6–BOB
Insoniyatning qabihligi
1 Yer yuzida insonlar borgan sari koʻpaya boshladi. Qizlar ham tugʻilgan edi. 2 Ilohiy zotlar , bu qizlar chiroyli ekan, deb yoqtirganlarini oʻzlariga xotin qilib olaverdilar. 3 Shunda Egamiz aytdi: “Men ato etgan Ruh insonlar bilan abadiy qolmaydi , chunki ular oʻladigan jonlardir . Kelgusida ular 120 yil umr koʻrsin.” 4 Oʻsha kunlarda, undan keyin ham bu olamda ulkan pahlavonlar yashadi. Ilohiy zotlar bilan ayol zotidan tugʻilgan bu pahlavonlar qadimgi davrning buyuk qahramonlari, mashhur jangchilari boʻlgan edilar.
5 Egamiz koʻrdiki, yer yuzida inson zoti qilayotgan qabihliklar juda ham koʻp ekan. Ularning koʻnglida faqat qabih niyat bor ekan. 6 Egamiz yer yuzida insonlarni yaratganidan pushaymon boʻldi, yurakdan afsuslandi. 7 Egamiz aytdi: “Oʻzim yaratgan inson zotini yer yuzidan qirib yuboraman. Men inson bilan birga hayvonlarni, sudralib yuruvchi jonivorlarni, hasharotlarni, qushlarni ham qiraman, ularni yaratganimdan pushaymon boʻlyapman.” 8 Faqat Nuh Egamizning marhamatiga sazovor boʻlgan edi.
Nuh
9 Nuhning nasl–nasabi tarixi quyidagichadir:

Oʻsha davrda yer yuzidagi solih, benuqson odam faqat Nuh boʻlib, Xudoga hamroh boʻlib yashardi. 10 Nuhning Som, Xom, Yofas degan uchta oʻgʻli bor edi.
11 Endilikda yer yuzi Xudoning oldida axloqsizlikka, zoʻravonlikka toʻlib–toshib ketgan edi. 12 Xudo koʻrdiki, olam buzilib ketgan, yer yuzidagi jamiki insoniyat yoʻldan ozgan edi. 13 Xudo Nuhga aytdi: “Men butun yer yuzidagi insonlarni qirib tashlashga qaror qildim. Chunki yer yuzi ularning dastidan zoʻravonlikka toʻlib–toshdi. Endi ularni butun yer bilan birga yoʻq qilmoqchiman. 14 Qattiq yogʻochdan oʻzingga kema yasa, kemaning ichida xonalar ham yasab, kemaning ichki va tashqi tomonini qora saqich bilan suvab chiq. 15 Kemaning uzunligi 300 tirsak, kengligi 50 tirsak, balandligi 30 tirsak boʻlsin. 16 Kemaning tomini yasaganingda, tom bilan kemaning devori oraligʻida bir tirsak ochiq joy qoldir . Eshigini kemaning yon tomonidan yasa. Kemani uch qavatli qilib yasa. 17 Men yer yuzini toʻfonga bostirib, tirik jonzotning hammasini qirib tashlayman. Yer yuzidagi jamiki mavjudot nobud boʻladi. 18 Sen bilan esa Men ahd qilaman. Sen kema ichiga kirasan, sen bilan birga oʻgʻillaring, xotining, kelinlaring ham kiradi. 19 Hayvonlarning har bir turidan bir juftdan — erkagi va urgʻochisidan kema ichiga oʻzing bilan olib kirasan, toki toʻfon paytida ular sen bilan birga tirik qolsin. 20 Qushlarning, hayvonlarning, sudralib yuruvchi jonivorlarning va hasharotlarning har bir turidan juft–juft qilib, oʻzing bilan olib kirasan, toki ular tirik qolsin. 21 Oʻzing bilan oziq–ovqatlarning har bir turidan gʻamlab ol. Oziq–ovqatlar oilang bilan barcha jonzotlarga yegulik boʻladi.” 22 Nuh hamma narsani Xudo amr etganday qildi.