17–BOB
Qoyadan chiqqan suv
1 Isroil xalqining butun jamoasi har doim Egamizning amriga rioya qilib, bir joydan boshqa joyga koʻchib yurib , Sin sahrosidan ketdi. Isroil xalqi Rafidimda qarorgoh qurgan edi, lekin u yerda ichgani suv yoʻq ekan. 2 Ular Musoga taʼna qila boshladilar. “Bizga ichgani suv ber”, deb undan talab qildilar. Shunda Muso:
— Nimaga menga taʼna qilyapsizlar?! — dedi. — Nima uchun Egamizni sinayapsizlar?!
3 Lekin xalq chanqagan edi. “Nimaga bizni Misrdan olib chiqding?! Oʻzimizni, bolalarimizni, chorvamizni suvsizlikdan oʻldirish uchun olib chiqqan ekansan–da?!” deb Musoni aybladilar.
4 — Bu xalqni nima qilay? — deb iltijo qildi Muso Egamizga. — Yana bir ozdan keyin ular meni toshboʻron qilishadi–ku!
5 — Isroil oqsoqollaridan baʼzilarini yoningga olib, xalqning oldida bor! — deb amr berdi Egamiz Musoga. — Nil daryosiga urgan tayogʻingni ham oʻzing bilan ol. 6 Men sening oldingda — Sinay togʻidagi qoyaning tepasida turaman. Sen tayoqni qoyaga ur, qoyadan suv otilib chiqadi. Keyin xalq ichadi.
Muso Isroil oqsoqollarining koʻzi oldida Egamiz aytganday qildi. 7 Shunday qilib, Muso oʻsha joyga Massax va Mariva deb nom berdi. Isroil xalqi u yerda Muso bilan janjal qilgan, “Egamiz biz uchun gʻamxoʻrlik qiladimi, yoʻqmi?” deb Xudoni sinagan edi.
Isroil xalqi Omolek xalqini yengadi
8 Omolek xalqi Rafidimga kelib, Isroil xalqiga urush ochdilar. 9 Shunda Muso Yoshuaga:
— Odamlardan tanlab olgin–da, borib, Omoleklarga qarshi urushga chiq! — dedi. — Ertaga men tepalikning ustida boʻlaman. Xudo, ol, deb tayinlagan tayoq qoʻlimda boʻladi.
10 Yoshua Muso buyurganday qilib Omoleklar bilan jang qilgani bordi. Muso, Horun va Xur tepalikning ustiga chiqishdi. 11 Muso qoʻllarini koʻtarganda, Isroil xalqi gʻolib kelar, tushirganda esa Omoleklar gʻolib kelardi. 12 Oxiri Musoning qoʻllari toliqdi. Shunda Horun bilan Xur Musoga tosh keltirib qoʻyib berdilar. Muso tosh ustiga oʻtirdi. Keyin Musoning qoʻllarini bir tomondan Horun, bir tomondan Xur yuqoriga koʻtarib turdi. Quyosh botguncha, Musoning qoʻllarini yuqoriga koʻtarib turaverdilar. 13 Shunday qilib, Yoshua Omoleklarni yengib, qilichdan oʻtkazdi.
14 Shundan keyin Egamiz Musoga aytdi:
— Bu gʻalabani xotira qilib, yozib qoʻy, Mening quyidagi vaʼdamni ham kirit: “Men Omoleklarning nomini yer yuzidan oʻchiraman.” Keyin buni ovoz chiqarib Yoshuaga oʻqib ber.
15 Muso bir qurbongoh qurdirib, bu qurbongohga: “Egam bayrogʻimdir” deb nom berdi. 16 “Omoleklar Egamizning taxtiga qarshi qoʻllarini koʻtarishga jurʼat qilganlari uchun, Egamiz doimo ularga qarshi urush qiladi” , dedi.