26–BOB
Yeremiyoni oʻlimga hukm qilmoqchi boʻlishadi
1 Yoʻshiyo oʻgʻli Yohayiqimning Yahudodagi ilk hukmronligi davrida Yeremiyoga Egamiz Oʻz soʻzini ayon qildi. 2 Egamiz shunday dedi: “Ey Yeremiyo, uyimning hovlisiga borib tur. Yahudo shaharlaridan uyimga sajda qilmoqchi boʻlib kelgan hamma odamlarga gapir. Men senga amr qilgan barcha soʻzlarni, birontasini ham qoldirmay ularga ayt. 3 Balki, ular Men aytgan gaplarga quloq solib, yovuz yoʻllaridan qaytishar. Shunda Men ham shaxtimdan qaytaman. Qilgan qabihliklari tufayli boshlariga keltirmoqchi boʻlayotgan falokatni keltirmayman. 4 Sen ularga shunday deb ayt: «Egamiz demoqda: sizlar Menga quloq solmadingizlar, bergan qonunlarimni bajarmadingizlar. 5 Oldilaringizga qayta–qayta paygʻambar qullarimni joʻnatdim, ammo sizlar ularning gapiga kirmadingizlar. Agar endi aytganlarimni bajarmasangizlar, 6 Men bu uyni Shiloʻning koʻyiga solaman. Bu shaharni esa yer yuzidagi xalqlar orasida laʼnati qilaman.»”
7 Ruhoniylar, paygʻambarlar va butun xalq Yeremiyoning Egamiz uyida aytayotgan bu gaplarini eshitishdi. 8 Yeremiyo Egamizning amr qilgan hamma soʻzlarini butun xalqqa aytib boʻlgach, ruhoniylar, paygʻambarlar va butun xalq unga tashlanib:
— Oʻldiringlar uni! — deya baqira boshlashdi. 9 — Sen hali Egamiz nomidan bashorat qiladigan boʻlib qoldingmi?! “Bu uy Shiloʻning koʻyiga tushadi, bu shahar esa vayron boʻlib huvullab qoladi”, deb aytishga qanday jurʼat etding?!
Egamiz uyidagi butun olomon Yeremiyoni oʻrab oldi.
10 Bundan xabar topgan saroydagi Yahudo aʼyonlari Egamizning uyiga keldilar. Qozilik qilish uchun Yangi darvozaning kiraverishidagi kursilarga oʻtirdilar . 11 Shunda ruhoniylar bilan paygʻambarlar yetib kelgan aʼyonlarga va xaloyiqqa murojaat qilib dedilar:
— Bu odam oʻlimga loyiq! U shahrimizga qarshi bashorat qildi, buni oʻz qulogʻingiz bilan eshitdingiz.
12 Yeremiyo oʻz navbatida shunday dedi:
— Sizlar eshitgan barcha soʻzlarni gapirishim uchun meni Egam yubordi. “Bu uyga va shaharga qarshi bashorat qil”, dedi. 13 Agar sizlar yomon yoʻlingizdan qaytsangiz, turmush tarzingizni oʻzgartirsangiz, Egangiz Xudoga itoat etsangiz, Egamiz ham shaxtidan qaytadi, sizlarga eʼlon qilgan falokatni boshingizga keltirmaydi. 14 Mana, men sizning ixtiyoringizdaman. Nimani toʻgʻri deb bilsangiz, menga shuni qiling. 15 Faqat bilib qoʻyinglar: agar meni oʻldirsangizlar, sizlar ham, shahar aholisi ham aybsiz odamning qonini toʻkkan boʻlasizlar. Zotan, bu soʻzlarning hammasini sizlarga aytishim uchun Egamizning Oʻzi meni yuborgan.
16 Soʻng aʼyonlar bilan butun xaloyiq ruhoniylarga va paygʻambarlarga shunday dedilar:
— Yoʻq, bu odam oʻlimga loyiq emas. U bizga Egamiz Xudo nomidan gapiryapti–ku!
17 Yurtning bir nechta oqsoqoli ham chiqib, toʻplangan butun olomonga shunday dedilar:
18 — Yahudo shohi Hizqiyo davrida bashorat qilib yurgan Moʻrashatlik Mixo ham Yahudo xalqiga shunday deb aytgan edi :
“Sarvari Olam demoqda:
«Quddus daladay shudgor qilinadi,
Sion xarobazor boʻladi,
Egamizning uyi turgan togʻni
Qalin oʻrmonzor qoplaydi.»”
19 Oʻshanda Yahudo shohi bilan butun xalq paygʻambarni oʻldirganmidi?! Aksincha, shoh Egamizdan qoʻrqib, Undan marhamat soʻragan edi. Egamiz esa shaxtidan qaytib, ularga eʼlon qilgan falokatni boshlariga keltirmadi. Biz–chi? Biz oʻzimizning boshimizga oʻzimiz falokat keltiryapmiz–ku!
20 Egamizning nomidan bashorat qilgan yana bir odam bor edi. U Xirat–Yoʻrimlik Shamayo oʻgʻli Uriyo edi. U ham xuddi Yeremiyoga oʻxshab bu yurt va shaharga qarshi bashorat qilgan edi. 21 Shoh Yohayiqim, uning hamma soqchilari va aʼyonlari Uriyoning soʻzlarini eshitdilar. Shunda shoh Uriyoni oʻldirishga qasd qildi. Bundan xabardor boʻlgan Uriyo qoʻrqqanidan Misrga qochib ketdi. 22 Shoh Yohayiqim uning orqasidan Axbor oʻgʻli Elnatanni odamlari bilan joʻnatdi. 23 Ular Uriyoni Misrda tutib olib, shohning oldiga olib kelgan edilar. Shoh uni oʻldirib, jasadini avom xalqning qabristoniga tashlagan edi.
24 Shunga qaramay, Shofon oʻgʻli Oxixam Yeremiyoning tarafini oldi. Yeremiyoni oʻldirmoqchi boʻlgan olomonning qoʻliga topshirishga yoʻl qoʻymadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020