36–BOB
1 Elixu gapida davom etib shunday dedi:

2 “Yana bir oz sabr qiling, men sizlarga koʻrsatay,
Xudo tomonida turib gapiradigan gaplarim bor hali.
3 Mening bilimim juda koʻp,
Meni yaratgan Xudo odil ekanligini sizlarga koʻrsataman.
4 Rostini aytaman, soʻzlarim yolgʻon emas.
Mana men, bilimi barkamol inson, sizning oldingizdaman.

5 Xudo qudratlidir,
Ammo U insonlardan nafratlanmaydi,
Xudo qudratli va barqarordir.
6 Fosiqlarning yashashiga Xudo yoʻl qoʻymaydi,
Ezilganlarga esa adolat qiladi.
7 Solihlardan yuz oʻgirmaydi,
Solihlarni shohlar bilan birga taxtga chiqaradi,
Ularni to abad yuksaltiradi.
8 Agar insonlar zanjirband boʻlsa,
Azob ularni iskanjaga olgan boʻlsa,
9 Xudo ularning qilmishlariniyu gunohlarini oʻzlariga koʻrsatadi,
Ular magʻrurlanib ketganlarini oshkor qiladi.
10 Yoʻl–yoʻriqlarini tinglashga majbur qiladi,
Yovuzlikdan qaytishga amr qiladi.
11 Agar ular itoat etib, Xudoga xizmat qilsalar,
Qolgan umrlarini farovonlikda oʻtkazadilar,
Hayotlari rohatda oʻtadi.
12 Ammo itoat etmasalar,
Ular oʻlim daryosiga gʻarq boʻladilar ,
Aql–idrokka erishmay, olamdan oʻtadilar.

13 Xudosizlar alamini ichiga yutib yuraveradilar,
Xudo ularni kishanlasa ham yordam soʻramaydilar.
14 Ular sajdagohlardagi fohishlar orasida,
Yoshliklaridayoq vafot etadilar.
15 Xudo qiynalganlarni oʻsha azoblari orqali qutqaradi,
Zulm va jabr–jafoga mubtalo qilib, ularning koʻzlarini ochadi.
16 Xudo sizni ham darddan ozod qilib,
Bepoyon kenglikka olib chiqadi,
Dasturxoningiz noz–neʼmatga toʻladi.

17 Ammo siz hozir fosiqlarni hukm qilish bilan ovorasiz.
Xayolingiz adolat va hukm bilan band.
18 Ehtiyot boʻling, yana birov sizni boylik bilan vasvasaga solmasin,
Katta poralar sizni yoʻldan urmasin.
19 Boyliklaringiz sizni kulfatdan qutqara olarmidi?!
Qudratu kuchingiz endi sizga yordam bera olarmidi?!
20 Tunni kutavermang ,
Axir, xalqlar kechasi yoʻq boʻlib ketadilar–ku!
21 Hushyor boʻling! Fosiqlikka yuz burmang,
Axir, dard sizni fosiqlikdan saqlash uchun yuborilgan–ku.
Elixu Ayubga Xudoning qudratini eslatadi
22 Xudo Oʻz qudrati tufayli yuksakdir!
Unga oʻxshash ustoz bormi?
23 Kim Xudoga yoʻl koʻrsata olardi?!
Kim Unga: «Qilganlaring notoʻgʻri», deya oladi?!

24 Xudo qilgan ishlari uchun
Insonlar Uni madh qiladilar,
Siz ham doimo ularga joʻr boʻling.
25 Butun inson zoti Uning ishlarini koʻrgan,
Hamma uzoqdan turib kuzatadi.
26 Xudo qanchalar buyuk!
Uning buyukligiga aqlimiz yetmaydi,
Xudoning umrini hisoblaydigan sonning oʻzi yoʻq.
27 U suv tomchilarini yigʻib,
Ularni yomgʻirga aylantiradi.
28 Bulutlardan yomgʻir yogʻdiradi,
Odamzod bundan bahramand boʻladi.
29 Xudo qanday qilib bulutlarni yurgizishini
Yoki Oʻz maskanidan turib, momaqaldiroqni qanday gumburlatishini
Kim ham tushuna oladi?
30 Mana, qaranglar, Xudo shunday chaqmoq chaqtiradiki,
Hatto dengiz tubi ham yorishib ketadi .
31 Xudo Oʻz qudratli ishlari bilan xalqlarni boshqaradi,
Ularga farovonlik ato qiladi.
32 Chaqmoqni qoʻliga olib,
Belgilagan joyiga borib urishni amr qiladi.
33 Boʻron kelayotganini momaqaldiroq bildirib turadi,
Hatto chorva ham oldindan sezadi .