12–BOB
Ruhoniylar va levilar roʻyxati
1 Shaltiyol oʻgʻli Zarubabel va Yoshua bilan birga surgundan qaytib kelgan ruhoniylar hamda levilar quyidagilardir:
Ruhoniylar:
Sarayo, Yeremiyo, Ezra,
2 Emoriyo, Mallux, Xattush,
3 Shaxaniyo, Raxum, Miromoʻt,
4 Iddo, Ginaton , Abiyo,
5 Minyomin, Moʻvadiyo , Bildax,
6 Shamayo, Yoʻxariv, Yodayo,
7 Sallu, Omoq, Xilqiyo, Yodayo.
Bular Yoshua davridagi ruhoniylarning va ruhoniy hamkorlarining yetakchilari edilar.
8 Levilar:
Yeshuva, Binnuy, Kadmil, Sharaviyo, Yahudo va Mattaniyo.
Mattaniyo va uning hamkorlari shukrona madhiyasini kuylaydiganlar uchun masʼul edilar. 9 Bobuhyo, Unno va ularning hamkorlari madhiyaning joʻr boʻlib aytilishi uchun masʼul edilar.
Oliy ruhoniy Yoshuaning avlodlari
10 Yoshua — Yoʻyiqimning otasi, Yoʻyiqim — Eliashabning otasi, Eliashab — Yoʻxadaxning otasi, 11 Yoʻxadax — Yoʻxanonning otasi, Yoʻxanon Yodduvaning otasi edi.
Ruhoniy urugʻboshilari
12 Oliy ruhoniy Yoʻyiqim davrida quyidagi ruhoniylar urugʻboshilar edilar:
Sarayo urugʻidan — Moriyo.
Yeremiyo urugʻidan — Xanoniyo.
13 Ezra urugʻidan — Mashullom.
Emoriyo urugʻidan — Yohuxanon.
14 Mallux urugʻidan — Yoʻnatan.
Shaxaniyo urugʻidan — Yusuf.
15 Xarim urugʻidan — Adna.
Miromoʻt urugʻidan — Xalkay.
16 Iddo urugʻidan — Zakariyo.
Ginaton urugʻidan — Mashullom.
17 Abiyo urugʻidan — Zikri.
Minyomin urugʻidan ham bir urugʻboshi bor edi.
Moʻvadiyo urugʻidan — Piltay.
18 Bildax urugʻidan — Shammuva.
Shamayo urugʻidan — Yoʻnatan.
19 Yoʻxariv urugʻidan — Mattanay.
Yodayo urugʻidan — Uzzi.
20 Sallu urugʻidan — Kalloy.
Omoq urugʻidan — Ibir.
21 Xilqiyo urugʻidan — Xashaviyo.
Yodayo urugʻidan — Natanil.
Levilar urugʻboshilari
22 Oliy ruhoniylar Eliashab, Yoʻxadax, Yoʻxanon va Yodduva davrlarida levilar roʻyxatda oʻz urugʻboshilari nomi bilan qayd etilganlar. Fors shohi Doro hukmronligi davrida esa roʻyxatga olishning bunday usuli ruhoniylarga nisbatan qoʻllanilgan edi. 23 Oliy ruhoniy Eliashab nevarasi Yoʻxanon davrigacha “Tarix kitobi”dagi roʻyxatlarda levilar oʻz urugʻboshilari nomlari boʻyicha yozilganlar.
24-25 Quyidagilar levilarning urugʻboshilari edilar:
Xashaviyo, Sharaviyo, Yeshuva, Binnuy, Kadmil va ularning hamkorlari Mattaniyo, Bobuhyo va Obodiyo. Xudoning odami Dovud bergan farmonga koʻra, ular Xudoga hamdu sano va shukrona aytayotganlarida, ikki guruhga boʻlinib, bir–birlariga roʻparama–roʻpara turib, kuylar edilar.
Mashullom, Talmoʻn va Oqquv Maʼbad darvozabonlari edilar. Ular Egamizning uyi darvozalari yonidagi omborxonalarni qoʻriqlar edilar.
26 Bu odamlar oliy ruhoniy Yoʻyiqim, hokim Naximiyo, ruhoniy hamda tafsirchi Ezraning zamondoshlari edilar. Oliy ruhoniy Yoʻyiqim — Yoshuaning oʻgʻli, Yohuzadaxning nabirasi edi.
Naximiyo shahar devorini Xudoga bagʻishlaydi
27 Quddusning yangi devori Xudoga bagʻishlanayotganda Yahudo yurtidagi hamma levilar chaqirildi. Ular xursandchilik paytida shukrona qoʻshiqlar kuylab, zil, arfa, chang chalib, marosimda ishtirok etishlari kerak edilar. 28-29 Levi qoʻshiqchilari Quddus atrofidagi qishloqlardan yigʻilib keldilar. Quddus atrofidagi oʻsha qishloqlarni levilar oʻzlari uchun qurgan edilar. Natufo, Bayt–Gilgal, Gebo va Ozmobit shaharlarining atrofidagi qishloqlarda yashaydigan levilar ham yigʻilib keldilar. 30 Ruhoniylar va levilar oʻzlarini pokladilar, soʻngra xalqni, Quddus darvozalarini va devorini pokladilar.
31 Keyin men Yahudo yoʻlboshchilarini devor ustiga chiqardim. Xudoga shukrona aytadigan ikkita katta guruh qoʻshiqchilarni tayinladim. Qoʻshiqchilarning bir guruhi devor ustida janubga — Goʻng darvozasi tomonga tantana bilan yurdi. 32 Hoʻshayyo Yahudo yoʻlboshchilarining yarmini ergashtirib, birinchi guruh qoʻshiqchilarning orqasidan bordi. 33-35 Ularning orqasidan esa quyidagi ruhoniylar karnaylar chalib bordilar: Ozariyo, Ezra, Mashullom, Yahudo, Benyamin, Shamayo va Yeremiyo. Ularning ketidan Yoʻnatan oʻgʻli Zakariyo bordi. Zakariyoning nasabnomasi quyidagicha edi: Yoʻnatan — Shamayoning oʻgʻli, Shamayo — Mattaniyoning oʻgʻli, Mattaniyo — Mixiyoning oʻgʻli, Mixiyo — Zakkurning oʻgʻli, Zakkur Osaf naslidan edi. 36 Zakariyoning yonida uning hamkorlari — Shamayo, Ozariyol, Milalay, Jilalay, May, Natanil, Yahudo, Xoninni bor edilar. Ular Xudoning odami shoh Dovudning koʻrsatmasiga binoan musiqa asboblarini koʻtarib borardilar. Tafsirchi Ezra birinchi guruh qoʻshiqchilarining orqasidan borayotganlarni boshlab bordi. 37 Ular Buloq darvozasidan Dovud qalʼasiga olib boradigan zinapoya orqali toʻgʻriga yurdilar. Dovudning saroyidan oʻtib, sharq tomondagi Suv darvozasiga ketdilar.
38 Xudoga shukrona aytayotgan ikkinchi guruh qoʻshiqchilar devorning ustida shimol tomonga ketdilar. Men Yahudo yoʻlboshchilarining yarmini boshlab, ikkinchi guruh qoʻshiqchilarning ortidan ketdim. Biz Tandir darvozasidan, Keng devoridan, 39 Efrayim darvozasidan, Yashono darvozasidan , Baliq darvozasidan, Xanonil minorasidan, Yuz minorasidan va Qoʻy darvozasidan oʻtdik. Nihoyat, Qoʻriqchi darvozasi yonidagi manzilga yetib bordik. 40 Shunday qilib, Xudoga shukrona aytgan ikkala guruh Xudoning uyi oldida toʻxtadi.
Yonimdagi yoʻlboshchilar bilan birga, 41 quyidagi ruhoniylar ham karnay chalib, ikkinchi guruh qoʻshiqchilar ortidan yurdilar: Eliyaqim, Masiyo, Minyomin, Mixiyo, Eliyoʻnay, Zakariyo va Xanoniyo. 42 Ularning ketidan Masiyo, Shamayo, Elazar, Uzzi, Yohuxanon, Malkiyo, Elam va Eyzar borgandilar. Qoʻshiqchilar oʻzlarining yoʻlboshchisi Yizraxiyo boshchiligida kuylagandilar.
43 Oʻsha kuni xalq koʻp qurbonliklar keltirib, xursandchilik qilishdi, chunki Xudo ularga koʻp shod–xurramlik ato qilgan edi. Ayollar va bolalar ham xursand edilar. Quddusdagi shodlik sadolari uzoqlardan eshitilib turardi.
Maʼbaddagi xizmatchilar uchun nazr va ushrlar
44 Oʻsha kuni Maʼbaddagi omborxonalar ustidan odamlar tayinlandi. Omborxonalarda hadyalar, birinchi hosildan keltirilgan nazrlar va ushrlar saqlanar edi. Tayinlangan odamlar, qonunga koʻra, shaharlar atrofidagi dalalardan ruhoniylar va levilar uchun ushrlarni yigʻib, omborxonalarga olib kelishlari kerak edi. Chunki Yahudo xalqi ruhoniylar va levilarning xizmatini qadrlar edi. 45 Ruhoniylar, levilar poklash marosimlarini va Xudo tayin etgan boshqa marosimlarni bajarar edilar. Qoʻshiqchilar va darvozabonlar ham, ular qatorida, shoh Dovud va uning oʻgʻli Sulaymondan qolgan farmonga muvofiq, Maʼbadda xizmat qilar edilar. 46 Darvoqe, qoʻshiqchilarga boshlovchi tayinlab, Xudoga hamdu sano va shukronalar aytish odati azaldan — Dovud va Osif davridan boshlangan edi. 47 Zarubabel davrida ham, Naximiyo davrida ham butun Isroil xalqi qoʻshiqchilar va Maʼbad darvozabonlari uchun kundalik ulushlarni berardi. Ular levilar uchun ham ulush ajratishardi, levilar esa ruhoniylarning ulushini ajratib berishar edi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020