1–BOB
Duoyi salom
1 Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi boʻlish uchun daʼvat qilingan men — Pavlusdan va birodarimiz Sostenisdan 2 Xudoning Korinf shahridagi jamoatiga salom! Xudo sizlarni Oʻzining aziz xalqi boʻlishga daʼvat qilib, Iso Masih orqali Oʻzi uchun ajratib olgan. Shunday qilib, har yerda Rabbimiz Iso Masihga sajda qilayotganlarning qatoriga qoʻshildingiz. Iso Masih ularning ham, bizning ham Rabbimizdir.
3 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyatu tinchlik ato etsin.
Xudoning koʻrsatgan iltifoti
4 Xudoyim sizlarga Iso Masih orqali Oʻz inoyatini berdi. Shu bois doimo Xudoyimga sizlar uchun shukur aytaman. 5 Iso Masih orqali Xudo sizlarni har qanday kalomda mohir, ilmu maʼrifatda boy qildi. 6 Shu tariqa men sizlarga aytgan Masih haqidagi xabar haqiqat ekanligi isbotlandi. 7 Mana endi Rabbimiz Iso Masihning kelishini intizorlik bilan kutar ekansiz, Muqaddas Ruh beradigan inʼomlardan benasib emassizlar. 8 Rabbimiz Iso Masih kelgan kunda sizlar aybsiz boʻlishingiz uchun Xudo sizlarni oxirigacha qoʻllab–quvvatlaydi. 9 Sizlarni Oʻz Oʻgʻli Rabbimiz Iso Masih bilan muloqot qilishga chorlagan Xudo sadoqatlidir.
Imonlilar jamoatidagi nizolar
10 Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih nomi bilan sizlarga iltijo qilaman: hammangiz oʻzaro ahil yashanglar. Orangizda nizolarga yoʻl qoʻymay, fikr–xayolda tamomila yakdil boʻlinglar. 11 Zero, ey birodarlarim, sizlarning orangizda janjallar borligi haqida opamiz Xloisning xonadonidagilar menga xabar berishdi. 12 Men quyidagilarni nazarda tutyapman: orangizda baʼzilar: “Men Pavlusning shogirdiman”, yana baʼzilar esa: “Men Apollosning shogirdiman”, yana boshqalar: “Men Butrusning shogirdiman”, yana bir xil odamlar: “Men Masihning shogirdiman”, deb aytayotgan emish. 13 Nima, Masih boʻlinganmi? Yoki sizlar uchun Pavlus xochga mixlanganmi? Nahotki Pavlusning nomi bilan suvga choʻmdirilgan boʻlsangiz?! 14 Xudoga shukurki, men sizlarning orangizdan Krispus va Gayusdan boshqa hech kimni suvga choʻmdirmadim. 15 Hech kim: “Men Pavlusning nomi bilan choʻmdirilganman”, deya olmaydi. 16 Toʻgʻri, men Stefanasning uy ahlini ham suvga choʻmdirgan edim, ammo bulardan boshqa hech bir odamni suvga choʻmdirganim esimda yoʻq. 17 Zotan, Masih meni, odamlarni suvga choʻmdirsin deb emas, balki Xushxabarni yoysin deb yubordi. Menga bu Xushxabarni insonlarga oid boʻlgan donolik bilan yoyish buyurilmadi. Boʻlmasa, Masihning xochdagi oʻlimi haqidagi xabarning kuchi yoʻqolgan boʻlardi.
Masih — Xudoning hikmati va qudrati
18 Xoch haqidagi bu xabar halok boʻlayotganlarga telbalikday tuyuladi. Ammo biz — najot topayotganlar uchun esa u Xudoning qudratidir. 19 Axir, Muqaddas bitiklarda yozilgan–ku:
“Men donolarni donoligidan mahrum qilaman,
Idroklilarni idrokidan ayiraman.”
20 Donolar qani? Tafsirchilar va bu dunyoning faylasuflari qayerda? Xudo bu dunyoning hikmatini aqlsizlikka aylantirdi–ku, axir! 21 Modomiki, Xudoning hikmati boʻyicha bu dunyo oʻz aql–zakovati bilan Xudoni tanib–bilmagan ekan, tentaklikday tuyulgan xabarga ishonganlarni Xudo qutqarishni lozim koʻrdi. 22 Mana, yahudiylar moʻjizalar talab qiladilar, yunonlar esa donolik payida yuradilar. 23 Biz esa faqat xochga mixlangan Masih haqidagi xabarni yoymoqdamiz. Bu xabar yahudiylar uchun haqorat boʻlsa, gʻayriyahudiylar uchun telbalikdir. 24 Biroq Xudo daʼvat qilgan yahudiy va gʻayriyahudiylar uchun Masih xochi Xudoning qudrati va hikmatidir. 25 Zero, Xudoning “aqlsizligi” inson donoligidan ustundir, Xudoning “zaifligi” inson qudratidan kuchliroqdir.
26 Ey birodarlarim, Xudo sizlarni daʼvat qilganda qanday odam edingizlar, bir esga oling–chi! Insoniy nuqtayi nazardan qaraganda, orangizda dono, qudratli yoki olijanoblar koʻp emasdi. 27 Lekin Xudo donolarni sharmanda qilish uchun dunyodagi aqlsiz deb hisoblanganlarni tanladi. U qudratlilarni sharmanda qilish uchun dunyodagi zaif hisoblanganlarni tanladi. 28 Dunyodagi eʼtiborli hisoblanganlar arzimas boʻlib qolsin deb, Xudo bu dunyodagi eʼtiborsiz va kamsitilgan, yaʼni ahamiyatsiz deb hisoblanganlarni tanladi. 29 Shunday qilib, hech bir inson Xudoning oldida maqtana olmaydi. 30 Iso Masih orqali Xudo bizga yangi hayot ato etib, U orqali donolikka ega boʻlganimizni namoyon qildi. Biz Masihning sharofati bilan oqlanib, gunohdan xalos boʻldik, Xudoning aziz xalqi boʻldik. 31 Shunday qilib, Muqaddas bitiklarda oʻrgatilganday, kim maqtanmoqchi boʻlsa, Egamizni bilaman, deb maqtansin .
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020