10–BOB
Iso oʻn ikki havoriyni xizmatga yuboradi
1 Iso Oʻzining oʻn ikki havoriysini yoniga chaqirib, ularga yovuz ruhlarni quvib chiqarish va har qanday dardu xastaliklarni sogʻaytirish qudratini berdi. 2 Bu oʻn ikki havoriyning ismlari quyidagichadir: birinchisi Butrus deb atalgan Shimoʻn, uning ukasi Endrus, Zabadiyoning oʻgʻillari Yoqub va Yuhanno, 3 Filip, Bartolomey, Toʻma, soliqchi Matto, Xalfey oʻgʻli Yoqub, Taddeyus , 4 vatanparvar Shimoʻn va Isoga xoinlik qilgan Yahudo Ishqariyot.
5 Iso oʻn ikki havoriyni joʻnatayotib, ularga quyidagicha koʻrsatmalar berdi: “Gʻayriyahudiylar yashaydigan joylarga oyoq bosmanglar, Samariyaliklarning shaharlariga kirmanglar. 6 Aksincha, adashgan qoʻylarga oʻxshagan Isroil xalqi oldiga boringlar. 7 Borganlaringizda: «Osmon Shohligi yaqinlashdi», deb eʼlon qilinglar. 8 Xastalarni sogʻaytiringlar, oʻliklarni tiriltiringlar, teri kasalligiga chalinganlarni poklanglar, jinlarni quvib chiqaringlar. Tekin oldingizlar, tekin beringlar. 9 Belbogʻlaringizga oltin, kumush, hatto mis chaqa ham qistirib olmanglar. 10 Yoʻlga toʻrva ham, qoʻshimcha kiyim ham, choriq ham, hassa ham olmanglar. Chunki mehnatkash oʻzining non–nasibasiga munosibdir.
11 Qaysi shahar yoki qishloqqa kirsangiz, u yerda oʻzingizga munosib odamni topib, ketguningizcha oʻsha odamning uyida turinglar. 12 Uyga kirganingizda: «Xonadoningizda tinchlik–omonlik boʻlsin», deb aytinglar. 13 Agar u munosib xonadon boʻlsa, siz tilagan tinchlik oʻsha xonadonda qoladi. Agarda nomunosib boʻlsa, tilagan tinchligingiz oʻzingizga qaytib keladi. 14 Agar kim sizni qabul qilmasa va soʻzlaringizga quloq solmasa, oʻsha uydan yoki shahardan chiqib ketayotganingizda oyoqlaringizdagi changni qoqib ketinglar . 15 Sizga chinini aytaman: qiyomat kunida oʻsha shaharning holi Sadoʻm va Gʻamoʻra shaharlarining holidan ham battar boʻladi.
Kelajakdagi mashaqqatlar
16 Men sizlarni boʻrilar orasiga qoʻylarday yuboryapman. Sizlar ilonday ziyrak, kaptarday oq koʻngil boʻlinglar. 17 Insonlardan ehtiyot boʻlinglar. Chunki ular sizlarni mahkamalarga topshirib, sinagogalarda kaltaklaydilar. 18 Men tufayli sizlarni hokimlar va shohlar huzuriga olib boradilar, sizlar esa ularga va gʻayriyahudiylarga Men haqimdagi Xushxabarni aytasizlar. 19 Sizlarni mahkamaga olib borishganda: «Qanday gapiramiz, nima aytamiz», deb xavotir olmanglar. Nima aytishingiz oʻsha vaqtda sizlarga bildiriladi. 20 Oʻshanda sizlar emas, balki Otangiz Xudoning Ruhi sizlar orqali gapiradi.
21 Aka ukasini, ota bolasini oʻlimga topshiradi. Bolalar oʻz ota–onalariga qarshi chiqib, ularni oʻldirtiradilar. 22 Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha bardosh bergan najot topadi. 23 Agar sizlarni bir shaharda quvgʻin qilsalar, boshqasiga qochib boringlar. Sizlarga chinini aytayin: sizlar Isroilning shaharlarini aylanib chiqishga ulgurmasingizdan, Inson Oʻgʻli keladi.
24 Shogird ustozidan ustun emas, qul ham oʻzining xoʻjayinidan ustun emas. 25 Shogird ustoziday, qul xoʻjayiniday boʻlsa kifoya. Agar uy egasini Baalzabul, yaʼni ins–jinslar hukmdori deb atagan boʻlishsa, uy ahlini undan battar nom bilan atashadi!
Qoʻrqish va qoʻrqmaslik haqida
26 Shunday boʻlsa–da, odamlardan qoʻrqmanglar! Axir, har qanday yashirin narsa maʼlum boʻladi, har qanday sir ochiladi. 27 Sizga qorongʻida gapirayotganlarimni yorugʻda aytinglar. Qulogʻingizga shivirlab aytganlarimni uylarning tomi ustidan baqirib, eʼlon qilinglar. 28 Tanani oʻldirib, jonni oʻldira olmaydiganlardan qoʻrqmanglar. Xudodan qoʻrqinglar! Chunki U jonni ham, tanani ham doʻzaxda halok etishga qodir. 29 Ikkita chumchuq bir tangaga sotiladi, shunday emasmi? Biroq bularning birontasi ham osmondagi Otangizning xohishisiz yerga tushmaydi. 30 Sizlarning esa hatto boshingizdagi har bir tola sochingiz sanalgan. 31 Shuning uchun qoʻrqmanglar, sizlar koʻplab chumchuqlardan qadrliroqsizlar.
Isoga loyiq boʻlish haqida
32 Kim Meni insonlar oldida tan olsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni tan olaman. 33 Ammo kim insonlar oldida Meni rad etsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni rad etaman.
34 Meni yer yuziga tinchlik olib kelgan, deb oʻylamanglar. Men tinchlik emas, qilich olib kelganman. 35 Oʻgʻilni otasidan, qizni onasidan, kelinni qaynanasidan ajratish uchun kelganman. 36 Insonning dushmanlari oʻz uyidagilari boʻladi . 37 Kimki otasini yoki onasini Mendan ortiq sevsa, Menga loyiq emas. Kimki oʻgʻlini yoki qizini Mendan ortiq sevsa, Menga loyiq emas. 38 Kimki oʻz xochini olib , ortimdan yurmasa, Menga loyiq emas. 39 Oʻz jonini ayamoqchi boʻlgan uni yoʻqotadi. Men uchun jonini bergan esa, uni asrab qoladi.
40 Sizni qabul qilgan odam Meni qabul qilgan boʻladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan boʻladi. 41 Kimki paygʻambarni paygʻambar boʻlgani uchun qabul qilsa, paygʻambarga munosib mukofotni oladi. Kimki solih odamni solih boʻlgani uchun qabul qilsa, solihga munosib mukofotni oladi. 42 Agar siz shogirdlarimning eng kichigiga u Mening shogirdim boʻlgani uchun bir piyola sovuq suv bersangiz, albatta mukofotingizni olasiz, deb sizga chinini aytaman.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020