2–BOB
Maʼbad qurilishi uchun tayyorgarlik
1 Sulaymon Egamizga atab Maʼbad va oʻzi uchun shohona saroy bunyod etishga qaror qildi. 2 Sulaymon 70.000 nafar yuk tashuvchini, qirlarda tosh kesadigan 80.000 nafar sangtaroshni va bular ustidan nazoratchi qilib 3600 kishini yolladi.
3 Sulaymon Tir shohi Xiramga shu xabarni yetkazdi:

“Bir vaqtlar siz otam Dovudga saroyini qurish uchun sadr yogʻochlarini joʻnatganingiz kabi, menga ham sadr yogʻochlarini joʻnating. 4 Men Egam Xudoga atab bir uy qurmoqchiman. U yerda xushboʻy tutatqilar tutatiladi, doimiy ravishda muqaddas nonlar nazr qilinib, xontaxta ustiga teriladi. Ertalab va kechqurunlari qurbonliklar kuydiriladi, shuningdek, Shabbat kunlarida, yangi oy shodiyonalarida va Egamiz Xudo belgilagan bayramlarda kuydiriladigan qurbonliklar keltiriladi. Isroil xalqi bularga doimo, avlodlar osha rioya qiladi.
5 Men qurmoqchi boʻlgan uy hashamatli boʻladi, chunki Xudoyimiz boshqa xudolardan buyukdir. 6 Lekin kim Unga bir uy qura olar?! U osmonga, hatto falak toqiga ham sigʻmaydi–ku! Men kim boʻlibmanki, Unga uy qura olsam?! Faqat Unga qurbonliklar keltirish uchun bir joy tayyorlay olaman, xolos.
7 Shunday ekan, menga mohir bir ustani yuboring. U oʻymakorlikdan tashqari, oltin, kumush, bronza va temirga ishlov bera oladigan, safsar, qizil va koʻk matolar toʻqiy oladigan boʻlsin. U Yahudo va Quddusda, otam Dovud saralagan mohir ustalarim bilan birga ishlaydi.
8 Menga Lubnondan sadr, sarv va sandal yogʻochlarini joʻnating. Sizning xizmatkorlaringiz Lubnon daraxtlarini kesishga usta ekanini bilaman. Mening odamlarim sizning odamlaringiz bilan birga ishlaydilar. 9 Ular men uchun katta miqdorda yogʻoch tayyorlab berishsin. Men qurmoqchi boʻlgan uy ulkan va hashamatli boʻlishi kerak. 10 Men yogʻoch kesadigan xizmatkorlaringizga ish haqi qilib 200.000 togʻora yanchilgan bugʻdoy, 200.000 togʻora arpa, 40.000 koʻza sharob va 40.000 koʻza zaytun moyi yuboraman.”

11 Shundan keyin Tir shohi Xiram maktub orqali Sulaymonga shunday javob berdi:

“Egamiz Oʻz xalqini sevgani uchun ular ustidan sizni shoh qildi.”

12 Xiram yana shu gaplarni aytdi:

“Yeru koʻkni yaratgan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar boʻlsin. U shoh Dovudga dono, aqlli, fahm–farosatli oʻgʻil ato qilibdi. Shu oʻgʻil Egamizga atab Maʼbadni va oʻzi uchun saroyni bunyod qiladi.
13 Sizga Xurom ismli aqlli, mohir bir ustani yuboryapman. 14 Uning onasi — Dan qabilasidan, otasi esa — Tirlik. Uning oʻzi oltin, kumush, bronza, temir, tosh va yogʻochga ishlov beradigan mohir ustadir. U safsar, koʻk, qizil matolarni va mayin zigʻir matosini ham toʻqishni biladi, shuningdek, turli oʻymakorlik ishlarini bajara oladi, har qanday naqshni sola oladi. Xurom sizning ustalaringiz va otangiz boʻlmish xoʻjayinim Dovud yetishtirgan ustalar bilan birga ishlaydi.
15 Janobi oliylari! Oʻzingiz aytgan bugʻdoy, arpa, zaytun moyi, sharobni qullaringizga yuboring. 16 Sizga kerak boʻladigan har qanday daraxtni biz Lubnondan kesib beramiz, yogʻochlardan sol qilib, dengiz sohili boʻylab Yaffaga qadar keltirib beramiz. Siz oʻsha yerdan yogʻochlarni Quddusga olib ketaverasiz.”
Maʼbad qurilishi boshlandi
17 Shundan keyin Sulaymon otasi Dovud singari, Isroil yurtida istiqomat qilayotgan musofirlarning hammasini roʻyxatga oldi. Musofirlarning soni 153.600 kishi ekan. 18 Sulaymon ularning 70.000 nafarini ogʻir yuk tashuvchi, 80.000 nafarini qirlarda tosh kesadigan sangtarosh, 3600 nafarini esa ishlayotganlar ustidan nazoratchi qilib tayinladi.