2–BOB
1 Aziz bolalarim , gunoh qilmanglar deb, men sizlarga shularni yozyapman. Bordi–yu, birortamiz gunoh qilib qoʻysak, Otamiz Xudoning oldida homiyimiz — Iso Masih bor, U Solih Zotdir. 2 U bizni gunohlarimizdan poklash uchun qurbon boʻldi. Nafaqat bizning, balki butun dunyoning gunohlari uchun qurbon boʻldi.
Haqiqiy imonlining fazilatlari
3 Xudoni tanib–bilganimizni shundan bilsak boʻladi: Xudoni tanib–bilgan odam Uning amrlariga rioya qiladi. 4 Xudoni bilaman deb turib, Uning amrlariga rioya qilmagan esa yolgʻonchidir, unda haqiqat yoʻq. 5 Xudoning kalomiga itoat qilgan odamda esa Xudoning sevgisi oʻz mukammal ifodasini topgan. Biz Xudo bilan birga ekanimizni ana shundan bilsak boʻladi.
6 Men Xudo bilan birgaman degan odam Iso Masih yashaganday yashashi kerak. 7 Ey azizlarim, men sizlarga yangi amrni emas, balki boshidan oʻzingizga maʼlum boʻlgan eski amrni yozyapman. Bu eski amr sizlar eshitgan Xudoning kalomidir. 8 Ammo men yozayotgan bu amrni yangi desam ham boʻladi, chunki bu amr Masih va sizlar orqali amal qilmoqda. Haqiqatan ham, zulmat oʻtib bormoqda, haqiqiy nur hozirdanoq porlamoqda.
9 Men nurda yashayapman deb turib, oʻz birodaridan nafratlangan odam hali ham zulmatdadir. 10 Birodarini sevgan odam esa nurda yashaydi va hech qanday narsa uning qulashiga sabab boʻla olmaydi . 11 Ammo birodaridan nafratlangan odam zulmatdadir. U zulmatda yurib, qayerga ketayotganini bilmaydi, chunki zulmat uning koʻzlarini koʻr qilgan.

12 Aziz bolalarim, sizlarga yozyapman: Masih tufayli gunohlaringiz kechirildi.
13 Ey otalar, sizlarga yozyapman: sizlar boshidan ayon boʻlgan Masihni tanib–bildingizlar.
Ey yigitlar, sizlarga yozyapman: sizlar yovuz shaytonni yengdingizlar.

Ey bolajonlar, sizlarga yozyapman: sizlar Otamiz Xudoni bildingizlar.
14 Otalar, sizlarga yozyapman: sizlar boshidan ayon boʻlgan Masihni tanib–bildingizlar.
Yigitlar, sizlarga yozyapman: sizlar baquvvatsizlar, Xudoning kalomi qalbingizdan joy olgan, sizlar yovuz shaytonni yengdingizlar.
Dunyoga koʻngil bogʻlamanglar
15 Dunyoga va undagi narsalarga koʻngil bogʻlamanglar. Dunyoni sevgan odamda Otamiz Xudoning sevgisi boʻlmaydi. 16 Zero, dunyodagi bor narsa — inson tabiatining xohishlari, nafs va boylik bilan magʻrurlanish Otadan emas, balki dunyodandir. 17 Dunyo ham, uning nafsi ham oʻtib ketadi. Xudoning irodasini bajargan odam esa abadiy yashaydi.
Masih dushmanining taʼlimoti haqida ogohlantirish
18 Bolajonlarim, dunyoning soʻnggi damlari keldi! Masihning dushmani kelishini eshitgansizlar. Mana, hozirdan Masihning koʻp dushmanlari paydo boʻldi. Ana shundan biz soʻnggi damlarda yashayotganimizni bilamiz. 19 Aslida, bu odamlar oʻz oramizdan chiqdilar, ammo ular bizga tegishli boʻlmaganlar. Shuning uchun bizni tark etdilar. Agar bizga qarashli boʻlganlarida edi, biz bilan qolgan boʻlar edilar. Ammo chiqib ketganlaridan shunisi maʼlum boʻldiki, birontasi ham bizga qarashli emas.
20 Sizlar esa hammangiz haqiqatni bilasizlar, chunki sizlar Iso Masihdan Muqaddas Ruhni qabul qilgansizlar. 21 Sizlar haqiqatni bilmaganingiz uchun emas, aksincha, bilganingiz uchun men bularni sizlarga yozyapman. Yolgʻonchilar haqiqatga mansub emasligini ham eslatmoqchiman. 22 Isoni Masih emas, deydigan har qanday odam — yolgʻonchi, u Masihning dushmanidir! U Otamiz Xudoni ham, Oʻgʻilni ham rad etadi. 23 Oʻgʻilni rad etgan odamda Ota yoʻq. Oʻgʻilni tan olgan odamda esa, Ota ham bor.
24 Sizlar boshidan eshitgan kalomni qalbingizda saqlanglar. Agar boshidan eshitgan kalomni qalbingizda saqlasangiz, sizlar ham Oʻgʻil, ham Ota bilan birga yashaysizlar. 25 Masihning Oʻzi buni bizga vaʼda qilgan. Bu abadiy hayotdir. 26 Sizlarni yoʻldan ozdirmoqchi boʻlgan odamlardan ehtiyot boʻlinglar deb, bularni sizlarga yozyapman.
27 Ammo sizlar Iso Masihdan Muqaddas Ruhni qabul qilgansizlar. Muqaddas Ruh ichingizda yashayotgani uchun sizlarga hech kimning biror narsa oʻrgatishiga hojat yoʻq. Muqaddas Ruh sizlarga hamma narsani oʻrgatadi, Uning taʼlimoti soxta emas, haqiqiydir. U sizlarga oʻrgatganidek, Masih bilan yashashingiz kerak.
Xudoning bolalari va iblisning bolalari haqida
28 Ha, aziz bolalarim, bu soʻnggi damlarda Masih bilan yashanglar, toki U olamga kelganda dadil boʻlaylik, Uning oldida uyalib qolmaylik. 29 Biz Masihning odil ekanligini bilamiz. Shuning uchun adolatli ish tutgan har qanday odam Xudoning farzandi ekanligiga amin boʻlamiz.