2–BOB
Quddusdagi havoriylar Pavlusning ishlarini maʼqullaydi
1 Oʻn toʻrt yil oʻtgandan keyin, men Barnabo bilan birga yana Quddusga bordim . Titusni ham yonimga olgan edim. 2 Xudo menga bergan vahiyga binoan u yerga borgandim. Oʻsha yerdagi jamoatning eʼtiborli yetakchilari bilan alohida uchrashdim. Ularga gʻayriyahudiylar orasida oʻzim targʻib qilayotgan Xushxabarning mohiyatini bayon etdim. Buni oldin qilgan va hozir qilayotgan ishlarim behuda ketmasligi uchun qilgan edim. 3 Hatto hamrohim Titus, yunon boʻlishiga qaramay, sunnat qilinishga majbur etilmadi. 4 Ammo baʼzi soxta birodarlar bildirmaygina oramizga kirib olib, Iso Masih bizga ato etgan ozodlik haqida surishtirib koʻrdilar. Ularning maqsadi bizni yana qullarga aylantirish edi. 5 Biz esa, Xushxabarning haqiqati doimo sizlar bilan boʻlsin deb, ularga zarracha ham yon bermadik.
6 Eʼtiborli hisoblangan yetakchilar bilan uchrashganim haqida aytib oʻtdim. Ularning qanday martabaga egaligi menga baribir, zotan, Xudo insonlar orasida tarafkashlik qilmaydi. Endi ularga kelganda shuni aytay, ular mendan boshqa hech nima talab qilmadilar. 7 Aksincha, yahudiylarga Xushxabar yetkazish Butrusga buyurilganday, gʻayriyahudiylarga Xushxabar yetkazish menga buyurilganini ular tushunib yetdilar. 8 Axir, Butrusni yahudiylar orasida havoriylik faoliyatini koʻrsatishga tayinlagan Xudo meni ham gʻayriyahudiylar orasida xizmat qilishga tayinladi. 9 Shunday qilib, Xudo menga bu ish uchun alohida inoyat berganiga Yoqub , Butrus va Yuhanno ishonch hosil qildilar. Imonlilar jamoatining ustuni hisoblanmish bu havoriylar biz bilan qoʻl tashlashdi: men va Barnabo gʻayriyahudiylar orasida, ular esa yahudiylar orasida xizmat qilishga rozi boʻlishdi. 10 Ular bizdan, faqat kambagʻallarga gʻamxoʻrlik qilishni davom ettiringlar , deb iltimos qildilar. Shaxsan men anchadan beri bu haqda jon kuydirardim.
Pavlus Antioxiyada Butrusga tanbeh beradi
11 Butrus Antioxiya shahriga kelganda , uning notoʻgʻri ish tutayotganligini ochiqchasiga yuziga aytdim. 12 Chunki Quddusdan — Yoqubning oldidan baʼzi odamlar kelmasdan avval Butrus gʻayriyahudiylar bilan birga yeb–ichib yurgan edi. Ammo ular kelgandan keyin Butrus sunnat tarafdori boʻlganlardan xavotirlanib, oʻzini chetga oldi va gʻayriyahudiylar bilan birga bir dasturxonda oʻtirmaydigan boʻldi. 13 Shunda boshqa yahudiy masihiylar ham Butrusga oʻxshab ikkiyuzlamachilik qilishdi. Hatto Barnabo ham ularning ikkiyuzlamachiligi tufayli yoʻldan ozdi. 14 Men ularning Xushxabar haqiqati boʻyicha ish tutmayotganini koʻrib, hammaning oldida Butrusga shunday dedim: “Mana siz yahudiy boʻla turib, yahudiylar kabi emas, gʻayriyahudiylarday yashayapsiz. Shunday ekan, qanday qilib gʻayriyahudiylarni yahudiylar kabi yashashga majbur qila olasiz?”
Inson faqatgina Masihga boʻlgan imoni tufayli oqlanadi
15 Toʻgʻri, bizlar yahudiy naslidanmiz, gunohkor hisoblangan gʻayriyahudiylardan emasmiz. 16 Lekin shuni bilamizki, inson qonunga amal qilish bilan emas, balki Iso Masihga boʻlgan imoni orqali oqlanadi. Shuning uchun ham biz qonunga amal qilish bilan emas, Masihga boʻlgan imonimiz tufayli oqlanamiz deb, Iso Masihga ishondik. Axir, hech kim qonunga amal qilish bilan oqlanmaydi. 17 Mana, biz Masih orqali oqlanishga intilyapmiz, bu esa biz ham gʻayriyahudiylar qatori gunohkor ekanligimizni koʻrsatib turibdi. Bundan kelib chiqadiki, gunohkorligimizning sababchisi Masih ekan–da? Yoʻq, aslo! 18 Ammo men oʻzim qulatgan qonun–qoidalar binosini qaytadan qurishga kirishadigan boʻlsam, unda men yana qonunbuzar boʻlib qolaman . 19 Axir, qonunning oʻzi meni oʻlimga mahkum qildi. Endi men Xudo uchun yashay deb, qonun uchun oʻlganman . Men Masih bilan birga xochga mixlab qoʻyilganman. 20 Endi yashayotgan men emas, balki Masihdir. U mening hayotimni boshqaryapti. Hali tirik ekanman, Xudoning Oʻgʻliga boʻlgan imon bilan yashayman. Axir, U meni sevib, Oʻzini men uchun fido qilgan. 21 Men Xudoning inoyatini inkor qilmayman. Agar qonunga amal qilish bilan oqlanish mumkin boʻlganda edi, Masih behuda oʻlgan boʻlardi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020