17–BOB
Xudo Damashq va Isroilni jazolaydi
1 Damashq haqida bashorat:
“Ana, Damashq endi shahar boʻlmaydi!
U vayronalar uyumiga aylanadi!
2 Aror shaharlari tark etiladi,
Suruvlar maskaniga aylanadi,
Hech kim ularni hurkitmaydi.
3 Efrayim yurtining qalʼasi yoʻq boʻladi,
Damashqning shohligi ketadi.
Oram xalqining omon qolganlari gʻoyib boʻladi,
Bularning hammasi Isroil xalqining
Shuhrati singari barham topadi,
— deb aytmoqda Sarvari Olam. —
4 Oʻsha kuni Yoqub naslining shuhrati yoʻqoladi,
Tanasi ozib–toʻzib ketadi.
5 Mana, oʻroqchilar boshoqlarni oʻrib oladi,
Oʻz qoʻllari bilan don hosilini yigʻishtirib oladi.
Oʻsha dalalarda terilgan bugʻdoy boshoqlariday
Rafa vodiysida Yoqub naslidan ham ozchilik qoladi.
6 Ha, zaytun daraxti qoqilganda
Daraxt uchida ikki–uch meva qolganday,
Hosildor shoxchalarda toʻrt–besh meva qolganday
Oʻsha boshoqlarda bir–ikki don qoladi”,
— deb bashorat qilar Isroil xalqining Xudosi — Egamiz.
7 Oʻsha kuni har bir odam Yaratuvchiga qaraydi, ularning koʻzlari Isroil xalqining Muqaddas Xudosini koʻradi. 8 Inson qurbongohlarga, qoʻllarining ijodiga qaramaydi, oʻz qoʻli bilan yasagan narsalar — Asheraga atalgan ustunlarni, tutatqi qurbongohlarini koʻrmaydi.
9 Oʻsha kuni mustahkam shaharlari oʻrmonlardagi tashlandiq joylarga oʻxshab qoladi. Odamlar tashlab ketgan qir tepaliklar kabi boʻladi. Isroil xalqi dastidan bu shaharlar xarobazorga aylanadi.
10 Axir, sen najotkoring Xudoni unutding,
Panoh boʻladigan Qoyangni eslamading.
Mana, sen yoqimli oʻsimliklar ekasan,
Begona koʻchatlarni oʻtqazasan.
11 Ularni avaylab–asrab oʻstirasan,
Tongda urugʻdan kurtak chiqartirasan,
Ammo barcha hosiling yoʻq boʻladi.
Faqat dard va alam senga nasib etadi.
12 Qarang, xalqlarning koʻpligini!
Ular dengiz kabi guvullaydi!
Lashkarlarning hayqirigʻi
Toʻlqinlar tovushiday balanddir.
13 Ammo Egam ularga tanbeh beradi,
Xalqlar ham toʻlqinlar kabi yoʻqolib ketadi.
Ular uzoqlarga qochib qoladi.
Togʻlardagi shamolda uchgan xas–choʻp kabi quviladi,
Quyun oldidagi girdob kabi haydaladi.
14 Oqshom payti! Qaranglar, kulfat!
Tong otmasdan ular yoʻq boʻlib ketadi.
Bizni talaydiganlarning qismati shunday boʻladi,
Bizdan tortib olganlarga mana shu nasib qiladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020