25–BOB
Yettinchi yil
1-2 Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay togʻida shunday dedi: “Men sizlarga berayotgan yurtga kirganingizdan keyin, har yettinchi yili yeringizga dam bering. 3 Olti yil davomida dalalaringizga ekin ekinglar, uzumzorlaringizni butab, hosilini yigʻinglar. 4 Yettinchi yili esa yer toʻliq dam olsin, Men, Egangizga bagʻishlangan yil boʻlsin. Shu yili dalalaringizga ekin ekmanglar, uzumzoringizni xomtok qilmanglar. 5 Yerdan oʻsib chiqqan boshoqlarni oʻrmanglar, xomtok qilinmagan tokdagi uzum boshlarini yigʻmanglar. Yer bir yil toʻliq dam olsin. 6 Ammo oʻsha yili yerdan tabiiy holda oʻsib chiqqan hamma narsani yeyishingiz mumkin. Bular sizlar uchun, qulu choʻrilaringiz uchun, mardikoru siznikida vaqtinchalik turgan musofirlar uchun ozuqa boʻladi. 7 Mol–holingiz va yurtingizdagi yovvoyi hayvonlar ham yer hosilidan oziqlanishadi.
Qutlugʻ yil
8 Yetti yilni yetti marta qoʻshib sana, hammasi boʻlib qirq toʻqqiz yil boʻladi. 9 Soʻng yettinchi oyning oʻninchi kuni, yaʼni Poklanish kuni butun yurt boʻylab karnaylar chalinsin. 10 Elliginchi yilni muqaddas deb biling. Oʻsha yili yurt boʻylab hamma odamga ozodlik eʼlon qiling. Shu yil sizlar uchun Qutlugʻ yil boʻlsin. Har kim ota–bobosining joyiga, oʻz qavmiga qaytib borsin. 11 Ha, elliginchi yil sizlar uchun Qutlugʻ yil boʻlsin. Shu yili ekin ekmanglar, yerdan oʻsib chiqqan boshoqlarni oʻrmanglar, xomtok qilinmagan tokdagi uzum boshlarini yigʻmanglar. 12 Bu Qutlugʻ yil boʻlgani uchun, uni muqaddas deb bilinglar. Toʻgʻridan–toʻgʻri daladan uzilgan hosilni yeyishingiz mumkin.
13 Qutlugʻ yil hammangiz ota–bobolaringizdan meros boʻlib qolgan yerlaringizni qaytarib olish uchun u yerlarga boring.
14 Yeringizni qoʻshningizga sotganingizda yoki qoʻshnidan yer sotib olganingizda gʻirromlik qilmang. 15 Yer sotib olganingizda yerning narxi keyingi Qutlugʻ yilgacha qolgan yillarning hisobiga asoslangan boʻlsin. Sotuvchi yerning narxini qolgan hosilli yillarning miqdoriga qarab belgilasin. 16 Agar hali koʻp yil bor boʻlsa, yerning bahosini oshirsin. Bordi–yu, ozroq yil qolgan boʻlsa, bahosini kamaytirsin. Sotuvchi aslida yerni emas, balki yer beradigan hosil miqdorini sotadi. 17 Gʻirromlik qilmang, Men, Xudoyingizdan qoʻrqing. Men Egangiz Xudoman.
Yettinchi yil muammosi
18 Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaring, shunda yurtingizda tinch yashaysizlar. 19 Yer hosilini beradi, sizlar toʻyguningizcha uning neʼmatlaridan yeysizlar. Yurtingizda bexatar yashaysizlar.
20 Sizlar:
— Ekin ekib hosil olmasak yettinchi yili nima yeymiz? — deb soʻrashingiz mumkin. 21 Men oltinchi yili hosilingizga baraka beraman. Oʻsha yili sizlar uch yilga yetadigan hosil yigʻib olasizlar. 22 Sakkizinchi yili urugʻ ekkaningizda oltinchi yil davomida yiqqan hosildan tanovul qilasizlar. Toʻqqizinchi yili ham hosilingiz pishguncha hanuz eski hosildan yeysizlar.
Mulk haqida
23 Yerni faqat vaqtinchaga soting, chunki yer Menikidir. Sizlar esa Mening yerimda yashab yurgan musofir va kelgindisizlar. 24 Oʻz yerini sotgan odamga yerini qayta sotib olish imkoniyatini yaratib bering.
25 Agar yurtdoshingiz qashshoqlashib meros qilib olgan yerining bir qismini sotsa, uning eng yaqin qarindoshi sotilgan yerni qaytarib sotib olsin. 26 Agar yerni qaytarib sotib oladigan qarindoshi boʻlmasa va u odamning oʻzi keyinchalik mol–dunyo topib, yetarli mablagʻ yigʻsa, u oʻz yerini qaytarib sotib olishi mumkin. 27 Buning uchun u Qutlugʻ yilgacha qolgan yillar davomida yerdan olinadigan daromadni hisoblab chiqib, xaridorga toʻlasin, shundan keyin oʻz mulkini qaytarib olsin. 28 Bordi–yu, yerni qaytarib sotib olishga qurbi yetmasa, yer xaridorning ixtiyorida Qutlugʻ yilgacha qolsin. Qutlugʻ yil yer asl egasiga qaytib berilsin.
29 Bordi–yu, birortasi devor bilan oʻralgan shahar ichidagi uyini sotsa, sotilgan kundan boshlab bir yil oʻtguncha uyini qaytarib sotib olishi mumkin. Uyni qaytarib sotib olish muddati bir yildir. 30 Bir yil oʻtguncha u uyini qaytarib sotib olmasa, devor bilan oʻralgan shahar ichidagi bu uy xaridorning mulkiga aylanib, abadiy uning va naslining ixtiyorida qoladi. Qutlugʻ yilda ham uy uning ixtiyoridan chiqmaydi. 31 Atrofi devor bilan oʻralmagan qishloqlardagi uylar dala sifatida hisoblansin. Bunday uylarni har qanday vaqtda qaytarib sotib olish mumkin, Qutlugʻ yilda ular asl egasiga qaytarib berilsin. 32 Levilarning shaharlariga kelsak, levilar oʻz shaharlaridagi uylarini qaytarib sotib olish huquqiga doimo ega boʻlishsin. 33 Bordi–yu, levi bunday shahardagi sotilgan uyini qaytarib sotib olmasa, bu uy unga Qutlugʻ yil qaytarib berilsin. Zotan, levilarga qarashli shaharlardagi uylari levilarning Isroil xalqi orasidagi mulkidir. 34 Lekin ularning shaharlari atrofidagi yerlar zinhor sotilmasin, chunki bu yerlar levilarning abadiy mulkidir.
Kambagʻallarga qarz berish haqida
35 Agar biror yurtdoshingiz nochor ahvolga tushib, sizga qarab qolsa, unga yordam bering. U orangizda gʻarib yoki musofirday yashasin. 36 Undan foydalanib pul ishlamang, foyda ham olmang, Men, Xudoyingizdan qoʻrqing. Bunday yurtdoshingizning orangizda yashashiga yoʻl qoʻying. 37 Bergan qarzingizdan foiz talab qilmang, ovqatni oʻz narxidan qimmatga sotmang. 38 Men Egangiz Xudoman. Men Xudoyingiz boʻlishim uchun va sizlarga Kanʼon yurtini berish uchun sizlarni Misrdan olib chiqqanman.
Qullarni ozod qilish haqida
39 Agar yurtdoshingizdan birortasi oʻta qashshoqlashib, oʻzini sizga sotsa, uni qulday ishlatmang. 40 Unga mardikor yoki musofirday muomala qiling. U Qutlugʻ yilgacha siznikida xizmat qilsin. 41 Qutlugʻ yil u bolalari bilan ozod boʻlsin. Ular oʻz xonadoniga, ota–bobolarining mulkiga qaytib borishsin. 42 Binobarin ular Mening qullarimdir, Men ularni Misr yurtidan olib chiqqanman. Ularni qulday sotmanglar. 43 Ularga zulm oʻtkazmanglar, Men, Xudoyingizdan qoʻrqinglar. 44 Agar qulu choʻrilarga muhtoj boʻlsangiz, ularni atrofingizdagi xalqlardan sotib olishingiz mumkin. 45 Orangizda yashayotgan musofirlardan va ularning Isroil yurtida tugʻilgan bolalaridan ham qulu choʻrilar sotib olishingiz mumkin. Ular sizning mulkingiz boʻladi. 46 Ularni oʻzingizdan keyin bolalaringizga meros qilib berishingiz mumkin. Ularga qullarga muomala qilganday muomala qiling. Lekin Isroil xalqidan boʻlgan birodarlaringizga zulm qilmang.
47 Agar orangizda yashayotgan musofir boylik orttirsa–yu, Isroil xalqidan boʻlgan birodaringiz esa qashshoqlashib oʻzini musofirga yoki musofirning qavmidan boʻlganlarga sotsa, 48 birodaringiz ozod boʻlish huquqiga ega boʻlsin. Uning aka–ukasi ozodlik evaziga haqini toʻlab, uni ozod qilsin. 49 Shuningdek, amakisi, amakivachchasi yoki boshqa bir qarindoshi ozodlik haqini toʻlab, uni ozod qilishi mumkin. Sotilgan odamning oʻzi ham davlat orttirsa, oʻzini oʻzi ozod qila oladi. 50 Buning uchun u xaridori bilan kelishib, oʻzini sotgan yildan boshlab Qutlugʻ yilgacha qolgan yillarning sonini hisoblab chiqsin. Ozodligining bahosi oʻsha yillar davomida mardikorga toʻlanadigan ish haqi asosida belgilansin. 51 Agar Qutlugʻ yilgacha hali koʻp yillar bor boʻlsa, ozodlik bahosi xaridor toʻlagan narxga asoslangan boʻlsin. 52 Bordi–yu, Qutlugʻ yilgacha oz qolgan boʻlsa, qolgan yillarni hisoblab, shunga yarasha ozodligining narxini toʻlasin. 53 Musofir sotib olgan birodaringizga bir yilga yollagan ishchiga muomalada boʻlganday muomala qilsin. Isroil xalqidan boʻlgan birodaringizga zulm oʻtkazishiga yoʻl qoʻymang. 54 Agar sotilgan birodaringiz ozodlik haqini toʻlab ozod boʻlmasa, u Qutlugʻ yil bola–chaqalari bilan ozod qilinsin. 55 Zotan, Isroil xalqi Mening qullarimdir, ularni Misr yurtidan Men olib chiqqanman. Men Egangiz Xudoman.