9–BOB
Quddusning jazosi
1 Men Xudoning jarangdor ovozini eshitdim. U baland ovozda dedi:
— Ey shaharni jazolash uchun tayinlanganlar, qurollaringizni olinglar. Bu yerga kelinglar!
2 Shu onda shimoldagi Yuqori darvoza tomondan olti kishi keldi. Har birining qoʻlida halokatli quroli bor edi. Ularning orasida zigʻir tolasidan toʻqilgan libos kiygan, beliga esa kotiblik asboblarini taqib olgan bir kimsa ham bor edi. Kelgan odamlarning hammasi ichkariga kirib, bronza qurbongohning yoniga borib turishdi.
3 Karublar ustidagi Isroil Xudosining ulugʻvorligi oʻz joyidan koʻtarilib, uyning ostonasiga bordi. Soʻng Egamiz zigʻir libos kiygan kishini chaqirib, 4 dedi:
— Borib shaharning hamma joyini aylanib chiq. Shaharda qilinayotgan jirkanch ishlardan siqilib, zorlangan kishilarning peshanasiga belgi qoʻy.
5 Qurollangan olti kishiga esa Egamizning shunday deganini eshitdim:
— Unga ergashinglar. Butun shaharni aylanib chiqinglar. Odamlarni oʻldiringlar, ularga achinmanglar, rahm qilmanglar. 6 Qariyalarni, yigitu qizlarni, ayolu bolalarni — hammasini oʻldiringlar, ammo peshanasiga belgi qoʻyilgan bironta odamga ham zarar yetkazmanglar. Buyrugʻimni bajarishni shu yerdan, muqaddas maskanimdan boshlanglar.
Shunday qilib, ular qirgʻinni Egamizning uyi oldida boʻlgan oqsoqollardan boshladilar. 7 Egamiz dedi:
— Uyimni harom qilinglar! Hovlini jasadlarga toʻldiringlar. Qani boshlanglar!
Qurollangan odamlar shaharga borib, u yerdagilarni qirib tashladilar. 8 Ular buyruqni bajargani ketganlarida, men yolgʻiz oʻzim qoldim. Men yerga muk tushib, Xudoga iltijo qildim:
— Yo Egam Rabbiy! Sen gʻazabingni Quddusga sochib, Isroilning qolgan–qutgan xalqini ham yoʻq qilib yubormoqchimisan?
9 U menga shunday javob berdi:
— Isroil va Yahudo xalqlari ogʻir gunohga qoʻl urishdi. Ular butun yurtni qonga belashdi, Quddus shahrini adolatsizlikka toʻldirishdi. Ular: “Egamiz yurtimizni tark etgan, U bizni koʻrmayapti”, deb aytishyapti. 10 Men esa ularga achinmayman, rahm qilmayman. Qilgan barcha qilmishlariga yarasha jazosini beraman.
11 Shu orada zigʻir libosli, beliga kotib asboblarini taqib olgan kishi qaytib kelib Egamizga:
— Amrlaringizni bajo ayladim, — dedi.