quyidagi soʻzlarini ayon qildi:

2-3 Sarvari Olam shunday demoqda: “Bu xalq: «Egamizning uyini qurish vaqti hali kelgani yoʻq», deb aytadi. 4 Ey Isroil xalqi, Mening uyim vayron boʻlib yotganda , sizlar hashamatli uylarda yashashingizning vaqtimi?!” 5 Mana endi Sarvari Olam demoqda: “Oʻz ahvolingizga qarab, yaxshilab oʻylab koʻringlar–chi! 6 Koʻp ekib, kam oʻrasiz. Ovqat yeysiz–u, toʻymaysiz. Ichasiz, ammo chanqogʻingiz qonmaydi, ustingizga kiyasiz–u, isinolmaysiz. Kim pul ishlasa, uning puli yirtiq hamyonga tushadi.”
7 Sarvari Olamning kalomi shudir: “Oʻz ahvolingizga qarab, yaxshilab oʻylab koʻring, axir! 8 Togʻlarga chiqib, yogʻoch olib tushinglar–da, Mening uyimni quringlar. Men uni koʻrib zavqlanaman, u yerda ulugʻlanaman, — deydi Egamiz. 9 — Koʻp hosil olishni umid qilgan edingiz, mana kam oldingiz. Uyga olib kelganingizni sochib yubordim. Nima uchun?” Sarvari Olam shunday demoqda: “Mening uyim vayron boʻlib yotgan paytda, sizlar faqat oʻz uyingiz haqida oʻylaganingiz uchun shunday qildim. 10 Sizlarning dastingizdan osmondan shudring tushmadi, yer ham hosil bermadi. 11 Men dalalarga, qirli joylarga qurgʻoqchilik keltirib, don, uzum sharbati va zaytun moyini quritdim. Yerdan chiqqan barcha hosilni yoʻq qildim, odamlar va hayvonlarni qiyinchiliklarga duchor qildim. Insonlarning oʻz qoʻllari bilan qilgan mehnatlarini puchga chiqardim.”
Xalq Xudoning buyrugʻiga boʻysunadi
12 Shundan keyin Zarubabel, oliy ruhoniy Yoshua va surgundan qaytib kelgan barcha xalq oʻzlarining Egasi Xudoga itoat qilishdi. Oʻzlarining Egasi Xudo yuborgan Xaggey paygʻambarning soʻzlariga quloq solishdi, chunki ular Egamizdan qoʻrqardi.
13 Egamizning elchisi Xaggey Uning quyidagi soʻzlarini xalqqa yetkazdi:
— Egamizning kalomi shudir: “Men sizlar bilan birgaman.”
14 Yahudo hokimi Zarubabelni, oliy ruhoniy Yoshuani va surgundan qaytib kelgan butun xalqni Egamiz ruhlantirdi. Shunda ular hammalari kelib, oʻzlarining Xudosi, Sarvari Olamning uyini tiklashni boshladilar. 15 Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yili oltinchi oyining yigirma toʻrtinchi kunida Maʼbadning qayta qurilishi boshlandi.