22–BOB
Xudo Ibrohimga amr beradi
1 Shu voqealardan keyin Xudo Ibrohimni sinadi.
— Ibrohim! — deb chaqirdi Xudo.
— Labbay! — deb javob berdi Ibrohim.
2 — Yolgʻiz suyukli oʻgʻling Isʼhoqni olib, Moriyox yeriga bor, — dedi Xudo. — Men senga bir togʻni koʻrsataman, oʻsha togʻda oʻgʻlingni qurbonlik qilib kuydirasan.
3 Ertasi kuni Ibrohim saharda turib, eshagini egarladi. Olovda kuydiriladigan qurbonlik uchun oʻtin tayyorladi. Soʻng ikki xizmatkori va oʻgʻli Isʼhoqni yoniga olib, Xudo aytgan yerga joʻnadi. 4 Uch kun yoʻl yurganlaridan keyin, Ibrohim uzoqdan oʻsha joyni koʻrdi. 5 Ibrohim xizmatkorlariga dedi:
— Sizlar shu yerda — eshakning yonida qolinglar. Oʻgʻlim bilan hov anavi yerga boramiz–u, u yerda sajda qilib, shu yerga qaytib kelamiz.
6 Ibrohim qurbonlik kuydirish uchun oʻtinni olib, oʻgʻli Isʼhoqning yelkasiga ortdi. Oʻzi esa pichoq bilan choʻgʻni olib ketdi. Ikkovlari birga ketishdi.
7 — Otajon! — dedi bir payt Isʼhoq otasiga.
— Labbay, oʻgʻlim, — deb javob berdi Ibrohim.
— Olov bilan oʻtin bor–u, lekin qurbonlik qilib kuydiriladigan qoʻzi qani? — deb soʻradi Isʼhoq.
8 — Qurbonlik qilib kuydiriladigan qoʻzini Xudoning Oʻzi beradi , oʻgʻlim, — deb javob qildi Ibrohim. Shunday qilib, ikkovlari birga yoʻlda davom etishdi.
9 Ular Xudo koʻrsatgan yerga yetib kelganlaridan keyin, Ibrohim qurbongoh qurib, qurbongohga oʻtin qaladi. Soʻngra u oʻgʻli Isʼhoqni bogʻlab, qurbongohdagi oʻtinlar ustiga yotqizdi. 10 Ibrohim pichoqni oldi va oʻgʻlini boʻgʻizlashga shaylandi. 11 Shu payt Egamizning farishtasi samodan unga hayqirdi:
— Ibrohim! Ibrohim!
— Labbay! — deb javob berdi Ibrohim.
12 — Pichoqni tashla! — deb buyurdi farishta. — Bunday qilma, bolaga zarar yetkazma. Endi bildim, sen haqiqatan Xudodan qoʻrqar ekansan. Sen hatto yagona oʻgʻlingni ham Mendan ayamading.
13 Ibrohim boshini koʻtarib, qoʻchqorni koʻrib qoldi. Qoʻchqorning shohlari chakalaklarga oʻralib qolgan edi. Ibrohim qoʻchqorni ushlab, qurbongohda oʻgʻlining oʻrniga kuydirib qurbonlik qildi. 14 Shuning uchun bu joyga Ibrohim “Egamiz beradi” deb nom qoʻydi. Bu nom bugungi kunda : “Egamizning togʻida beriladi ” degan hikmatga aylanib ketgan.
15 Shundan keyin Egamizning farishtasi samodan Ibrohimni yana chaqirdi:
16 — Egang aytmoqda: “Menga itoat qilganing uchun, hatto yagona oʻgʻlingni ham Mendan ayamaganing uchun Oʻzimning nomim bilan qasamyod qilaman : 17 senga albatta qut–baraka beraman. Naslingni osmondagi yulduzlarday, dengiz qirgʻogʻidagi qumday son–sanoqsiz qilib koʻpaytiraman. Nasling gʻanimlarining darvozalarini egallaydilar. 18 Menga itoat qilganing uchun yer yuzidagi hamma xalqlar sening nasling orqali baraka topadi.”
19 Shunday qilib, Ibrohim oʻgʻli bilan birga xizmatkorlari yoniga qaytib keldi va Bershebaga — uyiga yoʻl oldi. Ibrohim Bershebada yashab qoldi.
Naxoʻrning nasli
20 Shundan keyin Ibrohim: “Ukang Naxoʻrning xotini Milxo sakkiz nafar oʻgʻil tuqqan” degan xabarni eshitdi. 21 Toʻngʻich oʻgʻlining ismi Uz, keyingisining oti Buz, undan keyingisiniki Kamuvol (Kamuvol Oramning otasi boʻldi), 22 Xosit, Xazo, Pildash, Yidlaf, Batuval edi. 23 Batuval bir qiz koʻrib, otini Rivqo qoʻydi. 24 Milxo tugʻib bergan sakkiz nafar oʻgʻlidan tashqari, Naxoʻrning Ravumo degan choʻrisi ham unga toʻrt oʻgʻil tugʻib berdi. Bu oʻgʻillarining ismi Tavax, Gaxam, Taxash va Maxo edi.