6–BOB
Eng buyuk amr
1 Egangiz Xudo, xalqqa oʻrgatgin, deb menga bergan amrlar, farmonlar va qonun–qoidalar shulardan iboratdir. Iordanni kechib oʻtib, mulk qilib oladigan yurtda bularga rioya qilinglar. 2 Men sizlarga beradigan farmon va amrlarga oʻzlaringiz, farzandlaringiz va nabiralaringiz, hammangiz rioya qilinglar. Bir umr Egangiz Xudodan qoʻrqinglar, shunda umringiz uzoq boʻladi. 3 Ey Isroil xalqi, quloq soling, bularni bitta qoldirmay bajaring. Shunda ota–bobolaringizning Xudosi — Egangiz bergan vaʼdaga koʻra, sut va asal oqib yotgan yurtda koʻpayasizlar, baxtiyor boʻlasizlar.
4 Ey Isroil, quloq sol! Egamiz Xudo tanho Egadir . 5 Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun vujudingiz bilan sevinglar. 6 Bugun men sizlarga bergan bu amrlarni yuragingizda saqlanglar. 7 Bularni bolalaringizga ham oʻrgatinglar. Uyda oʻtirganda ham, yoʻlda yurganda ham, yotganingizda ham, turganingizda ham shular haqida gapiringlar. 8 Bularni qoʻlingizga belgi qilib bogʻlanglar, peshanangizga nishona qilib taqib olinglar. 9 Eshigingiz kesakisiga , darvozalaringizga yozib qoʻyinglar.
Itoatsizlikka qarshi ogohlantirish
10 Egangiz Xudo ota–bobolaringiz Ibrohim, Isʼhoq, Yoqubga qasam ichib, vaʼda qilgan yerga sizlarni olib kiradi. U sizlarga oʻzingiz qurmagan katta va chiroyli shaharlarni beradi. 11 Oʻzingiz toʻldirmagan, boyliklarga toʻla uylarni, oʻzingiz qazimagan sardobalarni, siz ekmagan toklar va zaytunzorlarni beradi. Oʻshanda yeb toʻyganlaringizdan keyin 12 ehtiyot boʻlinglar! Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egamizni unutmanglar. 13 Egangiz Xudodan qoʻrqinglar. Faqat Unga xizmat qilinglar. Yolgʻiz Uning nomi bilan qasam ichinglar. 14 Begona xudolarga, atrofingizdagi xalqlarning xudolariga ergashmanglar. 15 Axir, orangizdagi Egangiz Xudo sizning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham koʻrmaydigan Xudodir. U gʻazablanib, sizlarni yer yuzidan yoʻqotib yuboradi.
16 Massaxda qilganingizdek , Egangiz Xudoni sinamanglar. 17 Uning amrlarini, farmon va shartlarini bitta qoldirmay bajaringlar. 18 Egamiz toʻgʻri va yaxshi deb bilgan ishlarni qilinglar. Shunda Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, vaʼda qilgan hosildor yurtni sizlar mulk qilib olasizlar, baxtiyor boʻlasizlar. 19 Egamiz, Oʻzi aytganidek, yurtingizda yashagan barcha dushmanlaringizni haydab chiqaradi.
20 Kelajakda farzandlaringiz sizlardan: “Egamiz Xudo sizlarga bergan qonun–qoidalar, farmon va shartlarning maʼnosi nima?” deb soʻraydi. 21 Ularga shunday deb javob beringlar: “Biz Misrda firʼavnning qullari edik. Egamiz Oʻz qudrati bilan bizni Misrdan olib chiqdi. 22 U bizning koʻzimiz oldida Misrga, firʼavn va uning butun xonadoniga buyuk, qoʻrqinchli alomatu moʻjizalarni koʻrsatdi. 23 Ota–bobolarimizga ont ichib vaʼda qilgan yurtga bizni olib kirish uchun, oʻsha yurtni bizga berish uchun bizni Misrdan olib chiqdi. 24 Egamiz Xudo: «Mana shu farmonlarning hammasiga rioya qilinglar, Mendan qoʻrqinglar, shunda bugungiday tirik boʻlasiz, baxtli hayot kechirasiz», dedi. 25 Egamiz Xudoning oldida mana shu amrlarni bitta qoldirmay bajarsak, solih boʻlamiz.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020