2–BOB
Sahroda oʻtgan yillar
1 Egamiz menga aytganiday, biz Qizil dengiz tomondagi sahroga qaytdik. Seir togʻlari atrofida koʻp vaqt yurdik.
2 Egamiz menga shunday dedi: 3 “Bu qirlar atrofida shuncha aylanib yurganingiz yetadi. Endi shimol tomonga boringlar. 4 Bu xalqqa Mendan shunday buyruq bergin: «Seir yurtida yashaydigan birodarlaringiz — Esov avlodining yerlaridan oʻtasizlar. Ular sizdan qoʻrqishadi. Ammo ehtiyot boʻlinglar, 5 ular bilan jang qilmanglar. Men sizlarga u yerning bir qarichini ham bermayman, chunki Men Seir togʻlarini Esov avlodiga mulk qilib berganman. 6 Ulardan ovqatni kumushga sotib olib yenglar, suvni ham kumushga sotib olib ichinglar. 7 Men, Egangiz Xudo, har bir ishingizda sizlarga baraka berdim. Shu bepoyon sahroda yurganingizda sizlarni himoya qildim. Qirq yildan beri Men sizlar bilan birgaman, sizlar hech qanday kamchilik koʻrmadingizlar.»”
8 Shunday qilib, biz Seirda yashovchi birodarlarimiz — Esov avlodining yeridan oʻtib ketdik. Elet va Ezyoʻn–Geberdan Iordan vodiysiga ketgan yoʻldan yurdik. Soʻngra Moʻab choʻli tomon burilib ketdik. 9 Shunda Egamiz menga dedi: “Moʻabliklar bilan janjallashib, urush boshlamanglar. Men sizlarga ularning yeridan mulk bermayman, chunki Or hududini Men Lut avlodiga mulk qilib berganman.”
10 (Oldin u yerda Eyim xalqi yashagan edi. Ular koʻpchilik boʻlib, kuchli, Onoq avlodi singari baland boʻyli xalq edi. 11 Eyim xalqi va Onoq avlodlari, odatda, Rafa xalqi deb atalardi. Ammo Moʻabliklar ularni Eyim xalqi deb atashardi. 12 Seirda ancha oldin Xorim xalqi yashagan. Ammo Esov avlodi oʻsha yerlarni ulardan tortib olgandi. Isroil xalqi Egamiz mulk qilib bergan yurtda xalqlarni yoʻq qilganday, Esov avlodi ham Xorim xalqini yoʻq qilib, ularning yerlariga joylashib olgan edi.)
13 Egamiz: “Qani, endi otlaninglar, Zarad soyligidan oʻtinglar”, — deb amr berdi. Biz Zarad soyligidan oʻtdik. 14 Kadesh–Barnadan chiqishimizga va Zarad soyligidan oʻtishimizga 38 yil ketdi. Egamiz ont ichib aytganiday, bu vaqt oraligʻida oʻsha naslning urushga yaroqli boʻlgan odamlari olamdan oʻtib ketdi. 15 Darhaqiqat, Egamiz ularga qarshi Oʻz qoʻlini koʻtarib, qarorgohdagi hamma urushga yaroqlilarni qirib tashladi.
16 Urushga yaroqli boʻlganlarning hammasi oʻlib, xalq orasidan yoʻq boʻlgandan keyin, 17 Egamiz menga shunday dedi: 18 “Bugun Or shahridan oʻtasizlar, Moʻab yurtining shimoliy chegarasini kesib, 19 Ommon xalqining yeriga yaqinlashasizlar. Lekin ular bilan janjallashib, urush boshlamanglar. Sizlarga ularning yeridan bir parcha ham bermayman. Bu yerni Men Lut avlodiga mulk qilib berganman.”
20 (Ilgarilari bu yer Rafa xalqining yurti edi. Bu yerda Rafa xalqi yashagan edi. Ommon xalqi esa ularni Zamzum xalqi deb atashardi. 21 Bu xalq kuchli, koʻp boʻlib, Onoq avlodi singari baland boʻyli edi. Ammo Egamiz ularni yoʻq qildi. Ommon xalqi ularning yerini qoʻlga kiritib, oʻsha yerga joylashib olgandi. 22 Seirda yashayotgan Esov avlodi uchun ham Egamiz xuddi shunday qilgan edi. Xorim xalqini Egamiz yoʻq qildi. Esov avlodi Xorim xalqining yerini qoʻlga kiritib, ularning oʻrniga oʻzlari joylashib olishdi. Ular hozirgacha oʻsha yerda yashaydi. 23 Avim xalqi esa janubdagi Gʻazogacha boʻlgan qishloqlarda yashardi. Ammo Xaftoʻrdan kelgan Xaftoʻr xalqi ularni yoʻq qilib, oʻrinlariga oʻzlari joylashib olishgandi.)
Isroil xalqi shoh Sixoʻnni yengadi
24 Biz Moʻab yurtidan oʻtganimizdan keyin, Egamiz shunday dedi: “Endi otlanib, yoʻlga tushinglar, Arnon soyligidan oʻtinglar. Men Amor xalqining Xashbonda yashaydigan shohi Sixoʻnni va uning yerini sizlarning qoʻlingizga beraman. Unga hujum qilib, jang boshlang, uning yurtini egallab oling. 25 Men shunday qilamanki, bugundan boshlab butun yer yuzidagi xalqlar sizlardan qoʻrqib, vahimaga tushadigan boʻlishadi. Nomingizni eshitganlar sizlardan qoʻrqqanidan qaltiraydigan boʻladi.”
26 Shundan keyin men Kadamoʻt choʻlidan Xashbon shohi Sixoʻnga choparlar orqali quyidagicha doʻstona gaplarni yetkazdim: 27 “Bizga yurtingiz orqali oʻtib ketishga ijozat bersangiz. Oʻngga ham, chapga ham qayrilmay, toʻgʻri yoʻldan ketamiz. 28 Ovqatni biz sizdan kumushga sotib olib yeymiz, suvni ham sizdan sotib olib ichamiz, faqat piyoda yurib oʻtishimizga ruxsat bersangiz boʻldi. 29 Seirda yashayotgan Esov avlodi ham, Or shahrida yashayotgan Moʻabliklar ham ijozat bergan edi. Ularning yerlaridan oʻtib keldik. Ular singari, siz ham ijozat bering, yeringizdan oʻtib ketaylik. Iordandan oʻtib, Egamiz Xudo bizga beradigan yurtga yetib olaylik.”
30 Biroq Xashbon shohi Sixoʻn yeridan oʻtib ketishimizga ruxsat bermadi. Sizlar bugun yashab yurgan yerni qoʻlga kiritishingiz uchun Egangiz Xudo Sixoʻnning yuragini tosh qilib, oʻjar qilib qoʻygandi.
31 Egamiz menga shunday dedi: “Men Sixoʻnni va uning yurtini sening qoʻlingga beryapman. Uning yurtini zabt eta boshla.” 32 Sixoʻn jamiki lashkarini boshlab, biz bilan jang qilgani Yaxaz shahriga chiqdi. 33 Ammo Egamiz Xudo uni bizning qoʻlimizga berdi. Sixoʻnni, uning jamiki lashkarini, farzandlarini yoʻq qilib tashladik. 34 Sixoʻnning hamma shaharlarini bosib olib, birontasini ham qoldirmay vayron qildik. Erkaklari, ayollari va bolalaridan birontasini ham tirik qoldirmadik. 35 Magʻlub qilgan shaharlarimizdan faqat chorva va boyliklarni oʻzimizga oʻlja qilib oldik. 36 Arnon soyligining chetida joylashgan Aror shahridan hamda soylikdagi shahardan tortib, to Giladgacha boʻlgan birorta shahar bizning kuch–qudratimizga dosh berolmadi. Chunki Egamiz Xudo hammasini bizning qoʻlimizga bergan edi. 37 Ammo biz Yavoq daryosi boʻyidagi Ommon xalqining yerlariga va qirlardagi ularning shaharlariga hujum qilmadik. Chunki Egamiz Xudo bizga u yerlarni bosib olishni man qilgandi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020