16–BOB
Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayrami
1 Abib oyida Egangiz Xudoning Fisih ziyofatini nishonlanglar. Egangiz Xudo sizlarni Misrdan Abib oyida tunda olib chiqqan. 2 Egamiz Oʻzi ulugʻlanishi uchun tanlaydigan joyga boringlar, mol va qoʻylaringizdan Egangiz Xudoga Fisih qurbonligini keltiringlar. 3 Qurbonlik goʻshtiga xamirturushli non qoʻshib yemanglar. Sizlar Misrdan shoshilinch chiqib ketganingizda xamirturushsiz non yegan edingizlar, shuning uchun yetti kun davomida xamirturushsiz non yenglar . Bu nonni mashaqqatli kunlarda yeyiladigan non deb atashadi. Oʻsha nonni yenglar, shunda Misrdan chiqqan kuningizni bir umr yodingizda tutasizlar. 4 Yetti kun davomida yurtingizning biror joyida xamirturush boʻlmasin. Bayramning birinchi kuni kechqurun keltirgan qurbonligingiz goʻshtidan ertalabgacha hech nima qolmasin.
5 Egangiz Xudo sizlarga berayotgan shaharlarning birontasida Fisih qurbonligini keltirish mumkin emas. 6 Fisih qurbonligini faqatgina Egangiz Oʻzi ulugʻlanishi uchun tanlaydigan joyda keltiringlar. Buni quyosh botadigan paytda, sizlar Misrdan chiqqan soatlarda qilinglar. 7 Egangiz Xudo tanlaydigan joyda qurbonligingizni pishirib yeb, ertalab chodirlaringizga qaytib ketaveringlar. 8 Keyingi olti kun davomida xamirturushsiz non yenglar. Yettinchi kun Egangiz Xudoga bagʻishlangan muqaddas yigʻin boʻladi. Shu kuni hech qanday ish qilmanglar.
Hosil bayrami
9 Hosilga oʻroq solingan kundan boshlab yetti haftani sananglar. 10 Keyin Egangiz Xudo bergan barakaga yarasha koʻngildan chiqarib nazr qilinglar. Egangiz Xudo uchun Hosil bayramini nishonlanglar. 11 Oʻzlaringiz, oʻgʻillaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, choʻrilaringiz, shahringizdagi levilar, orangizdagi musofirlar, yetim va bevalar bilan birga Egangiz Xudo oldida xursandchilik qilinglar. Bularni Egangizning Oʻzi ulugʻlanishi uchun tanlaydigan joyda oʻtkazinglar. 12 Misrda qul boʻlganingizni esingizdan chiqarmasdan, mana shu qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar.
Chayla bayrami
13 Doningizni yanchib, sharobingizni tayyorlab olganingizdan keyin yetti kun davomida Chayla bayramini nishonlanglar. 14 Bayramda oʻgʻillaringiz, qizlaringiz, qul va choʻrilaringiz, shahringizda istiqomat qilayotgan levilar, musofirlar, yetim va bevalar bilan birga xursandchilik qilinglar. 15 Egangiz Xudo tanlagan joyda yetti kun davomida Unga atab bayram qilinglar. Egangiz Xudo hosilingizga va qilgan har bir ishingizga baraka beradi. Shu tariqa, albatta xursandchilik qilinglar.
16 Xamirturushsiz non bayramini, Hosil bayramini va Chayla bayramini nishonlash uchun barcha erkaklaringiz yilda uch marta Egangiz Xudo tanlagan joyga, Uning huzuriga kelsin. Hech kim Egamizning oldiga quruq kelmasin. 17 Har biringiz Egangiz Xudo bergan barakaga yarasha inʼom keltiringlar.
Odil hukm
18 Egangiz Xudo sizlarga beradigan har bir shaharga hakamlar va nazoratchilar tayinlanglar. Ular xalqni adolat bilan hukm qilsin. 19 Hukm qilayotganda adolatsizlik qilmasin, tarafkashlik qilmasin, pora olmasin. Pora donolarning koʻzini koʻr qiladi, haqlarni nohaqqa chiqaradi. 20 Adolatga, faqat adolatga ergashing. Shunda yashaysizlar, Egangiz Xudo beradigan yurtga egalik qilasizlar.
21 Egangiz Xudo uchun quradigan qurbongoh yoniga Asheraga atalgan ustunlarni yoki 22 butsimon toshlarni oʻrnatmanglar. Egangiz Xudo bulardan nafratlanadi.