26–BOB
Hosildan beriladigan nazrlar
1 Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtga kirib, u yerni egallab joylashganingizda, 2 hamma ekinlaringizning ilk hosilidan olib, savatga solinglar. Soʻng oʻshani Egangiz Xudo Oʻzi ulugʻlanishi uchun tanlaydigan joyga olib boringlar. 3 Xizmatda boʻlgan ruhoniyning oldiga borib, shunday deb aytinglar: “Egamiz ota–bobolarimizga qasam ichib beraman degan yurtga men kirdim. Bugun men shuni Egang Xudo oldida eʼtirof qilyapman.” 4 Ruhoniy savatni qoʻlingizdan olib, Egangiz Xudoning qurbongohi oldiga qoʻysin. 5 Sizlar Egangiz Xudoning huzurida shu gapni aytinglar: “Bobokalonimiz Yoqub koʻchmanchi bir Oramlik edi . Sanoqli odam bilan Misrga borib, u yerda musofir boʻlib yashadi. Undan buyuk, kuchli, koʻp sonli xalq kelib chiqdi. 6 Misrliklar bizni ogʻir ishlarga solib, ezib qiynadilar. 7 Shunda biz ota–bobolarimizning Xudosi — Egamizga yolvorgan edik, Egamiz iltijoimizni eshitdi. Biz chekayotgan azoblarni, qilayotgan ogʻir mehnatimizni, Misrliklar bizga qilayotgan zulmni koʻrdi. 8 Shundan keyin Egamiz qudratiyu ajoyibotlari bilan, buyuk, vahimali alomatu moʻjizalari bilan bizni Misrdan olib chiqdi. 9 Bizni mana shu joyga olib keldi, sut va asal oqib yotgan shu yurtni bizga berdi. 10 Endi, ey Egamiz, bizga bergan yerning ilk hosilini Senga olib keldik.”
Shundan keyin savatni Egangiz Xudo oldiga qoʻyib, Unga taʼzim qiling.
11 Egamiz Xudo sizga va oilangizga bergan moʻl–koʻllik tufayli shodlanib, bayram qilinglar. Levilar va orangizda yashagan musofirlar ham sizlar bilan bayram qilsin.
12 Sizlar uchinchi yilda, ushr berish yilida, barcha hosilingizning oʻndan bir qismini ajrating. Keyin oʻsha ushrni levilarga, musofirlarga, yetim va bevalarga bering, toki ular ham shaharlaringizda yeb toʻysin. 13 Soʻngra Egangiz Xudoga ayting: “Men uyimdan muqaddas ulushni ajratib oldim. Sening amringga koʻra, bu ulushni levilarga, musofirlarga, yetimlarga, bevalarga berdim. Sening amrlaringdan chiqmadim, hech qaysi amringni unutmadim. 14 Aza tutgan paytimda muqaddas ushrdan yemadim. Harom boʻlganimda unga tegmadim, biron qismini ham oʻliklar uchun atamadim. Ey Egam Xudo, Senga quloq soldim, menga bergan hamma amrlaringga rioya etdim. 15 Endi samodagi muqaddas makoningdan bizga boq! Ota–bobolarimizga ichgan qasamingga binoan, bizga, Isroil xalqingga, baraka ber. Oʻzing bizga bergan sut va asal oqib yotgan yurtga baraka ber.”
Egamizning Oʻz xalqi
16 Egangiz Xudo bugun sizlarga: “Mana shu farmonlar va qonun–qoidalarga rioya qilinglar”, deb buyuryapti. Bularni bitta qoldirmay, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan bajaringlar. 17 Bugun sizlar shunday deb aytdingiz: “Egamiz bizning Xudoyimiz, Uning yoʻlidan yuramiz, Uning farmonlariga, amrlariga, qonun–qoidalariga rioya qilamiz, Unga quloq solamiz.” 18 Egamiz sizlarga bergan vaʼdasiga koʻra, bugun sizlarni Oʻz xalqi, Oʻz xazinasi deb atadi. Uning barcha amrlariga rioya qilsangiz, 19 U sizlarni Oʻzi yaratgan barcha xalqlardan ustun qiladi. Sizlar maqtovlarga, shuhratu hurmatga erishasiz. Uning vaʼdasiga koʻra, Egangiz Xudoning muqaddas xalqi boʻlasiz.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020