8–BOB
Teri kasalligiga chalingan odamni Iso sogʻaytiradi
1 Iso togʻdan tushganda katta bir olomon Uning orqasidan ergashdi. 2 Shu orada teri kasalligiga chalingan bir odam Isoning oldiga keldi. U tiz choʻkib, dedi:
— Hazrat , bilaman, istasangiz, meni bu kasallikdan Siz poklay olasiz.
3 Iso qoʻlini uzatib, unga tekkizdi–da:
— Istayman, pok boʻl! — dedi. Teri kasalligiga chalingan odam shu zahoti dardidan forigʻ boʻldi. 4 Iso unga dedi:
— Menga qara! Bu toʻgʻrida birovga ogʻiz ocha koʻrma. Borib, oʻzingni ruhoniyga koʻrsat. Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir .
Rim yuzboshisining imoni
5 Iso Kafarnahum shahriga kirib kelganda, bir Rim yuzboshisi Uning oldiga kelib, yolvordi:
6 — Hazrat, xizmatkorim uyda toʻshakka mixlanib yotibdi. U qattiq azob chekyapti.
7 — Mayli, Men borib, xizmatkoringizni sogʻaytiraman, — dedi Iso. 8 Yuzboshi shunday dedi:
— Hazrat! Kulbamga oyoq bosishingiz uchun nomunosibman. Siz buyursangiz, bas, xizmatkorim sogʻayib ketadi. 9 Men oʻzim buyruqqa tobe odamman, ammo mening ham qoʻlim ostida askarlarim bor. Biriga “ket” desam, ketadi, boshqasiga “kel” desam, keladi. Biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi.
10 Iso yuzboshining bu gapini eshitib, hayratlandi. U orqasidan ergashib kelayotganlarga dedi:
— Sizlarga chinini aytayin: Men Isroil xalqi orasida bunday kuchli imonga ega boʻlgan bironta odamni uchratmadim. 11 Sizlarga shuni aytaman: koʻp odamlar sharqu gʻarbdan kelib, Ibrohim, Isʼhoq va Yoqub bilan birga Osmon Shohligida ziyofatga oʻtiradilar. 12 Osmon Shohligining merosxoʻrlari esa tashqaridagi zulmatga quvib chiqariladi. Ular u yerda qattiq pushaymon boʻlib, figʻon chekadilar.
13 Keyin Iso yuzboshiga dedi:
— Boring, siz ishonganingizday boʻlsin.
Yuzboshining xizmatkori oʻsha zahoti sogʻayib ketdi.
Iso koʻp odamlarga shifo beradi
14 Iso Butrusning uyiga kelganda, uning qaynanasi isitmalab, toʻshakda yotganini koʻrdi. 15 Iso uning qoʻliga tegishi bilan isitmasi tushdi. Ayol turib, Unga xizmat qildi.
16 Kech kirganda Isoning oldiga jin chalgan koʻplab odamlarni olib kelishdi. U soʻz bilan jinlarni quvib chiqardi, xasta odamlarning hammasiga shifo berdi. 17 Shu tariqa Ishayo paygʻambarning quyidagi aytgan soʻzi bajo boʻldi:
“Dardlarimizni U Oʻziga oldi,
Ogʻriqlarimizdan bizni forigʻ qildi.”
Isoga ergashish shartlari
18 Iso atrofida bir talay olomonni koʻrib, shogirdlariga koʻlning narigi tomoniga oʻtishni buyurdi. 19 Shu payt Isoning oldiga Tavrot tafsirchisi kelib dedi:
— Ustoz, qayerga borsangiz ham, men ortingizdan boraman.
20 Iso unga shunday dedi:
— Tulkilarning uyalari bor, qushlarning inlari bor. Inson Oʻgʻlining esa bosh qoʻyadigan joyi yoʻq.
21 Shogird boʻlgan boshqa bir odam esa Isoga:
— Hazrat, ijozat bering, avval borib otamni dafn qilib kelay, — dedi. 22 Iso esa Unga dedi:
— Sen ortimdan yur. Marhumlarni ruhan oʻlik boʻlganlar dafn qilsinlar.
Iso boʻronni tinchitadi
23 Iso qayiqqa tushdi, shogirdlari ham Unga ergashib, qayiqqa tushdilar. 24 Shu orada koʻlda boʻron koʻtarildi, toʻlqinlar qayiqni suvga toʻldira boshladi. Iso esa uxlayotgan edi. 25 Shunda shogirdlari Isoning oldiga borib:
— Hazrat, bizni qutqaring! Halok boʻlyapmiz! — deb Isoni uygʻotdilar. 26 Iso ularga dedi:
— Nega qoʻrqyapsizlar, ey imoni sustlar?
Soʻng turib, shamolga va toʻlqinlarga doʻq urdi. Shu ondayoq chuqur sukunat choʻkdi. 27 Qayiqdagilar hayratlanib, bir–biriga:
— Bu kim boʻldi ekan–a? Hatto shamol va toʻlqinlar Unga boʻysunadi–ya! — deyishdi.
Jinga chalingan ikki odamga Iso shifo beradi
28 Iso koʻlning narigi qirgʻogʻiga, Gadara shahrining yaqiniga yetib bordi. Shunda jinga chalingan ikki odam qabrlar orasidan yugurib kelib, Isoning qarshisidan chiqishdi. Ular shunchalik vahshiy edilarki, bironta odam u yerdan oʻta olmasdi. 29 Ular shunday deb baqirishdi:
— Ey Xudoning Oʻgʻli! Bizni tinch qoʻy! Sen bizga vaqtidan oldin azob bergani bu yerga keldingmi?
30 Ulardan nariroqda katta bir choʻchqa podasi oʻtlab yurgan edi. 31 Jinlar Isoga yolvorib:
— Agar bizlarni quvib chiqaradigan boʻlsang, unda choʻchqa podasiga yuborgin, — deyishdi. 32 Iso ularga:
— Boringlar! — deyishi bilanoq, jinlar odamlar ichidan chiqib, choʻchqalarga kirib olishdi. Shu onda butun choʻchqa podasi tik qiyalikdan koʻlga yopirilib, suvda nobud boʻldi. 33 Choʻchqa boquvchilar esa qochib shaharga bordilar. Jinga chalinganlar bilan boʻlib oʻtgan hodisani hammaga gapirib berdilar. 34 Shunda butun shahar aholisi Isoning oldiga bordi. Uni koʻrgach, hududimizdan chiqib keting, deb oʻtinib soʻradilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020