13–BOB
Dengizdan chiqqan maxluq
1 Ajdarho dengizning qum sohiliga borib turdi .
Toʻsatdan men dengizdan bir maxluq chiqib kelganini koʻrdim. Uning yettita boshi va oʻnta shoxi bor edi. Har bir shoxiga bittadan toj kiydirilgan, har bir boshiga esa kufrona nom yozilgandi. 2 Men koʻrgan bu maxluq qoplonga oʻxshardi. Oyoqlari ayiqning oyogʻiga, ogʻzi esa sherning ogʻziga oʻxshar edi. Ajdarho bu maxluqqa oʻz qudrati, taxti va buyuk hokimiyatini berdi. 3 Maxluqning boshlaridan biri davolab boʻlmaydigan darajada qattiq yaralangan edi. Ammo uning bu yarasi sogʻayib qoldi. Shunda butun jahon hayratda qolib, maxluqqa ergashdi. Odamlar ajdarhoga sajda qilishdi, chunki ajdarho maxluqqa oʻz hokimiyatini berdi. 4 Ular maxluqqa ham sajda qilib, shunday deb aytishardi: “Kim ham bu maxluqqa teng kelardi?! Kim ham unga qarshi chiqa olardi?!”
5 Maxluqqa takabburona va kufrona soʻzlar aytadigan ogʻiz berildi. Unga qirq ikki oy davomida hukmronlik qilish huquqi berildi. 6 Maxluq kufr ketib, Xudoni va Xudoning nomini laʼnatladi. U Xudo yashaydigan makonga va samoda yashaydigan har bir mavjudotga laʼnatlar yogʻdirdi. 7 Unga Xudoning azizlariga qarshi jang qilish va ularni yengish uchun izn berildi. Unga har bir qabila, elat, millat va xalq ustidan hokimiyat berildi.
8 Bu dunyoga qarashli odamlarning hammasi maxluqqa sajda qilishadi. Ularning ismlari boʻgʻizlangan Qoʻzining hayot kitobiga dunyo yaratilishidan oldin yozilmagan .
9 Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!
10 Hamma peshanasidagini koʻradi:
Baʼzilar asirlikka tushib, surgunga ketadi.
Baʼzilar qilichdan oʻtkaziladi ,
Bu vaziyat Xudo azizlaridan sabr–toqatu imonni talab qiladi.
Yerdan chiqqan maxluq
11 Bundan soʻng men yerdan chiqayotgan boshqa bir maxluqni koʻrdim. Uning ikki shoxi qoʻchqorning shoxlariga oʻxshardi, u ajdarhoday gapirardi. 12 U birinchi maxluqqa xizmat qilib, uning butun hokimiyatini ishga solardi. Butun yer yuzi va u yerda yashaganlar yarasi tuzalgan birinchi maxluqqa sajda qilsin deb, ularni majburlardi. 13 Bu ikkinchi maxluq buyuk va moʻjizali alomatlar koʻrsatdi. U hatto hammaning koʻzi oldida osmondan yerga olov tushirdi. 14 Birinchi maxluqning nomidan bu moʻjizali alomatlarni koʻrsatishga unga izn berilgandi. Bu alomatlari bilan u yer yuzidagi odamlarni yoʻldan ozdirdi. U odamlarga: “Qilichdan yaralangan, ammo sogʻ qolgan maxluqning tasvirini yasanglar”, — deb buyurdi. 15 Unga maxluqning tasviriga jon ato etish qudrati berilgandi. Maxluq tasviri tilga kirdi va oʻziga sajda qilmaganlarning hammasini oʻldirtirdi. 16 U hammani — kattayu kichikni, boyu kambagʻalni, qulu erkin odamni majburlab, ularning oʻng qoʻli yoki peshanasiga tamgʻa bostirdi. 17 Kimda maxluqning tamgʻasi boʻlmasa, u mutlaqo oldi–sotdi qilolmasdi. Tamgʻada maxluqning nomi yoki nomining soni yozilardi.
18 Bunda hikmat bor. Aqli yetgan odam maxluqning sonini hisoblab chiqsin, chunki bu son — maʼlum bir insonni bildiradigan sondir. Uning soni 666 .
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020