23–BOB
Iso Pilat huzurida
1 Butun Kengash aʼzolari turib, Isoni hokim Pilatning oldiga keltirdilar. 2 Ular Isoni ayblay boshladilar:
— Biz bu Odamni xalqimizni yoʻldan ozdirayotganda ushlab oldik. U, Qaysarga soliq toʻlamanglar, Men Masihman, yaʼni shohman, deb aytib yuribdi.
3 Pilat Isodan:
— Sen yahudiylarning shohimisan? — deb soʻradi.
— Siz shunaqa deysiz, — deb javob berdi Iso.
4 Shunda Pilat bosh ruhoniylarga va olomonga:
— Men bu Odamni ayblashga hech qanday sabab koʻrmayapman, — dedi. 5 Ammo ular qattiq turib oldilar:
— U Oʻz taʼlimoti bilan butun Yahudiyadagi odamlarni qoʻzgʻolonga daʼvat qilyapti. U bu qilmishini Jalilada boshlagandi, endi shu yerga ham yetib kelibdi.
6 Pilat bu gapni eshitib:
— Bu Odam Jalilalikmi? — deb soʻradi. 7 Iso Hirodning qoʻli ostidagi hududdan ekanini Pilat bilgach, Uni Hirod huzuriga joʻnatdi. Hirod oʻsha paytda Quddusda edi.
Iso Hirod oldida
8 Hirod Isoni koʻrib, juda xursand boʻlib ketdi. U anchadan buyon Isoni koʻrmoqchi boʻlib yurgan edi. Chunki Hirod Iso haqida eshitgan, Uning biron moʻjizasini koʻrsam degan niyatda edi. 9 Hirod Isoga koʻp savollar berdi, ammo Iso hech biriga javob qaytarmadi. 10 Shu yerda turgan bosh ruhoniylar bilan Tavrot tafsirchilari esa Uni shiddat bilan qoraladilar. 11 Shundan keyin Hirodning oʻzi ham askarlari bilan birga Isoni kamsitib masxaraladi. Unga shohona chopon kiydirib, Pilatning oldiga qaytarib yubordi. 12 Bir–biriga dushman boʻlgan Hirod bilan Pilat oʻsha kuni doʻstlashdilar.
Iso oʻlimga hukm qilinadi
13 Pilat bosh ruhoniylar, yoʻlboshchilar va xalqni chaqirib, 14 ularga dedi:
— Sizlar bu Odamni xalqni yoʻldan ozdirishda ayblab, oldimga olib keldingizlar. Men Uni sizlarning oldingizda tekshirib koʻrdim. Ammo sizlar Unga qoʻygan ayblardan birontasini men topmadim. 15 Hirod ham hech nima topolmagani uchun Uni bizning oldimizga qaytarib yubordi. Xullas, bu Odam oʻlimga loyiq biron ish qilmagan. 16-17 Shuning uchun men Uni kaltaklab, ozod qilib yuboraman .
18 Xaloyiq esa bir ogʻizdan:
— Unga oʻlim! Bizga Barabbasni ozod qiling! — deb baqira ketishdi.
19 Barabbas shaharda yuz bergan isyonda ishtirok etib, qotillik qilgan, shuning uchun zindonga tashlangan edi. 20 Pilat Isoni ozod qilmoqchi boʻlib, olomonga yana murojaat etdi. 21 Ammo olomon:
— Xochga mixlansin! Xochga mixlansin! — deb shovqin koʻtardi. 22 Pilat uchinchi marta ularga aytdi:
— Nimaga? U nima yomonlik qildi, axir?! Men Unda oʻlimga loyiq biror ayb topganim yoʻq. Shunday ekan, men Uni kaltaklab, ozod qilib yuboraman!
23 Biroq olomon ovozi boricha:
— Iso xochga mixlansin! — deb baqirib, talab qilaverdi. Nihoyat ularning baqir–chaqirlari ustun keldi. 24 Pilat ularning talabini bajarishga qaror qildi. 25 Olomonning istagiga koʻra, isyonda ishtirok etib, qotillik qilgani uchun zindonga tashlangan odamni Pilat ozod qildi, Isoni esa olomonning ixtiyoriga topshirdi.
Iso xochga mixlanadi
26 Rim askarlari Isoni olib ketdilar. Ular ketayotganlarida, Shimoʻn degan bir odamni uchratib qoldilar. Shimoʻn Kirineyalik boʻlib, daladan shaharga qaytib kelayotgan ekan. Askarlar uning yelkasiga xochni ortib, Isoning ketidan borishga majbur qildilar. 27 Bir talay olomon Isoning ortidan ergashib kelayotgan edi. Ularning orasida ayollar ham bor edi. Ayollar koʻksiga urib, Iso uchun faryod qilardilar.
28 Iso ayollarga qarab dedi:
— Men uchun yigʻlamanglar, ey Quddus qizlari! Oʻzlaringiz uchun, farzandlaringiz uchun yigʻlanglar. 29 Shunday kunlar keladiki: “Tugʻmagan, bola emizmagan, bepusht ayollar baxtlidir”, deb aytishadi. 30 Oʻshanda odamlar togʻlarga: “Ustimizga qulanglar!” deya baqirishadi. Qirlarga: “Bizni bosib qolinglar!” deb yolvorishadi . 31 Koʻkarib turgan daraxtga shunday qilsalar, qurigan daraxtni nima qilar ekanlar?!
32 Iso bilan birga ikki jinoyatchini ham qatl qilishga olib ketayotgan edilar. 33 Bosh suyagi degan joyga yetib kelganlaridan soʻng, askarlar Isoni xochga mixladilar. Iso bilan birga ikkita jinoyatchini ham mixladilar, ularning biri Isoning oʻng tomonida, biri chap tomonida edi. 34 Iso:
— Ey Ota! Ularni kechirgin, ular nima qilayotganini bilmaydilar, — dedi .
Askarlar qurʼa tashlab, Isoning kiyimlarini boʻlishib oldilar . 35 Olomon qarab turardi. Yahudiy yoʻlboshchilari esa Isoning ustidan kulib, shunday derdilar:
— U boshqalarni qutqarardi. Agar U Xudo tanlagan Masih boʻlsa, endi Oʻzini qutqarib koʻrsin–chi!
36 Askarlar ham Isoni masxaraladilar. Ular Isoga arzon sharob ichirgani yaqinlashib, 37 shunday dedilar:
— Agar Sen yahudiylarning Shohi boʻlsang, Oʻzingni Oʻzing qutqar–chi!
38 Isoning bosh tomonida: “Bu yahudiylarning Shohidir” degan yozuv bor edi .
39 Xochga mixlangan jinoyatchilardan biri Isoni haqoratlab dedi:
— Masih ekansan, Oʻzingni ham, bizni ham qutqarmaysanmi?!
40 Ikkinchi jinoyatchi esa bu sherigiga taʼna qildi:
— Xudodan qoʻrqmaysanmi?! Oʻzing ham shu Odam kabi jazoga mahkum boʻlgansan–ku! 41 Biz qilmishimizga yarasha adolatli jazo oldik. U esa hech qanday yomonlik qilgani yoʻq.
42 Keyin dedi:
— Ey Iso , taxtingizga oʻtirib, Shoh boʻlganingizda meni eslang!
43 Iso unga dedi:
— Senga chinini aytayin, bugunoq sen Men bilan birga jannatda boʻlasan.
Isoning oʻlimi
44-45 Tush payti edi. Kun qoraydi, soat uchga qadar hamma yoq zulmatga choʻmdi. Maʼbaddagi parda oʻrtasidan yirtildi. 46 Iso baland ovoz bilan faryod qildi:
— Ota! Ruhimni Sening qoʻllaringga topshiryapman .
Shunday dedi–da, jon berdi. 47 Voqeani koʻrib turgan Rim yuzboshisi Xudoni ulugʻlab:
— Haqiqatan ham, bu Odam solih ekan, — dedi.
48 Tomoshaga toʻplangan olomon sodir boʻlgan voqealarni koʻrib, qaygʻudan koʻksiga ura–ura uylariga qaytib ketdilar. 49 Isoni bilganlar esa, shu jumladan, Jaliladan Unga ergashib kelgan ayollar yuz bergan voqealarni uzoqdan kuzatib turardilar.
Iso dafn etiladi
50 Oliy kengash aʼzolari orasida Yusuf ismli yaxshi va solih bir kishi bor edi. 51 U Yahudiyadagi Arimateya shahridan boʻlib, Xudoning Shohligini intizorlik bilan kutardi. Yusuf Kengash aʼzolarining bu qarorini va qilgan ishini maʼqullamagan edi. 52 U Pilatning oldiga borib, Isoning jasadini soʻradi. 53 Yusuf jasadni xochdan tushirib olib, zigʻir matosi bilan kafanladi. Keyin jasadni qoyaga oʻyilgan qabrga qoʻydi. Bu qabrga hali hech kim qoʻyilmagan edi. 54 Bu kun Shabbat arafasi boʻlib, Shabbat kuni boshlanishiga oz qolgandi . 55 Jaliladan Iso bilan birga kelgan ayollar Yusufning orqasidan ergashib bordilar. Ular qabrni va Isoning jasadi qanday dafn qilinganini koʻrdilar. 56 Ular uylariga qaytib borib, jasadga surtish uchun xushboʻy moylar va atirlar tayyorladilar . Shabbat kuni esa, qonunda buyurilganday, dam oldilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020