33–BOB
Xudo Hizqiyolni soqchi qilib tayinlaydi
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, xalqing oldiga borib shunday soʻzlarni ayt: «Bordi–yu, Men biron–bir yurtga qilich yubormoqchi boʻlsam, oʻsha yerdagi xalq oʻziga bir soqchini tayinlaydi. 3 Soqchi yaqinlashib kelayotgan yov qoʻshinlarini koʻrgach, burgʻu chalib bu haqda butun xalqni ogohlantiradi. 4 Bordi–yu, burgʻu ovozini eshitgan odamlar beparvolik qilib halok boʻlishsa, ularning qoni oʻz gardanida qoladi. 5 Ular burgʻu ovozini eshitib turib, unga eʼtibor bermaganlari uchun oʻz boshini oʻzlari yegan boʻladilar. Ular ogohlantirishga eʼtibor berganda, jonlarini saqlab qolishlari mumkin edi, axir! 6 Bordi–yu, soqchi yaqinlashib kelayotgan yov qoʻshinini koʻrib turib, burgʻu chalmasa, u xalqni ogohlantirmagan boʻladi. Halok boʻlgan odamlar oʻz gunohlari dastidan oʻladilar, biroq ularning oʻlimi uchun Men soqchini javobgar qilaman.»
7 Shu singari, ey inson, Men seni Isroil xalqi uchun bir soqchi qilib tayinladim. Sen ogʻzimdan chiqqan har bir soʻzimni xalqimga aytib, ularni ogohlantirasan. 8 Bordi–yu, Men fosiqqa: «Ey fosiq, sen oʻlasan», deb aytsam–u, sen esa unga gapirmasang, uni yomon yoʻldan qaytarish uchun ogohlantirmasang, oʻsha fosiq oʻz gunohi dastidan oʻladi, biroq uning oʻlimi uchun Men seni javobgar qilaman. 9 Bordi–yu, sen oʻsha fosiqni ogohlantirsang–u, u esa yomon yoʻlidan qaytmasa, u oʻz gunohi dastidan oʻladi, sen esa joningni saqlab qolgan boʻlasan.
Odamning shaxsiy masʼuliyatlari
10 Ey inson, Isroil xalqiga ayt: «Sizlar shunday deb aytasizlar: ‘Qilgan gunohlarimiz bizni bosib qoldi. Biz ado boʻlyapmiz. Bunday ahvolda yashab boʻladimi, axir?!’ 11 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, fosiqning halokatidan sevinmayman. Aksincha, fosiqlar yomon yoʻlidan qaytib, yashashini xohlayman. Ey Isroil, orqaga qayt! Yomon yoʻldan qayt! Nima uchun halok boʻlishing kerak?!»
12 Ey inson, xalqing oldiga borib ayt: «Agar solih odam yomon yoʻlga kirsa, qilgan savob ishlari uni qutqara olmaydi. Agar fosiq odam toʻgʻri yoʻlga kirsa, qilgan gunohlari uni halokatga yetaklamaydi. Gunohga qoʻl urgan solih odam esa jonini saqlab qololmaydi.» 13 Ey inson, bordi–yu, Men solih odamga hayot vaʼda qilsam–u, u odam esa solihligiga ishonib, gunohga qoʻl ursa, uning qilgan savob ishlari hisobga olinmaydi. Qilgan gunohi tufayli u oʻladi. 14 Bordi–yu, fosiq odamga: «Sen oʻlasan», deb aytsam–u, u odam esa yomon yoʻlidan qaytib toʻgʻri, adolatli ishlar qilsa, 15 garovga olgan narsani egasiga bersa, oʻgʻirlagan narsasini qaytarsa, yomonlikdan voz kechib, hayotbaxsh qonun–qoidalarga rioya qilsa, bunday odam albatta yashaydi, u oʻlmaydi. 16 Men uning qilgan birorta gunohini esga olmayman. Oʻsha odam toʻgʻri va adolatli ishlar qilgani uchun albatta yashaydi.
17 Ey inson, sening xalqing «Rabbiyning tutgan yoʻli nohaq–ku!» deb shikoyat qiladi. Aslida esa oʻzlarining yoʻllari nohaq. 18 Haq yoʻldan ozgan va gunohga qoʻl urgan solih kishi qilgan gunohi uchun halok boʻladi. 19 Yomon yoʻldan qaytib toʻgʻri, adolatli ishlar qilgan fosiq kishi esa qilgan toʻgʻri ishlari uchun jonini saqlab qoladi. 20 Ular esa: «Rabbiyning tutgan yoʻli nohaq–ku», deb aytadi. Ularga Mening shu soʻzlarimni ayt: «Ey Isroil xalqi, bilib qoʻy, Men hammangizni qilgan ishingizga yarasha hukm qilaman.»”
Quddusning qulashi haqidagi xabar
21 Surgun boʻlgan paytimizning oʻn ikkinchi yili oʻninchi oyining beshinchi kunida Quddusdan qochib kelgan bir odam oldimga kelib: “Quddus quladi”, deb aytdi. 22 Bundan bir kun avval, kechasi, Egamizning qudrati meni qamrab olgan edi. Ertalab qochoq kelmasdan oldin, Egamiz menga gapirish iqtidorini qaytarib bergan edi . Men yana tilga kirgan edim.
Xalqning gunohlari
23 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 24 “Ey inson, Isroilning xarob shaharlarida yashab yurgan odamlar shunday deb yurishibdi: «Ibrohim yolgʻiz oʻzi boʻla turib, butun yurtga egalik qilar edi. Biz esa koʻpchilikmiz. Bizning ham bu yurtga egalik qilishga haqimiz bor.» 25 Oʻsha odamlarga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar qoni chiqarilmagan goʻshtni tanovul qilasizlar , butlarga sigʻinib, qotillikka qoʻl urasizlar. Shunday ekan, bu yurtga egalik qilishga nima haqingiz bor?! 26 Sizlar faqat oʻz qilichingizga ishonyapsizlar! Jirkanch ishlar qilyapsizlar. Har biringiz qoʻshningizning xotinini bulgʻayapsizlar! Bu yurtga egalik qilishga nima haqingiz bor?!» 27 Ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, oʻsha xarob shaharlarda yashab yurgan odamlarning hammasi qilichdan halok boʻladilar. Bepoyon dalalarda boʻlganlarni yovvoyi hayvonlar gʻajib tashlaydi. Qalʼalarda va gʻorlarda boʻlganlar esa oʻlatdan nobud boʻladilar. 28 Men butun yurtni tashlandiq xarobazorga aylantiraman. Sizlarning magʻrur qudratingizga chek qoʻyaman. Isroil togʻlarida birorta tirik jon qolmaydi, u yerga odam oyoq bosmaydi. 29 Men sizlarni qilgan jirkanch ishlaringiz uchun jazolab, yurtni tashlandiq xarobazorga aylantirganimda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»
Hizqiyol voizligining natijasi
30 Ey inson, yurtdoshlaring shahar devorlari oldida hamda uy ostonalarida turib, seni gʻiybat qilishyapti. Ular bir–birlariga: «Qani yuringlar, Egamizdan kelgan xabarni bir eshitib koʻraylik–chi!» deyishadi. 31 Ular oldingga toʻdalashib kelishadi. Gaplaringni eshitib oʻtirishadi, lekin birontasi ham aytganlaringni qilmaydi. Ularning tilidan bol tomadi, ammo dilida oʻz foydasini koʻzlaydilar. 32 Ular uchun sen mohir bir sozanda, muhabbat haqida kuylagan xushovoz bir xonanda kabisan, xolos. Ular aytganlaringni eshitishadi–yu, ammo gapingga kirishmaydi. 33 Men senga aytgan barcha kulfatlar ularning boshiga tushadi. Shunda ular seni paygʻambar deb tan olishadi.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020