17–BOB
Maxluqni mingan ayol
1 Yettita kosani tutgan yetti farishtadan biri kelib, menga shunday dedi: “Bu yoqqa kel, men senga mashhur fohishaning oladigan jazosini koʻrsataman. Fohisha timsolidagi bu buyuk shahar serob suvlar boʻyida joylashgan . 2 Yer yuzining shohlari u bilan zino qilardi, yer yuzida yashayotganlar uning fahshu zino sharobidan ichib, mast boʻlishardi.”
3 Muqaddas Ruh meni qamrab oldi, farishta meni choʻlga olib bordi. U yerda men qip–qizil maxluq ustida oʻtirgan bir ayolni koʻrdim. Maxluqning hamma yogʻiga kufrona nomlar yozilgandi, uning yettita boshi va oʻnta shoxi bor edi. 4 Ayol safsar va qip–qizil liboslar kiygan, oltin, javohir va marvaridlar bilan bezangandi. Uning qoʻlida oltin kosa bor edi, bu kosa jirkanchli narsalarga, fahshu haromliklarga toʻlib–toshgan edi. 5 Ayolning peshanasiga sirli maʼnoga ega boʻlgan shunday bir ism yozilgandi: “Buyuk Bobil — fohishalarning va yer yuzidagi jirkanch ishlarning onasidir.”
6 Men ayolning Xudo azizlari qonidan, yaʼni Iso shohidlari qonidan mast boʻlganini koʻrdim. Uni koʻrib, gʻoyat darajada hayron qoldim.
7 Farishta menga dedi: “Nega hayron boʻlasan? Men senga ayolning va u mingan yetti boshli, oʻn shoxli maxluqning sirini aytib beraman. 8 Sen koʻrgan bu maxluq qachonlardir bor edi, endi esa yoʻq. U koʻp oʻtmay tubsiz chuqurlikdan chiqadi va mahv etiladi. Dunyo yaratilishidan oldin ismlari hayot kitobiga yozilmagan yer yuzidagi hamma odamlar maxluqni koʻrib, hayron qoladilar. Chunki bu maxluq bor edi, hozir yoʻq, ammo yana keladi.
9 Bularni anglamoq uchun aqlu idrok darkor. Maxluqning yetti boshi — ayol oʻtirgan yettita tepalikning timsolidir. 10 Bu yetti bosh yettita hukmdorni ham bildiradi. Bularning beshtasi qulagan, bittasi hozir hukmronlik qilyapti, boshqasi esa hali kelgani yoʻq. U kelganda ham koʻp vaqt turmaydi. 11 Ilgari bor, hozir yoʻq maxluq esa yettita hukmdordan biri boʻla turib, sakkizinchi hukmdor sifatida qaytib keladi va mahv etiladi.
12 Sen koʻrgan maxluqning oʻnta shoxi hali taxtga oʻtirmagan boshqa oʻnta hukmdorni bildiradi. Ular qisqa vaqt davomida maxluq bilan birga hukmronlik qiladilar. 13 Bu hukmdorlar birlashib, oʻzlarining qudrati va hokimiyatini maxluqqa topshiradilar. 14 Ular Qoʻziga qarshi jang qiladilar. Ammo Qoʻzi Oʻzining daʼvat etilgan, tanlangan va sodiq izdoshlari bilan ularni yengadi. Axir, Qoʻzi hukmdorlarning Hukmdori, shohlarning Shohidir.”
15 Farishta menga yana shunday dedi: “Sen fohishaning suvlar boʻyida oʻtirganini koʻrding. Bu suvlar toʻda–toʻda elatlarni, xalqlaru millatlarni bildiradi. 16 Sen koʻrgan oʻnta shox va maxluq fohishadan nafratlanadilar. Uni xonavayron qilib, yalangʻoch qoldiradilar. Uning etini yeydilar, qoldiqlarini esa olovda yondiradilar. 17 Xudoning aytgan soʻzlari amalga oshmaguncha, oʻnta hukmdor birlashib, oʻz hokimiyatini maxluqqa topshiradilar. Zero, bu maqsadni ularning diliga Xudoning Oʻzi solgan. 18 Sen koʻrgan ayol — yer yuzi shohlari ustidan hukmronlik qiladigan buyuk shahardir.”