20–BOB
Pavlus Makedoniya va Yunonistonda
1 Shovqin–suron bosilgach, Pavlus imonlilarni chaqirib, ularga dalda berdi. Keyin ular bilan xayrlashib, Makedoniyaga yoʻl oldi. 2 U oʻzi bosib oʻtgan hamma shaharlarda imonlilarga koʻp dalda berdi. Soʻng Yunonistonga borib, 3 u yerda uch oy turdi. U Suriyaga suzib ketmoqchi boʻlgan edi, yahudiylar unga qarshi fitna uyushtirayotganini bilib qoldi. Shuning uchun Makedoniya orqali qaytishga qaror qildi. 4 Veriyadan Pirus oʻgʻli Sopatrus, Salonikadan Aristarxus va Sekundus, Darbadan Gayus, Timoʻtiy, Asiya viloyatidan Tixikus va Trofimus Pavlusga hamroh boʻldilar. 5 Ular bizdan oldin ketib, Troasda bizni kutib turgan edilar. 6 Xamirturushsiz non bayramidan keyin biz Filippidan suzib ketdik. Besh kundan soʻng esa Troasda ular bilan uchrashib, u yerda yetti kun turdik.
Pavlusning Troasga oxirgi safari
7 Yakshanba kuni biz Rabbimiz Isoni xotirlab, non sindirish uchun yigʻildik. Pavlus odamlarga yarim kechasigacha gapirdi. Ertasi kuni u joʻnab ketishni rejalashtirgan edi. 8 Biz yigʻilgan boloxonada koʻp chiroqlar yonib turardi. 9 Evtixus degan bir yigit deraza raxida oʻtirgan edi. Pavlus gapini davom ettirar ekan, Evtixusni qattiq uyqu bosdi. Uyqu gʻolib kelib, Evtixus uchinchi qavatdan yerga yiqildi. Uni koʻtarganlarida, jon bergan edi. 10 Pavlus pastga tushdi, egilib, yigitni quchoqladi–da: “Xavotir olmanglar, u tirik”, dedi. 11 Soʻngra Pavlus yana boloxonaga qaytib chiqdi. Rabbimizni xotirlab, non sindirib, ovqatlandi. Ular bilan tong otguncha suhbatlashdi, keyin yoʻlga chiqdi. 12 Shu orada bu yigitni uyiga tirik olib bordilar, imonlilar bu voqeadan gʻoyat tasalli topdilar.
Troasdan Mitilinaga
13 Pavlus Assas shahriga quruqlik orqali ketishga qaror qildi. Qolganlarimiz esa undan oldin kemada suzib ketdik. Pavlus oʻsha shaharda kemaga chiqib, bizga qoʻshiladi, deb rejalashtirgan edik. Zotan, u bizga shunday qilishini aytgan edi. 14 Pavlus biz bilan Assasda uchrashgandan keyin, uni kemaga olib, Mitilina shahriga yoʻl oldik. 15 Biz u yerdan suzib, ertasi kuni Xios oroli yaqiniga yetib bordik. Keyingi kuni Samos oroliga, uning ertasiga Mileytus shahriga yetib bordik. 16 Pavlus Asiya viloyatida vaqtni yoʻqotmaslik uchun Efesni chetlab oʻtishga qaror qildi. Agar imkonini topsa, Hosil bayramida Quddusda boʻlishni juda istayotgan edi.
Efes oqsoqollariga Pavlus otashin nutq soʻzlaydi
17 Pavlus Mileytusdan Efesga xabar yuborib, imonlilar jamoatining oqsoqollariga: “Mening huzurimga kelsangizlar”, deb iltimos qildi. 18 Oqsoqollar Pavlusning huzuriga kelganlarida, u oqsoqollarga dedi: “Men Asiya viloyatiga kelgan birinchi kunimdan boshlab sizlarning orangizda qanday yashaganimni oʻzlaringiz bilasizlar. 19 Men koʻp koʻz yosh toʻkib, kamtarlik bilan Rabbimiz Isoga xizmat qildim. Yahudiylarning fitnalari dastidan kelgan sinovlarni boshdan kechirdim. 20 Oʻzlaringiz bilasizlar, men sizlarga biron foyda keltirishdan oʻzimni olib qochmadim. Balki uyma–uy yurib, taʼlim berdim, xalq oldida vaʼz qildim. 21 Men yahudiylarni ham, gʻayriyahudiylarni ham tavbaga chaqirdim. Xudoga yuz buringlar, Rabbimiz Isoga imon keltiringlar, deb ularga jiddiy nasihat qildim.
22 Endi esa Muqaddas Ruhning asiri boʻlib, Quddusga otlanyapman. U yerda menga nima boʻlishini bilmayman. 23 Ammo meni qamoq va quvgʻinlar kutayotgani toʻgʻrisida Muqaddas Ruh har bir shaharda ogohlantirib kelmoqda. 24 Lekin hayotim oʻzim uchun hech narsaga arzimaydi, deb hisoblayman. Men faqat vazifamni oxiriga yetkazishni va Rabbimiz Iso menga yuklagan ishni tugatishni istayman. Bu ish Xudoning inoyati toʻgʻrisidagi Xushxabarni eʼlon qilishdir.
25 Men oralaringizda boʻlib, Xudoning Shohligini vaʼz qildim. Endi shuni bilamanki, birontangiz ham mening yuzimni boshqa koʻrmaysizlar. 26 Shuning uchun bugun sizlarga shuni eʼlon qilaman: men birovning halokati uchun masʼul emasman. 27 Axir, men Xudoning hamma maqsadini sizlarga bayon qilishdan boʻyin tovlamadim. 28 Oʻzlaringizni ehtiyot qilinglar, suruvni ham ehtiyot qilinglar. Chunki Muqaddas Ruh ularni sizning qaramogʻingizga bergan. Xudoning jamoatiga choʻpon boʻlinglar. Xudo jamoatni Oʻz Oʻgʻlining qoni evaziga sotib olgan. 29 Bilaman, men ketganimdan keyin sizlarning orangizga yirtqich boʻrilar keladi, ular suruvga shafqat qilmaydi. 30 Hatto oʻz oralaringizdan baʼzi odamlar chiqib, imonlilarni ortidan ergashtirib, haqiqatni buzib gapiradilar. 31 Hushyor boʻlinglar! Mana shu uch yil davomida kechayu kunduz koʻz yosh toʻkib, har biringizga qilgan pand–nasihatlarimni yodingizda tutinglar.
32 Endi men sizlarni Xudoga va Uning marhamati haqidagi xabar panohiga topshirdim. Bu xabar sizlarga kuch–qudrat ato qilib, jamiki muqaddas qilinganlar orasida meros berishga qodirdir. 33 Men hech kimning kumushi yoki oltini, yo kiyimiga koʻz olaytirmadim. 34 Oʻzlaringiz bilasizlarki, oʻzimni va sheriklarimni taʼminlash uchun qoʻllarim bilan mehnat qildim. 35 Men sizlarga bu borada namuna boʻlib, zaiflarni qanday qoʻllab–quvvatlashimiz kerakligini koʻrsatdim. Rabbimiz Iso aytgan shu soʻzlarni eslaylik: «Olmoqdan koʻra, bermoq koʻproq marhamat keltiradi.»”
36 Pavlus gapini tugatgandan keyin, hamma bilan birga tiz choʻkib, ibodat qildi. 37 Hammalari yigʻlab, Pavlusni bagʻirlariga bosdilar, u bilan oʻpishib xayrlashdilar. 38 Pavlus: “Endi meni hech qachon koʻrmaysizlar”, deb aytgani uchun ular nihoyatda gʻamgin boʻlib qoldilar. Ular Pavlusni kemagacha kuzatib bordilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020