21–BOB
Beva ayolning xayr–ehsoni
1 Iso Maʼbadning ehson qutisiga nazar solar ekan, ehson tashlab turgan boy odamlarni koʻrdi. 2 Shuningdek, ikki chaqa tashlagan bir kambagʻal beva ayolni ham koʻrdi. 3 Shunda Iso dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, bu kambagʻal beva hammadan koʻproq ehson berdi. 4 Chunki boylarning hammasi oʻzlarining ortiqcha pullaridan ehson qildilar. Ammo bu ayol kambagʻalligiga qaramasdan, oʻzining bor–yoʻgʻini tashladi.
Iso Maʼbadning vayron boʻlishi toʻgʻrisida bashorat qiladi
5 Shogirdlardan baʼzilari Maʼbadni tomosha qilib, uning goʻzal toshlar va Xudoga nazr qilingan inʼomlar bilan bezatilgani toʻgʻrisida gaplashayotgan edilar. Iso esa dedi:
6 — Shunday kunlar keladiki, siz koʻrib turganlarning hammasi vayron boʻladi . Bu yerda tosh ustida turgan bironta tosh qolmaydi.
7 Ular Isodan soʻradilar:
— Ustoz, bu hodisalar qachon yuz beradi? Tez orada yuz berishini nimadan bilsak boʻladi?
8 Iso dedi:
— Ehtiyot boʻlinglar, yoʻldan ozmanglar, chunki koʻp kishilar oʻzlarini Mening nomim bilan atab: “Men Oʻshaman”, “Vaqt yaqin”, — deb aytadi. Ularga ergashmanglar. 9 Sizlar urush va isyonlar toʻgʻrisida xabarlarni eshitganingizda, vahimaga tushmanglar, chunki bu hodisalar birinchi boʻlib sodir boʻlishi kerak. Ammo bu hali soʻnggi nihoya emas.
10 Keyin Iso ularga dedi: “Xalq xalqqa qarshi, shohlik shohlikka qarshi koʻtariladi. 11 Ayrim joylarda shiddatli zilzilalar, qahatchiliklar, oʻlatlar boʻladi. Osmonda vahimali hodisalar, buyuk alomatlar yuz beradi.
12 Lekin bularning hammasidan oldin sizlarni hibsga oladilar, quvgʻin qiladilar, sinagogalarga topshirib, qamoqlarga tashlaydilar. Mening nomim tufayli sizlarni shohlar va hokimlar oldiga olib boradilar. 13 Bular Xushxabarni aytishingiz uchun imkoniyat boʻladi. 14 Oʻzimizni qanday himoya qilamiz, deb oldindan qaygʻurmaslikka qaror qilinglar. 15 Men Oʻzim sizlarga soʻz, donolik ato qilamanki, raqiblaringizdan birontasi aytganlaringizni rad qila olmaydilar yoki eʼtiroz bildira olmaydilar. 16 Sizlarni hatto ota–onangiz, aka–ukalaringiz, qarindosh–urugʻlaringiz, doʻstlaringiz tutib berishadi. Ular baʼzilaringizni oʻldirishadi. 17 Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. 18 Biroq boshingizdan bir tola soch ham tushmaydi. 19 Qatʼiyatli boʻlinglar, shunda hayotga erishasiz.
Quddusning vayron boʻlishi haqida bashorat
20 Quddusni dushman lashkarlari oʻrab olganini koʻrganingizda, bilingki, shahar yaqin orada vayron qilinadi. 21 Shunda Yahudiyada boʻlganlar togʻlarga qochsin, shaharning ichida boʻlganlar tashqariga chiqsin, dalalarda boʻlganlar shaharga kirmasin. 22 Chunki Xudoning qasos oladigan kunlari keldi. Oʻsha kunlarda hamma bashoratlar amalga oshadi. 23 U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy! Chunki yer yuzini katta musibat chulgʻab oladi, bu xalqning boshiga Xudoning gʻazabi yogʻiladi. 24 Baʼzilari qilichdan oʻtkaziladi, boshqalari barcha yurtlarga asir qilib olib ketiladi. Gʻayriyahudiylarning davru davroni tugamaguncha, ular Quddusni oyoq osti qiladilar.
Inson Oʻgʻlining kelishi haqida
25 Quyosh, oy va yulduzlarda alomatlar paydo boʻladi. Dengizlar va toʻlqinlar shovqinidan xalqlar sarosimaga tushib, iztirob chekadi. 26 Odamlar dunyoga keladigan falokatlarni koʻrib, qoʻrquvdan hushidan ketadilar. Chunki oʻshanda samoviy kuchlar larzaga keladi. 27 Shunda hamma odam Inson Oʻgʻlini koʻradi. Inson Oʻgʻli qudratga va buyuk ulugʻvorlikka burkanib, bulutlarda keladi .
28 Bu hodisalar yuz bera boshlaganda, turib, boshingizni baland koʻtaring. Chunki qutqariladigan vaqtingiz yaqinlashmoqda.”
Hushyor boʻlish haqida
29 Iso shogirdlariga bir masalni aytib berdi: “Anjir daraxtiga va boshqa hamma daraxtlarga qaranglar. 30 Daraxtlar barg yozayotganini koʻrganingizda, yoz yaqinlashib qolganini bilasiz. 31 Shu singari, mana bu voqealar sodir boʻlganda, bilingki, Xudoning Shohligi yaqin. 32 Sizlarga chinini aytayin, bu nasl oʻtmasdanoq, bularning hammasi sodir boʻladi. 33 Yeru osmon yoʻq boʻlib ketadi, ammo Mening soʻzlarim kuchda qoladi.
34 Hushyor boʻlinglar! Kayfu safoga, bu hayotning tashvishlariga berilib ketmanglar. Tagʻin oʻsha kun kelib qolganda sizlar toʻsatdan toʻrga tushgan odamlarga oʻxshab qolmanglar! 35 Chunki u kun butun yer yuzida yashovchilarning boshiga tushadi. 36 Doim hushyor boʻlinglar. Yuz beradigan bu hamma musibatlardan qutula olishingiz va Inson Oʻgʻli oldida munosib tura olishingiz uchun doimo ibodatda boʻlinglar.”
37 Har kuni Iso Maʼbadda taʼlim berardi, kechalari esa shahardan chiqib, tunni Zaytun togʻida oʻtkazar edi. 38 Xalq sahardan Isoni tinglagani Maʼbadga kelardi.