18–BOB
Korinf shahrida
1 Shundan keyin Pavlus Afinadan ketib, Korinfga yoʻl oldi. 2 U yerda Pavlus Akil degan bir yahudiy bilan tanishdi. Akil Pontusda tugʻilgan boʻlib, xotini Priskilla bilan Italiyadan yaqinda kelgan ekan. Chunki Qaysar Klavdiy , hamma yahudiylar Rimdan chiqib ketsin, deb farmon bergan edi. Pavlus ularni koʻrgani bordi. 3 Ular hamkasb boʻlib, chodir tikuvchilik bilan shugʻullanganlari uchun, Pavlus ularnikida qolib, ishladi. 4 Har Shabbat kuni u sinagogada munozara oʻtkazib, yahudiylar va gʻayriyahudiylarni ishontirishga harakat qilardi.
5 Silas bilan Timoʻtiy Makedoniyadan kelganlaridan keyin, Pavlus butun vaqtini Iso haqidagi xabarni vaʼz qilishga bagʻishladi. U yahudiylarga Isoning Masih ekani toʻgʻrisida guvohlik berardi. 6 Yahudiylar esa Pavlusga qarshi chiqib, uni haqorat qildilar. Pavlus kiyimlaridan changni qoqdi–da : “Qoningiz oʻz gardaningizda qolsin, menda ayb yoʻq, hozirdan boshlab gʻayriyahudiylar orasiga ketganim boʻlsin”, dedi ularga. 7 Shunday qilib, Pavlus sinagogani tark etib, Titas Yustus degan bir odamning uyiga bordi. Titas Yustus ham xudojoʻy odam boʻlib, uning uyi sinagoganing yonginasida edi. 8 Sinagoganing qavmboshisi Krispus butun xonadoni bilan Rabbimiz Isoga imon keltirdi. Pavlusdan Xushxabar eshitgan Korinfliklarning koʻpchiligi ishonib, suvga choʻmdirildilar.
9 Bir kuni tunda Rabbimiz Iso vahiyda Pavlusga zohir boʻlib, dedi: “Qoʻrqma! Gapiraver, sukut saqlama! 10 Men sen bilan birgaman. Bu shahardagi koʻpchilik Mening odamlarim boʻlgani uchun hech kim senga zarar yetkaza olmaydi.” 11 Shunday qilib, Pavlus bu shaharda bir yilu olti oy turib, xalqqa Xudoning kalomidan taʼlim berdi.
12 Gallion Axaya viloyatiga hokimlik qilgan paytlarda , yahudiylar birgalashib Pavlusga qarshi chiqdilar va uni sudrab, mahkamaga olib keldilar.
13 Ular shunday dedilar:
— Mana bu odam qonunga qarshi yoʻllar bilan Xudoga sajda qilishga xalqni daʼvat qilyapti.
14 Pavlus endi gapirmoqchi boʻlib turgan edi, Gallion yahudiylarga shunday dedi:
— Ey yahudiylar! Agar daʼvoingiz yomon qilmish yoki ogʻir jinoyat masalasida boʻlganda edi, shikoyatlaringizni qabul qilishga sabab topgan boʻlardim. 15 Ammo bu daʼvolaringiz shunchaki ayrim soʻzlar, ismlar va oʻz qonuningiz borasida ekan, bularni oʻzlaringiz koʻrib chiqaveringlar. Men bu masalalarning hakami boʻlmayman.
16 Gallion yahudiylarni mahkamadan haydab chiqardi. 17 Shunda olomon sinagoga qavmboshisi Sostenisni tutib oldi–da, mahkamaning oldida uni kaltakladi. Ammo Gallion bularning birontasiga eʼtibor bermadi.
Pavlus qisqa muddatga Antioxiyaga qaytadi
18 Pavlus Korinfda imonlilar bilan uzoq vaqt turdi. Soʻng ular bilan xayrlashib, kemada Suriyaga suzib ketdi. Akil bilan Priskilla ham u bilan birga ketdilar. Pavlus Xudoga ont ichgani uchun Kenxreyadan suzib ketishdan oldin sochini oldirdi . 19-21 Ular Efesga yetib keldilar. Pavlus sinagogaga borib, yahudiylar bilan munozara oʻtkazdi. Odamlar Pavlusdan, biz bilan uzoqroq qoling, deb iltimos qildilar. Ammo Pavlus rozi boʻlmadi. Ketishidan oldin esa ularga: “Xudo xohish bildirsa , sizlarning oldingizga qaytib kelaman”, dedi. Shundan keyin Akil bilan Priskillani Efesda qoldirib, oʻzi kemada suzib ketdi.
22 Pavlus Qaysariyaga yetib kelgandan keyin, Quddusga bordi va imonlilar jamoati bilan koʻrishdi. Shundan soʻng Antioxiyaga ketdi. 23 U yerda maʼlum vaqt boʻlgach, yana yoʻlga chiqdi va Galatiya, Frigiya oʻlkalarini kezib, barcha imonlilarga dalda berdi.
Apollos
24 Shu paytda Apollos degan bir yahudiy Efesga keldi. U asli Iskandariyadan edi. U gapga chechan odam boʻlib, Muqaddas bitiklarni juda yaxshi bilardi. 25 U Rabbimiz Isoning yoʻlida taʼlim olgan boʻlib, otashin ruh bilan gapirardi. Iso haqida toʻgʻri taʼlim berardi. Suvga choʻmdirish haqida esa faqatgina Yahyoning taʼlimotini bilardi . 26 Apollos sinagogada jasorat bilan gapira boshladi. Priskilla bilan Akil Apollosning vaʼzini eshitganlaridan keyin, uni uyiga taklif qilib, Xudoning yoʻlini yanada aniqroq tushuntirib berdilar. 27 Apollos Axayaga borishga qaror qildi. Efesdagi imonlilar Axayadagi shogirdlarga, Apollosni yaxshi qabul qilsangizlar, deb maktub yozdilar. Apollos Axayaga kelgach, Xudoning inoyati bilan imonga kelganlarga katta yordam berdi. 28 Apollos, Muqaddas bitiklar asosida Isoning Masih ekanini isbot etib, qatʼiyat bilan yahudiylarning nohaqligini ochiqchasiga fosh qilardi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020