1–BOB
Misrliklar Isroil xalqiga zulm oʻtkazadi
1-4 Isroil oʻgʻillarining ismlari quyidagichadir: Ruben, Shimoʻn, Levi, Yahudo, Issaxor, Zabulun, Benyamin, Dan, Naftali, Gad, Osher. Ular otasi Yoqub bilan birga oʻz oilalarini olib, Misrga ketgan edilar. 5 Oʻshanda Yoqubning avlodi hammasi boʻlib yetmish kishidan iborat edi. Uning oʻgʻli Yusuf bu paytda Misrda yashardi.
6 Vaqti–soati yetib, Yusuf, uning aka–ukalari va oʻsha avlodning hammasi olamdan oʻtib ketdi. 7 Isroil nasli esa barakali boʻlib, borgan sari koʻpayib boraverdi. Misr yurti ular bilan toʻlib–toshdi.
8 Oʻsha paytda Misr taxtiga yangi firʼavn oʻtirdi. U Yusuf toʻgʻrisida hech narsa bilmasdi. 9 U oʻz xalqiga shunday dedi:
— Qaranglar, Isroil xalqi bizga qaraganda koʻpayib, kuchayib ketdi. 10 Qani, bir yoʻlini topib, ularni koʻpayib ketishdan toʻxtataylik. Boʻlmasa, urush boʻlib qolganda, ular dushmanlarimizga qoʻshilib, bizga qarshi urush qiladilar. Keyin yurtimizdan qochib ketadilar.
11 Shunday qilib, Misrliklar nazoratchilar tayinlab, Isroil xalqini ogʻir ishlarga majbur qildilar, tinka–madorini quritdilar. Isroil xalqi firʼavn uchun Pitom va Ramzes degan ombor shaharlarni qurib berdi.
12 Lekin Misrliklar Isroil xalqiga qanchalik zulm oʻtkazsalar ham, Isroil xalqi yana ham koʻpayib yurt boʻylab yoyilib borardi. Misrliklar bu ahvoldan qoʻrquvga tushib qoldilar. 13-14 Ular Isroil xalqini ayovsiz, zoʻrlik bilan qul qilib, har turli dala ishlariga, loydan gʻisht quyishga majburladilar. Misrliklar ularga shafqat qilmadilar.
15 Shifro va Puvo degan ibroniy doyalar bor edi. Misr firʼavni ularga shunday farmon berdi:
16 — Ibroniy ayollar koʻzi yoriyotgan paytda doyalik qilayotganingizda, yaxshilab eʼtibor bering: chaqaloq oʻgʻil boʻlsa, oʻldiringlar, qiz boʻlsa, yashayversin.
17 Ikkala doya Xudodan qoʻrqardi. Shuning uchun Misr firʼavnining farmoniga itoat etmasdan, oʻgʻil bolalarni oʻldirmadilar. 18 Misr firʼavni doyalarni chaqirib soʻradi:
— Nimaga bunaqa qilyapsizlar? Nimaga oʻgʻil bolalarni tirik qoldiryapsizlar?
19 — Ibroniy ayollar Misrlik ayollarga oʻxshamaydilar, — deb javob berishdi doyalar. — Ular juda baquvvat, shuning uchun biz bormasimizdan oldin tugʻib qoʻyyaptilar.
20 Shuning uchun Xudo doyalarga marhamat qildi. Isroil xalqi koʻpayib, yana ham kuchayaverdi. 21 Doyalar Xudodan qoʻrqqanlari uchun, Xudo ularni oilali qildi. 22 Shundan keyin firʼavn oʻz xalqiga: “Ibroniylarda tugʻilgan har bir oʻgʻil bola Nil daryosiga uloqtirilsin, qiz bolalar esa yashayversin”, deb farmon berdi.