44–BOB
Xudo Isroil xalqini marhamatlaydi
1 Egam aytar: “Endi eshit, ey qulim Isroil!
Ey Yoqub nasli! Men seni tanlaganman.
2 Men, Egang, seni yaratganman, onang qornida senga shakl berganman.
Sening madadkoring, Men, shunday aytmoqdaman:
«Qoʻrqma, ey aziz Isroil!
Ey Yoqub nasli, Men seni tanlaganman.
3 Chanqoq yerga Men suv beraman,
Qaqragan tuproqda irmoqlar oqizaman.
Naslingga Ruhimni beraman,
Zurriyoting ustiga Oʻz barakamni yogʻdiraman.
4 Ular oqar suv boʻyidagi tol daraxti kabi,
Maysalar orasidan oʻsib chiqadi.
5 Biri: ‘Men Egamnikiman’, deb aytadi,
Boshqasi Isroil xalqiga qoʻshilay deb keladi.
Yana biri qoʻliga ‘Egamniki’ deb yozadi–da,
Isroil xalqining biriman, deb aytadi.»”
Butparastlar ahmoqdir
6 Isroil xalqining Shohi, ularning qutqaruvchisi,
Sarvari Olam — Egamiz shunday aytmoqda:
“Birinchiyu oxirgi Men Oʻzimman,
Mendan boshqa Xudo yoʻq!
7 Kim Menga oʻxshaydi? Qani, gapirsin–chi!
Qadimiy xalqni yaratganimdan beri
Nima boʻlganlarini boshdan aytib bersin!
Kelajakda nima boʻlishini bildirsin.
8 Vahimaga tushmang, qoʻrqmang!
Men sizlarga nima boʻlishini
Oldindan eʼlon qildim–ku!
Sizlar Mening guvohlarimsiz!
Mendan boshqa Xudo bormi?!
Yoʻq, boshqa Qoya yoʻq.
Men boshqa hech birini bilmayman!
9 But yasaydiganlarning hammasi hech narsadaydir. Xush koʻrgan butlari hech foyda keltirmaydi. Oʻsha butlarning guvohlari koʻr, johildir. Shuning uchun ular sharmanda boʻlib qoladi! 10 Axir, kim foydasiz xudolarning tasvirlarini yasaydi?! 11 Hali oʻsha butparast doʻstlarning hammasi sharmanda boʻladi. But tayyorlovchilarga qarang. Ular ham oddiy odamlar–ku! Qani, hammasi toʻplansin! Ular qoʻrquvga tushib, birgalikda sharmandayu sharmisor boʻladi.
12 But yasaydigan temirchi asbobini oladi. Buyumni koʻmir choʻgʻi ustida qizdiradi. Bolgʻasi bilan uni yasaydi. Qoʻlining kuchi bilan ishlaydi. Qorni ochib, holdan toyadi. Tashnalikdan sillasi quriydi. 13 Duradgor ip bilan yogʻochni oʻlchaydi. Xohlagan shaklini chizib olib, randa bilan ishlov beradi. Uni inson shaklida yasaydi. Unga inson chiroyini beradi–da, sajdagohga oʻrnatadi. 14 Oʻrmonda sarv, eman daraxtlarini tanlaydi. U oʻzi uchun sadr daraxtlaridan kesib oladi. Yoki qaragʻay daraxtini oʻtqazadi. Yomgʻir esa oʻsha daraxtni oʻstiradi. 15 Keyin bular odamga oʻtin boʻladi. Odam yogʻochning baʼzilarini olib isinadi. Baʼzilarini esa yoqib, non yopadi. Yana oʻziga xudo ham yasab, unga sajda qiladi. But yasab, unga muk tushib, taʼzim qiladi! 16 U oʻtinlarning yarmini yoqadi. Olovda goʻsht pishirib, qornini toʻydiradi. Isinib boʻlgach: «Oh, oh, isinib oldim, olovning taftidan jonim orom olyapti», deydi. 17 Yogʻochning qolganidan esa xudosini, oʻzining butini yasaydi. «Meni oʻzing qutqar, axir, sen mening xudoyimsan!» deb butga ibodat qiladi, muk tushib sajda etadi.
18 Ular hech narsani bilmaydilar, tushunmaydilar. Koʻzlariyu yuraklarida toʻsiq bor, ular koʻrmaydi, tushunmaydi. 19 Birortasi ham oʻylab koʻrmaydi. «Oʻtinning bir qismini yoqdim. Olovida non yopdim, goʻsht pishirib yedim. Endi qolganidan jirkanch narsa yasaymanmi?! Yogʻoch gʻoʻlasiga taʼzim qilamanmi?!» deb aytishga aql–idrok yoʻq. 20 Eh, kul yeydiganlar! Aldangan qalbi uni adashtiradi. U oʻz jonini qutqara olmaydi. «Qoʻlimdagi shu narsa soxta–ku!» deb oʻziga aytmaydi.
21 Ey Yoqub nasli! Ey Isroil xalqi!
Bularni yodda tut!
Sizlar Mening qulimsiz.
Men sizlarni yaratdim,
Ha, sizlar Mening qulimsiz!
Ey Isroil, Men sizlarni unutmayman!
22 Gunohlaringizni bulutday haydadim,
Ayblaringizni tumanday tarqatdim,
Sizlarni qutqarganman,
Menga qayting.”
Quddus qayta tiklanadi
23 Ey samolar, shodlikdan hayqiring!
Mana, Egamiz ajoyib bir ish qildi!
Hayqiring, ey zaminning tubsiz joylari!
Shodlikdan hayqiring, ey togʻlar,
Ey oʻrmon, oʻrmondagi har bir daraxt!
Ha, Egamiz Yoqub naslini qutqarib, Oʻziga oldi.
U Isroil xalqi orasida ulugʻlanmoqda.
24 Qutqaruvchingiz, onangiz qornida sizga shakl bergan
Egamiz shunday aytmoqda:
“Hammasini yaratgan Men Egangizman,
Yolgʻiz Oʻzim samolarni yoyganman!
Bir Oʻzim zaminni yaratganman!
25 Folbinlarning alomatlarini behudaga chiqaraman,
Bashoratgoʻylarni laqillataman,
Donishmandlarga zarba berib,
Bilgan narsalarini nodonlikka chiqaraman.
26 Oʻz qulimning bashoratini ijro etaman,
Elchilarimning aytganlarini qilaman.
Men Quddus haqida:
«Bu yerda yana inson yashaydi», deb aytmoqdaman.
Yahudo shaharlari haqida:
«Ular qaytadan quriladi,
Vayronalarini tiklayman», deb aytmoqdaman.
27 Chuqur suvlarga shunday deyman:
«Qurib bit! Daryolaringni quritaman.»
28 Shoh Kurush haqida shunday deyman:
«U Mening choʻponim.
Mening barcha xohishimni u bajaradi.»
Kurush shunday deydi:
«Quddus qayta qurilsin,
Maʼbad yana tiklansin.»”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020