8–BOB
Yaxshi yurt haqida
1 Bugun men sizlarga berayotgan amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar, shunda yashaysizlar, koʻpayasizlar. Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, beraman, deb vaʼda qilgan yurtga kirasizlar. Oʻsha yurtni mulk qilib olasizlar. 2 Egangiz Xudo qirq yil davomida sizni sahrodan olib yurdi, oʻsha uzoq safarni yodingizda tutinglar. Egamiz yuragingizda nima borligini, Uning amrlarini bajarishingizni yoki bajarmasligingizni bilishi uchun sizlarni qiyinchiliklarga duchor qilib, sinadi. 3 U sizlarni och qoldirdi, soʻng oʻzlaringiz koʻrmagan, ota–bobolaringiz ham koʻrmagan manna bilan qorningizni toʻydirdi. U sizlarga inson faqat non bilan emas, balki Egamizning ogʻzidan chiqqan har bir soʻz bilan hayot ekanini oʻrgatish uchun shunday qildi. 4 Mana shu qirq yil davomida kiyimlaringiz eskirib ketmadi, oyogʻingiz ham shishmadi. 5 Endi shuni bilinglarki, inson farzandini qanday tarbiyalasa, Egangiz Xudo ham sizlarni shunday tarbiyalaydi. 6 Egangiz Xudoning amrlariga rioya qilinglar. U koʻrsatgan yoʻldan yuringlar. Undan qoʻrqinglar. 7 U sizlarni hosildor yurtga olib boradi, u yerda irmoqlar, buloqlar, vodiy va qirlarda yer ostidan chiqadigan suvlar bor. 8 Bugʻdoy, arpa, uzum, anjir, anor, zaytun moyi va asal oʻsha yurtda moʻldir. 9 U yerda toʻyib non yeysizlar, hech narsaga muhtoj boʻlmaysizlar. U yer shunday bir yurtki, qoyalardan temir, qirlaridan mis chiqarasizlar. 10 Oʻsha yerda yeb toʻyganingizda, sizlarga bergan hosildor yurt uchun Egangiz Xudoni olqishlanglar.
Egamizni unutmaslik haqida ogohlantirish
11 Hushyor boʻlinglar, men bugun sizlarga aytayotgan Egamizning amrlarini, farmonlar va qonun–qoidalarini bajarmay qoʻymanglar. Egangiz Xudoni esingizdan chiqarmanglar. 12 Yeb toʻyganingizda, chiroyli uylar qurib joylashganingizda, 13 mol, qoʻylaringiz, oltin–kumushingiz va barcha mulkingiz koʻpayganda, 14 gerdayib ketmanglar. Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoni esingizdan chiqarmanglar. 15 U sizlarni zaharli ilonlar, chayonlarga toʻla oʻsha bahaybat va qoʻrqinchli sahrodan, suvsiz, taqir joylardan olib oʻtdi. U yerda sizlar uchun qoyadan suv chiqardi . 16 Ota–bobolaringiz bilmagan manna bilan sahroda qorningizni toʻygʻizdi. Oqibatda sizlarga yaxshilik keltirish uchun sizlarni qiyinchiliklarga duchor qilib, sinadi. 17 Xayolingizda: “Oʻz kuch–qudratim bilan mana shu boylikni topdim”, demanglar. 18 Ammo Egangiz Xudoni doimo yodingizda tutinglar. Zero, boylikni topishga kuch bergan Egangizdir. Shunday qilib, U ota–bobolaringiz bilan qasam ichib, qilgan ahdini bugun bajarmoqda. 19 Bugun men sizlarni jiddiy ogohlantiryapman. Agar Egangiz Xudoni unutib boshqa xudolarga ergashsangizlar, ularga xizmat qilib, sigʻinsangizlar, sizlar albatta yoʻq boʻlasizlar. 20 Egangiz Xudo boshqa xalqlarni oldingizdan yoʻq qilgani kabi, Uning amrlariga quloq solmaganingiz uchun sizlarni ham yoʻq qiladi.