32–BOB
Yeremiyo dala sotib oladi
1 Yahudo shohi Zidqiyo hukmronligining oʻninchi yilida Yeremiyoga Egamizning soʻzi ayon boʻldi. Oʻsha yili Bobil shohi Navuxadnazar hukmronligining oʻn sakkizinchi yili boʻlib, 2 ayni vaqtda u lashkarlari bilan Quddusni qamal qilib turgan edi. Yeremiyo esa Yahudo shohi saroyidagi soqchilar hovlisiga qamab qoʻyilgan edi. 3 Shoh Zidqiyoning oʻzi Yeremiyoni oʻsha yerga qamatib, shunday degan edi: “Nega sen oʻzingcha bashorat qilib yuribsan?! Axir, sen shunday deb aytyapsan: «Egamiz aytmoqda: Men bu shaharni Bobil shohining qoʻliga topshiraman, shahar taslim boʻladi. 4 Yahudo shohi Zidqiyo ham Bobilliklarning qoʻlidan qochib qutulolmaydi. U Bobil shohining qoʻliga topshiriladi. U shoh Navuxadnazarni oʻz koʻzi bilan koʻradi, Navuxadnazar u bilan yuzma–yuz gaplashadi. 5 Navuxadnazar Zidqiyoni Bobilga olib ketadi. Men Zidqiyoni jazolamagunimcha Zidqiyo oʻsha yerda qoladi, — deb aytmoqda Egamiz. — Agar Bobilliklarga qarshi jang qilsangizlar, magʻlub boʻlasizlar.»”
6 Yeremiyo shunday deb aytdi: “Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qilib dedi: 7 «Ey Yeremiyo, sening oldingga Shallum amakingning oʻgʻli Xanomil keladi. U senga: ‘Onotoʻtdagi dalamni sotib ol. Sen eng yaqin qarindoshim boʻlganing uchun dalamni sotib olish huquqiga egasan ’, deb aytadi.»
8 Keyin, xuddi Egamiz aytganidek, soqchilar hovlisiga amakivachcham Xanomil kirib keldi. U menga shunday dedi: «Benyamin hududida joylashgan Onotoʻtdagi dalamni sotib olsang, degan edim. Sen yaqin qarindoshim boʻlganing uchun dalamni oʻzingga mulk qilib olish huquqiga egasan. Dalamni sotib ola qol.» Shunda menga haqiqatan ham Egamiz gapirganini bildim.
9 Men amakivachcham Xanomildan Onotoʻtdagi dalani sotib olib, unga 43 misqol kumushni oʻlchab berdim. 10 Keyin vasiqaga qoʻl qoʻyib, uni muhrladim , hammasini guvohlar oldida qildim, kumushni tarozida oʻlchab berdim. 11 Soʻng muddat va shartlari bayon qilingan vasiqaning muhrlangan nusxasini, shuningdek, muhrlanmagan ochiq nusxani 12 Boruxga berdim. Borux Neriyoning oʻgʻli, Maxsiyoning nevarasi edi. Soqchilar hovlisida oʻtirgan hamma yahudiylar, vasiqaga qoʻl qoʻygan guvohlar va amakivachcham Xanomil buning shohidi boʻldilar. 13 Men ularning oldida Boruxga shunday dedim: 14 «Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: bu vasiqaning ikkala nusxasini, muhrlangan va ochiq nusxalarini olib, xumchaga solib qoʻy, toki ular uzoq yillar davomida saqlanib qolsin. 15 Zero, Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: bu yurtda odamlar yana uylar, dalalar va uzumzorlar sotib oladigan boʻlishadi.»
Yeremiyoning ibodati
16 Men vasiqani Neriyo oʻgʻli Boruxga berganimdan soʻng, Egamizga ibodat qildim:
17 Yo Egam Rabbiy! Sen Oʻz qudrating va ajoyibotlaring bilan yeru osmonni yaratding. Sening qoʻlingdan kelmaydigan narsa yoʻq. 18 Sen minglab avlodlarga Oʻzingning sodiq sevgingni koʻrsatasan, ammo otalarning gunohlari uchun bolalarni jazolaysan. Ey buyuk va qudratli Xudo! Sarvari Olamdir Sening noming. 19 Sen dono rejalar tuzib, buyuk ishlar qilasan. Foniy bandalar qilayotgan barcha ishlarni kuzatib turasan. Ularni qilmishiga yarasha jazolaysan, qilgan ishiga yarasha taqdirlaysan. 20 Sen Misrda yodda qoladigan alomatu moʻjizalar koʻrsatding. Hozirgi kunda ham Isroil va butun odamzod orasida Sening noming nihoyatda mashhur.
21 Alomatu moʻjizalaring, Oʻz qudratingu ajoyibotlaring, buyuk bir dahshating bilan Sen Oʻz xalqingni Misrdan olib chiqqan eding. 22 Ota–bobolariga vaʼda qilgan, sut va asal oqib yotgan yurtni ularga bergan eding. 23 Ular bu yurtga kelib, uni mulk qilib oldilar. Ammo Senga boʻysunmadilar, qonunlaringga rioya qilmadilar. Buyurgan amrlaringni bajarmadilar. Shu sababdan Sen bu falokatlarning hammasini ularning boshiga solding.
24 Ana endi Bobilliklar Quddusga hujum qilyaptilar. Quddusni qoʻlga kiritish uchun shahar devoriga qiyalatib tuproq uyyaptilar . Qirgʻin, ocharchilik va oʻlat dastidan shahar taslim boʻladi. Oʻzing koʻrib turganingdek, aytganlaringning bari bajo boʻlyapti. 25 Ey Egam Rabbiy, shahar Bobilliklarga taslim boʻlayotgan shunday bir paytda Sen menga: «Guvohlar oldida kumushga dala sotib ol», deding–a!”
26 Egamiz Yeremiyoga Oʻz soʻzini ayon qildi: 27 “Men Egangizman. Men barcha tirik jonning Xudosiman. Qoʻlimdan kelmaydigan ish yoʻq! 28 Shunday ekan, Men bu shaharni Bobilliklarga, Bobil shohi Navuxadnazarga taslim qilib beraman, — deb aytmoqda Egamiz. — Ular shaharni qoʻlga kiritadilar. 29 Sizlarga hujum qilib kelayotgan oʻsha Bobilliklar shaharga oʻt qoʻyadilar. Quddusdagi uylarni yondirib tashlaydilar! Axir, Quddus aholisi uylarining tomlari ustida Baalga qurbonliklar kuydirib, boshqa xudolarga sharob nazrlarini keltirib, Meni gʻazablantirdi.”
30 Egamiz shunday demoqda: “Isroil va Yahudo xalqlari yoshligidan beri oldimda faqat qabihlik qilishadi. Qachon qarasa, Isroil xalqi oʻz ishlari bilan Meni gʻazablantirib yuradi. 31 Bu shahar bino boʻlgandan buyon, to bugunga qadar, shahar aholisi Meni qattiq gʻazablantirib kelmoqda. Men ularni huzurimdan daf qilaman, 32 chunki Isroil va Yahudo xalqlari — shohlariyu aʼyonlari, ruhoniylariyu paygʻambarlari, Yahudo va Quddusda yashagan hamma odamlar qilgan yovuzliklari bilan jahlimni chiqardilar. 33 Ular Menga yuz burmay, orqa oʻgirdilar. Men ularni toʻgʻri yoʻlga solmoqchi boʻlib astoydil harakat qilgandim, ammo ular Menga quloq solmadilar, oʻzlariga saboq olmadilar. 34 Mening nomim bilan atalgan uyga jirkanch butlarini oʻrnatib, uyimni harom qildilar. 35 Xinnum soyligida Baalga sajdagohlar qurdilar. U yerda oʻgʻil–qizlarini Moʻlaxga qurbonlik qilib, olovda kuydirdilar . Men ularga bunday jirkanch ishni amr qilmaganman, bu hatto xayolimga ham kelmagan. Natijada bu qilmishlari tufayli Yahudo xalqi jazoga loyiq boʻldi.
Egamizning umidbaxsh vaʼdasi
36 Ey Yeremiyo, sen bu shahar haqida: «Quddus shahri qirgʻin, ocharchilik va oʻlat dastidan Bobil shohining qoʻliga topshiriladi», deb aytyapsan. Bu gaping toʻgʻri. Ammo Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz, aytamanki, 37 xalqimni qahr–gʻazab va qattiq jahl ustida turli yurtlarga tarqatib yuborganimdan keyin, ularni yigʻib olaman. Ularni yana mana shu yerga olib kelaman. Ular bu yerda osoyishta umr kechiradilar. 38 Ular Mening xalqim boʻladi, Men esa ularning Xudosi boʻlaman. 39 Ular Mendan har doim qoʻrqsin deb, ularni yakdil qilaman, hammasini hayotning bir maqsadi tomon yoʻnaltiraman. Shunda oʻzlariga ham, bolalariga ham yaxshi boʻladi. 40 Men ular bilan abadiy ahd tuzaman. Ularga doim yaxshilik qilishdan qochmayman. Mendan yuz oʻgirib ketmasliklari uchun ularning yuraklariga Mendan qoʻrqish hissini solib qoʻyaman. 41 Men ularga yaxshilik qilganimdan xursand boʻlaman, ularni jonu dilim bilan bu yurtda albatta mustahkam oʻrnashtiraman.”
42 Egamiz shunday demoqda: “Men bu xalqning boshiga katta falokatni qanday yogʻdirgan boʻlsam, vaʼda qilgan barcha ezguliklarimni ham ustilariga xuddi shunday yogʻdiraman. 43 Odamlar bu yurt haqida: «Ha, yurtimiz Bobilliklarga taslim boʻldi, odamlar va hayvonlarsiz huvullab qoldi», deb aytishyapti. Ammo shunday kun keladiki, bu yurtdagi dalalar yana sotiladigan boʻladi. 44 Odamlar bu dalalarni kumushga sotib oladilar, guvohlar oldida vasiqalarga qoʻl qoʻyib, muhr bosadilar. Bunday hodisa Benyamin hududida, Quddus atrofida, Yahudo shaharlarida, qirlarda, gʻarbdagi qir etaklarida va Nagav choʻlida sodir boʻladi. Axir, Men xalqimni yana farovonlikka erishtiraman .” Egamizning kalomi shudir.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020