11–BOB
Zoʻfar gapiradi: u Ayubning jazoga loyiqligini taʼkidlaydi
1 Keyin Namaxlik Zoʻfar shunday dedi:
2 “Shuncha koʻp gap javobsiz qolaveradimi?
Koʻp gapirgan inson oqlanar ekanmi?
3 Bekorchi gaplaring boshqalarning ovozini oʻchirib qoʻydimi?
Nahotki mazax qilib aytgan gaplaring uchun hech kim seni uyaltirmasa?
4 Sen: «Men haqman, bunga ishonchim komil,
Oʻzim ham Xudoning nazarida pokman», deb aytasan.
5 Qani endi, Xudo gapirsa,
Uning Oʻzi senga qarshi ogʻiz ochsa edi.
6 Qani endi, U senga donolikning sirlarini bildirsa edi.
Axir, haqiqiy donolik koʻp qirrali–ku!
Bilib qoʻy, Xudo seni oʻz gunohlaringga yarasha jazolagani yoʻq,
Jazoni ancha kam beryapti.
7 Xoʻsh, Xudoning sirlarini anglay olasanmi?!
Qodir Xudoning komilligini bila olasanmi?!
8 Xudoning donoligi osmondan ham yuksakdir,
Sen nima qila olarding?!
Xudoning donoligi oʻliklar diyoridan ham chuqurroqdir,
Sen nimani bila olarding?!
9 Uning oʻlchami yer tevaragidan ham uzunroq,
Dengizdan ham kengroqdir.
10 Xudo kelib, seni qamoqqa tashlasa,
Yoki hammani hukmga yigʻsa,
Kim Uni toʻxtata olardi?
11 Albatta U yolgʻonchilarni biladi,
Yovuzlikni koʻrganda, eʼtiborga oladi–ku!
12 Asov eshakdan odam tugʻilmaganday,
Nodon ham donolikka erisha olmaydi.
13 Oʻz yuragingni Xudoga bagʻishla,
Ibodat qilib, qoʻllaringni U tomon choʻzgin.
14 Qoʻllaring gunohdan bulgʻangan boʻlsa, poklagin,
Chodiringda yovuzlikka joy bermagin.
15 Shunda sen uyalmasdan boshingni tik koʻtarib yurasan.
Qoʻrquvdan xoli boʻlib, barqaror turasan.
16 Qaygʻularingni esdan chiqarasan,
Ular oqib ketgan suvlarday boʻlib qoladi.
17 Hayoting kunduzgi nurday yorugʻ boʻladi,
Har qanday zulmat tongday boʻlib qoladi.
18 Umiding borligi uchun ishonching komil boʻladi,
Atrofingda himoyang boʻlib, tinchlikda orom olasan.
19 Yotganingda hech kimdan qoʻrqmaydigan boʻlasan,
Hamma sendan marhamat istab keladi.
20 Fosiqlarning koʻz nuri soʻnadi,
Ular qochishga yoʻl topolmaydilar,
Oʻlib qutulamiz, deb umid qiladilar.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020