18–BOB
Yahudo shohi Hizqiyo
1 Isroil shohi Xoʻsheya hukmronlik qilayotganiga uch yil boʻlganda, Hizqiyo Yahudo hukmdori boʻldi. Hizqiyo Oxozning oʻgʻli edi. 2 Hizqiyo yigirma besh yoshida shoh boʻldi. U Quddusda yigirma toʻqqiz yil shohlik qildi. Onasining ismi Abiyo boʻlib, Zakariyoning qizi edi.
3 Hizqiyo, bobosi Dovud kabi, Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi. 4 U sajdagohlarni yoʻqotdi, butsimon toshlarni parchalab tashladi, Asheraning ustunlarini kesdi. Muso bronzadan yasagan Naxushton nomli ilon tasvirini ham sindirdi. Chunki Isroil xalqi oʻsha kungacha bronza ilon tasviriga qurbonlik keltirardi.
5 Hizqiyo Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga ishonardi. Hizqiyogacha ham, undan keyin ham Yahudo shohlari orasida unga oʻxshagani boʻlmadi. 6 Hizqiyo Egamizga nihoyatda sodiq boʻlib, Uning yoʻllaridan ozmadi. Egamiz Musoga bergan amrlarni bajardi. 7 Egamiz Hizqiyo bilan edi. Hizqiyo nima ish qilmasin, Egamiz unga baraka berdi. U Ossuriya shohiga itoat qilmay, unga qarshi bosh koʻtardi. 8 Hamma joyda — Gʻazo va uning atroflarigacha, qishloqlardan tortib, mustahkam shahargacha boʻlgan joylarda Filistlarni magʻlub qildi.
9 Hizqiyo hukmronligining toʻrtinchi yilida Ossuriya shohi Shalmanasar Samariyaga hujum qilib, qamal qildi. Bu paytda Isroil shohi Xoʻsheya yettinchi yil shohlik qilayotgan edi. 10 Qamalning uchinchi yilida Samariya quladi. Hizqiyo hukmronligining oltinchi yilida va Isroil shohi Xoʻsheya hukmronligining toʻqqizinchi yilida Shalmanasar Samariyani oldi. 11 Ossuriya shohi Isroil xalqini Ossuriyaga koʻchirib, ularni Xalax shahriga, Xavor daryosi boʻyidagi Gozan hududiga va Midiya shaharlariga joylashtirdi. 12 Ular oʻzlarining Egasi Xudoga itoat etmay, Uning ahdini buzganlari uchun shu hodisalar yuz bergandi. Xudoning Oʻz quli Muso orqali bergan birorta amriga ular quloq solmadilar, hech birini bajarmadilar.
Ossuriya qoʻshini Quddusni oʻrab oladi
13 Hizqiyo hukmronligining oʻn toʻrtinchi yilida Ossuriya shohi Sanxariv Yahudo yurtiga hujum qildi. Uning hamma mustahkam shaharlarini bosib oldi. 14 Yahudo shohi Hizqiyo Laxish shahrida turgan Ossuriya shohiga shunday xabar yubordi: “Men aybdorman, mening yurtimdan keting, nimani talab qilsangiz, rozi boʻlaman.” Ossuriya shohi Yahudo shohi Hizqiyoni 640 pud kumush va 64 pud oltinni oʻlpon qilib toʻlashga majbur qildi. 15 Hizqiyo hamma kumushni Egamizning uyidan va shoh saroyining xazinalaridan topib, unga berdi. 16 Hizqiyo yana Egamizning uyi eshiklari bilan eshik kesakilari ustiga ilgari oʻzi qoplatgan oltin qoplamalarni ham chiqarib olib, Ossuriya shohiga berdi.
17 Keyin Ossuriya shohi oʻzining bosh qoʻmondoni, bosh vaziri va mulozimi boshchiligida katta lashkarni Laxishdan Quddusga, shoh Hizqiyoning ustiga safarbar qildi. Lashkar Quddusga borayotib, Yuqori hovuz arigʻi yonida toʻxtadi. Bu ariq kir yuvuvchining dalasiga boradigan yoʻl yonida edi. 18 Ular shoh Hizqiyoga xabarchi yuborgan edilar, Xilqiyo oʻgʻli Eliyaqim, Shavna va Osif oʻgʻli Yoʻx Quddusdan chiqib, Ossuriyaliklarning yoniga bordilar. Shoh Hizqiyoning saroyida Eliyaqim bosh vazir boʻlib, Shavna kotib, Yoʻx esa mushovir boʻlib xizmat qilar edilar.
19 Mulozim ularga shunday dedi:
“Ulugʻ Ossuriya shohining shu gaplarini Hizqiyoga yetkazing: «Nimangga ishonyapsan oʻzi? 20 Harbiy mahoratingdan va kuch–qudratingdan gapiryapsan, lekin bular quruq gaplar–ku. Kimingga ishonib menga itoat etmayapsan? 21 Ha, sen Misrga ishonyapsan. Lekin Misr yoriq qamishdan qilingan hassaga oʻxshaydi–ku. Unga suyansang, qoʻlingga sanchiladi. Misr firʼavniga ishonganlarning hammasi shu ahvolga tushadi. 22 Balki sizlar: ‘Biz Egamiz Xudoga ishonamiz’, deb aytarsizlar menga. Axir, Hizqiyo oʻsha Egangizning sajdagohu qurbongohlarini buzib tashlab, Yahudo xalqiga va Quddusliklarga: ‘Faqatgina Quddusdagi qurbongohning oldida sajda qilinglar’, deb aytgan ekan–ku! »
23 Kelinglar, endi janobi oliylari Ossuriya shohi nomidan sizlar bilan bir garov oʻynaylik. Biz sizlarga ikki mingta ot beramiz, qani, ularni minishga odam topinglar–chi! 24 Qani, koʻraylik–chi, shohimning qullari orasidagi eng kichik bir lashkarboshisini magʻlub qila olasizmi?! Axir, oʻzingiz Misrning jang aravalariyu otliqlariga umid bogʻlab oʻtiribsiz. 25 Qolaversa, bizni Egangizning xohishisiz bu yurtni vayron qilishga kelgan, deb oʻylaysizlarmi? Egangizning Oʻzi bizga: «Oʻsha joyga borib, u yerni vayron qilinglar», deb amr bergan–ku!”
26 Xilqiyo oʻgʻli Eliyaqim, Shavna va Yoʻx Ossuriyalik mulozimga:
— Bu qullaringga oramiycha gapiraver, oramiychani tushunamiz. Ibroniycha gapirma. Tagʻin devor ustidagilar bizning gapimizni eshitib qolmasin, — dedilar. 27 Mulozim esa shunday javob berdi:
— Shohim bu soʻzlarni faqat hukmdoringizga va sizlarga gapirsin deb, meni yuboribdimi?! Devor ustida toʻplangan odamlarga ham gapiryapman–da. Ular ham, sizlar kabi, tezaklarini yeb, siydiklarini ichishga giriftor qilingan.
28 Soʻngra u tik turib, baland ovoz bilan ibroniycha gapirdi: “Ulugʻ Ossuriya shohining gaplarini eshiting! 29 Shoh hazratlari shunday aytmoqda: Hizqiyo sizlarni yoʻldan urmasin. U baribir sizlarni mening qoʻlimdan qutqara olmaydi. 30 «Egamiz bizni albatta qutqaradi, bu shahar Ossuriya shohi qoʻliga taslim boʻlmaydi», deb Hizqiyo sizlarni Egangizdan umidvor qilmasin.
31 Shohingiz Hizqiyoga quloq solmanglar. Mana, Ossuriya shohi aytmoqda: men bilan sulh tuzib, mening oldimga chiqinglar. Shunda har kimga oʻz uzumzoriyu anjir daraxti hosilidan yeyishga, oʻz sardobasidan suv ichishga ijozat beriladi. 32 Soʻngra men sizlarni oʻz oʻlkangizga oʻxshagan bir yurtga olib boraman. U joy bugʻdoy, sharob, non, uzumzorlarga, zaytun moyi va asalga boy yurtdir. Oʻlimni emas, hayotni tanlanglar. «Egamiz bizni qutqaradi», deb sizlarni aldamoqchi boʻlgan Hizqiyoga quloq solmanglar. 33 Qaysi xalqning xudosi oʻz yurtini men, Ossuriya shohining qoʻlidan qutqaribdi?! 34 Xomat bilan Arpad shaharlarining xudolari qani?! Sefarvayimning, Xana va Ivvaxning xudolari–chi?! Birorta xudo Samariyani mening qoʻlimdan qutqara olmadi–ku! 35 Jamiki xalqlarning xudolaridan qaysi biri oʻz yurtini mening qoʻlimdan qutqaribdiki, Egangiz Quddusni qutqara olsa?!”
36 Ammo xalq jim turaverdi. Birontasi ham javob bermadi. Chunki shoh Hizqiyo: “Uning gapiga javob qaytarmanglar”, deb farmon bergan edi. 37 Shundan keyin bosh vazir Eliyaqim, kotib Shavna va mushovir Yoʻx qaygʻudan liboslarini yirtib, Hizqiyoning oldiga keldilar–da, Ossuriyalik mulozimning gaplarini Hizqiyoga aytib berdilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020