3–BOB
Yangi ahdning ulugʻligi
1 Yana oʻzimizni tavsiya qilyapmizmi?! Yoki baʼzilarga kerak boʻlganday, sizlarga tavsiyanomalar koʻrsatishimiz kerakmi yoki sizlardan bizga tavsiyanomalar kerakmi?! 2 Axir, yuragimizga yozilgan tavsiyanomamiz sizlarning oʻzingiz–ku! Bu hammaga ayon, uni hamma oʻqiy oladi. 3 Ochiq koʻrinib turibdiki, bizning xizmatimiz tufayli yozilgan Masihning maktubi sizlarsiz. Bu maktub siyoh bilan emas, balki barhayot Xudoning Ruhi orqali yozilgan, tosh lavhalarga emas, balki inson qalbining lavhalariga yozilgandir . 4 Masih tufayli Xudoning oldida bularga ishonchimiz komildir. 5 Axir, biz oʻzimizning kuchimiz bilan biror narsa qila olmaymiz–ku! Hamma qobiliyatimiz bizga Xudo tomonidan berilgan. 6 Xudo bizga yangi ahdning xizmatkorlari boʻlish qobiliyatini berdi. Bu ahd qonunga emas, balki Ruhga asoslanib tuzilgan, chunki qonun oʻlimga yetaklaydi, Ruh esa hayot bagʻishlaydi .
7 Tosh lavhalarga yozilgan, oʻlimga yetaklaydigan eski ahdning qonun–amrlari shunchalik ulugʻvorlikka ega ediki, Isroil xalqi Musoning oʻsha ulugʻvorlikdan porlayotgan yuziga tik qaray olmagan edi. Oʻtkinchi ulugʻvorlik shunchalik porloq ekan, 8 Ruh orqali tuzilgan ahd keltiradigan ulugʻvorlik qanday porloq boʻlishi haqida bir oʻylab koʻring–chi! 9 Oʻlim hukmini keltiradigan eski ahd ulugʻvor ekan, insonlarni oqlaydigan ahd undan ham ulugʻvor boʻlmaydimi?! 10 Endi bu ajoyib ulugʻvorlik oldida oʻsha oldingi ulugʻvorlik arzimas boʻlib qoldi. 11 Oʻtkinchi eski ahd ulugʻvor boʻlgan ekan, boqiy boʻlgan bu yangi ahd naqadar ulugʻvordir!
12 Shunday umidimiz borligi uchun ham jasorat bilan Xushxabarni aytamiz. 13 Biz Musoga oʻxshamaymiz. Yuzida porlab turgan oʻtkinchi ulugʻvorlikni Isroil xalqi koʻrmasligi uchun Muso yuzini yopgan edi . 14 Isroil xalqining aqli oʻtmas boʻlib qolgandi. Bugunga qadar eski ahd oʻqilganda, xuddi bir parda ularning ongini toʻsib turganga oʻxshaydi. Bu pardani faqatgina Masih olib tashlaydi. 15 Ha, hozir ham Musoning qonuni oʻqilganda, ularning ongi toʻsiqdir. 16 Ammo Egamizga yuz burgan insonning ongidan toʻsiq parda olib tashlanadi. 17 Bu yerda Egamiz deganda, Muqaddas Ruhni nazarda tutyapman. Egamizning Ruhi qayerda boʻlsa, oʻsha yerda erkinlik bor. 18 Biz hammamiz ochiq yuz bilan Egamizning ulugʻvorligini koʻrib turibmiz . Biz oʻzgarib borar ekanmiz, yanada ulugʻvor boʻlib, Egamizga oʻxshagan boʻlamiz. Bularning hammasi Egamizning Ruhi orqali sodir boʻlmoqda.