1–BOB
Duoyi salom
1 Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi boʻlgan men — Pavlusdan Iso Masihga sodiq boʻlgan Efes shahridagi Xudoning azizlariga salom! 2 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.
Xudoning ilohiy rejasi
3 Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar boʻlsin. U samodagi barcha ruhiy barakalarni Masih orqali bizlarga berdi. 4 Masihga tegishli boʻlishimiz uchun Xudo bizni dunyo yaratilishidan oldin tanladi. Endi biz Xudoning oldida muqaddas va benuqson, bir–birimizga mehr bogʻlagan insonlar boʻla olamiz. 5 Xudo bizni Iso Masih orqali Oʻziga farzand qilib olishni azaldanoq qaror qilgan edi. Xudoning xohish–irodasi shu boʻlib, bundan U huzur–halovat topdi. 6 Xudo Oʻzining suyukli Oʻgʻli orqali bizga buyuk inoyat koʻrsatgani uchun Unga hamdu sanolar boʻlsin.
7-8 Masihning toʻkilgan qoni orqali Xudo bizni kechirib, gunohlarimizdan ozod qildi. Shunday qilib, Xudo bizning hayotimizni toʻldirgan inoyati qanchalik boy ekanligini koʻrsatdi. U bizga donoligu aql–idrok ato etdi. 9 Oʻz irodasining sirini maʼlum qildi. Bu irodasi Iso Masih orqali bajo boʻlishini Xudo oldindan rejalashtirgan edi va bundan U huzur–halovat topdi. 10 Xudo bu rejasini Oʻzi belgilagan vaqtda toʻla amalga oshirib, yeru osmondagi bor mavjudotni Masihning hokimiyati ostiga birlashtiradi. 11 Biz Masih orqali Xudoning xalqi boʻldik . Bu Xudoning azaldan belgilagan rejasi boʻyicha amalga oshdi. Axir, Xudo har bir narsani Oʻz xohish–irodasi boʻyicha amalga oshiradi.
12 Shunday ekan, biz hammamiz — Masihga umid bogʻlaganlar Xudoga shon–shuhrat keltirish uchun yashashimiz lozim. 13 Sizlar haqiqat kalomi, yaʼni najot keltirgan Xushxabarni eshitgan edingiz. Shu tufayli Masihga imon keltirgan edingiz. Xudo vaʼda qilgan Muqaddas Ruhini sizlarga berib, Oʻziga tegishli ekanligingizni tasdiqladi. 14 Muqaddas Ruh biz kelajakda oladigan qut–barakalarga kafil sifatida berildi. Ha, vaqti kelib , Xudo Oʻziga tegishli boʻlganlarni butunlay ozod qiladi. Shularning hammasi Xudoga shon–shuhrat keltiradi.
Shukrona ibodati
15 Rabbimiz Isoga boʻlgan imoningiz va Xudoning aziz xalqiga boʻlgan mehr–muhabbatingiz haqida eshitganimdan beri, 16 sizlar uchun ibodat qilganimda, tinmay Xudoga shukurlar aytaman. 17 Rabbimiz Iso Masihning Xudosi, ulugʻ Otamiz, Oʻzini tanib–bilishingiz uchun Muqaddas Ruh orqali sizga donolik va aql–idrok ato qilsin. 18 Xudo sizlarning qalbingizni nurga toʻldirsin, toki Xudo sizlarni daʼvat qilib, sizlarga qanday umid berganligini, Xudoning xalqi U uchun naqadar boy mulk ekanligini tushunib olinglar. 19 Xudoning biz — imonlilarga koʻrsatgan tengi yoʻq qudrati naqadar buyukligini ham bilib oling. Mana shu buyuk qudrati bilan 20 Xudo Masihni oʻlikdan tiriltirdi va samoda Uni Oʻzining oʻng tomoniga oʻtirgʻizdi . 21 Isoni Xudo u dunyoyu bu dunyodagi har bir hokimiyat va hukmronlik, har qanday kuch va saltanat, har bir mavjudotdan ustun qildi. 22 Butun borliqni Isoning oyoqlari ostiga tobe qildi. Uni butun borliqdan yuqori qoʻyib, imonlilar jamoatiga bosh qildi. 23 Imonlilar jamoati Masihning tanasidir. Borliqni har jihatdan butun qiladigan Masih jamoatni barkamol qiladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020