6–BOB
Egamiz Isroil xalqi bilan daʼvolashadi
1 Egamizning soʻzini eshiting:
“Qani, turing!
Togʻlar oldida ayting daʼvoingizni,
Qirlar eshitsin sizning ovozingizni.”
2 Ey togʻlar, Egamizning daʼvosiga quloq tuting,
Zaminning mangu poydevorlari , siz ham eshiting!
Egamiz Oʻz xalqi bilan daʼvolashadi,
Xalqi Isroil bilan U bahslashadi.
3 Egamiz demoqda:
“Ey xalqim, senga Men nima qildim?!
Senga tushdimi biror ogʻirligim?!
Qani, javob bergin–chi Menga!
4 Men sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan edim–ku,
U yerdagi qullikdan xalos etgan edim–ku.
Oldingizga yuborgandim yoʻlboshchilarni —
Muso, Horun va Maryamni.
5 Ey xalqim, nahot eslamasangiz
Moʻab shohi Boloqning yovuz niyatini,
Bavoʻr oʻgʻli Balomning unga bergan javobini?!
Shitimdan Gilgalga qilgan safaringizda ham
Nimalar yuz berganini bir eslang .
Bu voqealarni esga olsangiz,
Men, Egangiz, sizlarni qutqarmoqchi boʻlib,
Ne–ne ishlar qilganimni koʻrasiz!”
Xudoning talablari
6 Yuksalgan Xudoga sajda qilganimda,
Nima olib boray Egamizning huzuriga?!
Unga atab qurbonliklar kuydirsammikan?!
Bir yoshli buzoqlarni nazr qilsammikan?!
7 Unga atab minglab qoʻchqorlarni soʻysam,
Zaytun moyin daryo–daryo qilib oqizsam
Egamiz mendan mamnun boʻlarmikan?!
Itoatsizligim evaziga toʻngʻich oʻgʻlimni beraymi?!
Gunohim evaziga oʻz farzandimni qurbon qilaymi?!
8 Ey inson, nima yaxshi ekanligini
Egamiz senga ayon qildi.
Shudir Uning sendan qilgan talabi:
Adolatli ish tutgin,
Mehr–shafqat qilishdan zavq olgin,
Kamtar boʻlib, Xudoning yoʻlidan yurgin.
9 Xudodan qoʻrqish — donolik, axir!
Egamiz Quddus ahliga xitob qilar:
“Yaxshilab quloq soling!
Men sizlarni hademay jazolayman!
10 Ey fosiqlar, harom boyligingizga qanday koʻz yumay?!
Tarozidan urib yiqqan davlatingizni qanday unutay?!
Bunday boylikdan jirkanaman, axir!
11 Notoʻgʻri tarozini ishlatgan odamni qanday oqlayin?!
Soxta qadoq toshlardan foydalangan kishiga qanday chidayin?!
12 Ey Quddus boylari, sizlar zoʻravonlik qilyapsiz,
Ey shahar odamlari, sizlar aldayapsiz.
Yolgʻondan boshqani bilmas tillaringiz.
13 Shuning uchun Men sizlarga qaqshatqich zarba beraman,
Gunohlaringiz uchun sizlarni xarob qilaman.
14 Sizlar yeysiz, lekin toʻymaysiz,
Qorningiz doim och boʻladi.
Narsa yigʻasiz–u, saqlay olmaysiz,
Yiqqanlaringizni urushda nobud qilaman.
15 Siz ekasiz, ammo oʻrib olmaysiz.
Moy olasiz, ammo undan foydalanmaysiz.
Uzum ezasiz , ammo sharobidan ichmaysiz.
16 Axir, sizlar shoh Omrining odatlarini tashlamayapsiz.
Axab xonadonining barcha qilmishlariga taqlid qilyapsiz,
Ularning yoʻlini tutyapsiz.
Shuning uchun Men sizlarni xarob qilaman.
Sizni koʻrganlar sizlardan hazar qiladi,
Barcha xalqlar sizlarni haqorat etadi .”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020