19–BOB
Hasrat qoʻshigʻi
1 Egamiz menga Isroilning ikki shahzodasi uchun mana shu marsiyani aytishimni buyurdi:
2 “Sening onang qoʻrqmas bir sher edi!
U sherlar orasida oʻrnashdi,
Yosh sherlar orasida bolalarini oʻstirdi.
3 Bitta bolasi kuchli bir sher boʻldi.
U ov qilishni oʻrgandi,
Odamxoʻrlik qila boshladi.
4 Buni xalqlar eshitdilar,
Sherni oʻzlarining tuzogʻiga tushirdilar.
Uni zanjirband qilib,
Misrga olib ketdilar.
5 Ona sher umidi puchga chiqqanini koʻrdi,
Orzusi ushalmaganini bildi.
Shunda boshqa bolasini oʻstirdi,
Uni kuchli bir sher qildi.
6 U katta boʻlgach,
Boshqa sherlar ila izgʻiydigan boʻldi.
Ov qilishni oʻrgandi,
Odamxoʻrlik qila boshladi.
7 Qalʼalarini buzar edi ,
Shaharlarini vayron qilardi.
Yurt va uning butun aholisi
U oʻkirganda dahshatga tushardi.
8 Atrofdagi hududlardan xalqlar
Unga hujum qildilar.
Ustiga toʻr tashlab,
Tuzogʻiga tushirdilar.
9 Zanjirband qilib, qafasga soldilar,
Bobil shohi huzuriga olib bordilar.
Isroil togʻlarida uning tovushi
Boshqa eshitilmasin deya,
Uni zindonga tashladilar.
10 Sening onang uzumzordagi tokday edi,
Ariq boʻyiga oʻtqazilgan edi.
Suvga miriqqanidan
Sernovdayu serhosil edi.
11 Baquvvat novdalari
Saltanat hassalariga aylandi.
Qalin shox–shabbadan ham baland koʻtarildi.
Balandligi, serbargligi bilan
Koʻzga tashlanib turar edi.
12 Ammo gʻazab ichra tok sugʻurib tashlandi,
Yerga uloqtirib yuborildi.
Sharqdan esgan shamol hosilini quritdi,
Baquvvat novdalari sinib quridi.
Hammasini olov yamlab yubordi.
13 Endi bu tok sahroga oʻtqazilgan.
Ha, suvsagan, qaqroq choʻlga ekilgan.
14 Uning poyasidan olov chiqdi,
Novdalaru mevalarini kuydirib yubordi.
Bironta baquvvat novdasi qolmadi,
Saltanat hassasiga yaramaydigan boʻldi.”
Bu marsiya qoʻshigʻidir, u motam ohangida kuylanadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020