18–BOB
Xudo Habashistonni jazolaydi
1 Holingga voy! Ey Habashiston daryolari ortidagi,
Qanotlar guvullashiga toʻlgan yurt!
2 Nil daryosi orqali xabarchilarini joʻnatadigan,
Dengiz orqali papirus kemalarini yuboradigan yurt!
Sening holingga voy!
Boringlar, ey chaqqon xabarchilar,
Baland boʻyli, terisi tiniq xalqqa,
Uzoqdan ham, yaqindan ham qoʻrqinchli boʻlgan elatga,
Kuchli, zabt etuvchi millatga,
Yurtida daryolari bor xalqqa.
3 Ey olam ahli, yurt xalqi!
Togʻlarda bayroq koʻtarilganda, koʻrasiz,
Burgʻu chalinganda, eshitasiz.
4 Mana, Egam menga shunday demoqda:
“Qoq tushda kuydiray degan yorqin quyosh nuri kabi,
Hosil mavsumida osmonni bosay degan qora bulut kabi,
Endi jim boʻlib, Oʻz maskanimdan kuzatib turaman.”
5 Hosil yigʻilmasdan oldin, gʻuncha ochilganda,
Uzum pishib yetilay deganda
Egam novdalarni tok qaychi ila kesadi,
Kurtaklarni esa uzib tashlaydi.
6 Ularning hammasi qolib ketadi
Togʻlardagi yirtqich qushlarga,
Dashtdagi yovvoyi hayvonlarga.
Ular yem boʻladi yozda yirtqich qushlarga,
Qishda yovvoyi hayvonlarga.
7 Oʻsha paytda hadyalar keltirar Sarvari Olamga
Baland boʻyli, terisi tiniq Habash xalqi,
Uzoqdagilar ham, yaqindagilar ham qoʻrqadigan xalq,
Kuchli, zabt etuvchi xalq,
Yurtida daryolari boʻlgan xalq.
Ha, bu xalq hadyalar keltirar Sion togʻiga
Sarvari Olamga atalgan joyga.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020