13–BOB
Soxta paygʻambarlarning holi
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, Isroilda oʻzicha bashorat qilib yurgan paygʻambarlarga qarshi bashorat qil. Ularga shunday deb ayt: «Egamizning soʻzlarini eshiting! 3 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey ahmoq paygʻambarlar, holingizga voy! Sizlar hech qanday vahiy koʻrmagansiz, bashoratlaringizni oʻzingiz oʻylab toʻqigansiz.»
4 Isroil xalqiga ayt: «Paygʻambarlaringiz shahar vayronalari orasida daydib yurgan chiyaboʻrilarga oʻxshaydi. 5 Mana, ular devorning oʻpirilib tushgan joylarini qoʻriqlamadilar, devorni tuzatmadilar. Endi Mening gʻazab kunimdagi jangda sizlar oʻzingizni muhofaza qila olmaysiz. 6 Paygʻambarlaringizning koʻrgan vahiylari soxta, karomatlari yolgʻondir! Men ularni yubormaganman, ammo ular ‘Egamiz shunday demoqda’, deb gapiradilar. Yana oʻz gaplari amalga oshishini kutadilar! 7 Koʻrgan vahiylari soxta emasmi?! Aytgan karomatlari yolgʻon emasmi?! Men ularga gapirmasam ham, ‘Egamiz shunday demoqda’, deb aytishadi! 8 Paygʻambarlaringiz yolgʻon gaplar aytib yuribdilar, soxta vahiylar koʻryaptilar. Shuning uchun ularga qarshiman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 9 — Bu yolgʻonchi paygʻambarlarga qoʻl koʻtaraman, ularni kengashingizdan yoʻq qilaman. Nomlarini Isroil xalqi roʻyxatidan oʻchirib tashlayman, ular hech qachon Isroil yurtiga qaytib kelmaydilar. Oʻshanda Egangiz Rabbiy Men ekanligimni bilib olasizlar.»
10 Ey inson, notinch paytlarda, bu paygʻambarlar «tinchlik», deya xalqimni yoʻldan uradilar. Xalqim zaif devor koʻtarganda, paygʻambarlar uni ohak bilan oqlaydilar. 11 Shuning uchun devorni oqlayotganlarga ayt: «Bu devor qulaydi. Uning ustiga jala yogʻadi, katta–katta doʻl tushadi, unga qarshi dovul turadi. 12 Devor qulaganda odamlar sizlarga: ‘Devorni oqlaganingizdan nima foyda chiqdi?!’ deb aytmaydimi? 13 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men gʻazab ustida dovul turgʻizaman. Qahr ustida jala yogʻdiraman. Jahl ustida doʻl yuborib, devorni qulataman. 14 Sizlar ohak bilan oqlagan bu devorni Men yiqitaman. Uni poydevorigacha ochib tashlayman. Qulagan devor sizlarni bosib qoladi, sizlar hammangiz halok boʻlasizlar. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»
15-16 Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: shu yoʻsinda Men gʻazabimni devor va devorni oqlagan odamlar ustiga yogʻdiraman. Men sizlarga: ‘Devor ham, uni oqlagan odamlar ham yoʻq boʻldi’, deb aytaman. Ha, bu paygʻambarlar notinch damlarda Quddus aholisiga bashorat qilib, tinchlik vahiylarini bergan edilar.»
Jodugar ayollarning holi
17 Ey inson, Isroil xalqining oʻzicha bashorat qilib yurgan ayollariga yuzlan. Ularga qarshi bashorat qilib 18 ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey odamlarning jonini ovlab yurgan ayollar, sizlarning holingizga voy! Sizlar har bir odamning bilagiga tumor taqasizlar. Yoshu qarining boshiga yopinchiqlar yopasizlar . Sizlar xalqimning jonlarini ovlab turib, oʻz jonimizni saqlab qolamiz, deb oʻylaysizmi?! 19 Sizlar bir hovuch arpa bilan bir burda non uchun xalqim oldida Meni badnom qildingiz–ku! Yolgʻonni xush koʻrgan xalqimga yolgʻon gapirib, aybsiz odamni nobud qildingiz. Oʻlimga loyiq boʻlgan odamning jonini esa asrab qoldingiz.
20 Shuning uchun Egamiz Rabbiy aytmoqda: sizlar tumorlaringiz bilan odamlarning jonlarini ovlayapsizlar. Men oʻsha tumorlaringizga qarshiman. Men ularni qoʻllaringizdan yulib olaman, qafasdagi qushni ozod qilganday, xalqimni ozod qilaman. 21 Yopinchiqlaringizni yirtib tashlayman, xalqimni changalingizdan xalos qilaman. Ular endi sizning qurbonlaringiz boʻlmaydi. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 22 Sizlar yolgʻonlaringiz bilan solih odamning dilini ranjitdingiz. Men esa uni ranjitmoqchi emas edim. Fosiq odam yomon yoʻlidan qaytmasligi, jonini saqlab qolmasligi uchun sizlar uni qoʻllab turdingiz. 23 Shu sababdan endi sizlar yolgʻon vahiylar koʻrmaysizlar, fol ochib yurmaysizlar. Men Oʻz xalqimni changalingizdan ozod qilaman. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020