2–BOB
Moʻab
1 Egamiz shunday demoqda:
“Moʻab xalqi gunoh ustiga gunoh qildi!
Men ularni jazosiz qoldirmayman.
Axir, ular Edom shohining qabrini bulgʻadilar,
Suyaklarini kuydirib ohak qildilar.
2 Shunday ekan, Men Moʻab ustiga olov yogʻdiraman,
Olov Xariyoʻt qalʼalarini kuydirib tashlaydi.
Shovqin–suron ostida, bosqinchilarning hayqiriqlariyu
Burgʻu sadolari ostida Moʻab xalqi halok boʻladi.
3 Men Moʻab hukmdorini yoʻq qilaman,
U bilan birga mulozimlarini qirib tashlayman.”
Egamizning kalomi shudir.
Yahudo
4 Egamiz shunday demoqda:
“Yahudo xalqi gunoh ustiga gunoh qildi!
Men ularni jazosiz qoldirmayman,
Axir, ular qonunlarimdan yuz oʻgirdilar.
Qoidalarimni bajarmadilar.
Ota–bobolari singari, soxta xudolarga sigʻinib,
Haq yoʻldan ozdilar.
5 Shunday ekan, Men Yahudo yurtiga olov yogʻdiraman,
Olov Quddus qalʼalarini kuydirib tashlaydi.”
Isroil xalqi hukm qilinadi
6 Egamiz shunday demoqda:
“Isroil xalqi gunoh ustiga gunoh qildi!
Men ularni jazosiz qoldirmayman,
Axir, ular aybsizlarni pulga sotyaptilar.
Kambagʻallarni bir juft choriqqa almashtiryaptilar.
7 Yoʻqsilning boshini tuproqqa qorib, oyoq osti qilyaptilar,
Mazlumni yoʻldan chetga itarib chiqaryaptilar.
Ota va oʻgʻil bitta juvon bilan yotib ,
Meni badnom qilyaptilar.
8 Ular har bir qurbongoh oldida
Oʻzlari garovga olgan liboslar ustida yotibdilar .
Oʻz Xudosining uyida,
Jarima evaziga olgan sharobni ichyaptilar.
9 Ey Isroil xalqi, Men sizni deb,
Amor xalqlarini yoʻq qilgan edim.
Ularning boʻy–basti sadr daraxtiday baland,
Eman daraxtiday baquvvat boʻlgan boʻlsa–da,
Men ularning mevasini qovjiratgan edim,
Ildizini quritgan edim.
10 Amor xalqining yurtini sizlarga mulk qilib beraman deb,
Sizlarni Misr yurtidan olib chiqqandim.
Qirq yil sahroda sizlarga yoʻl koʻrsatib yurgandim.
11 Farzandlaringizdan paygʻambarlar tayinladim,
Baʼzi yigitlaringizni, Menga bagʻishlaninglar , deb chorladim.
Shunday emasmi, ey Isroil xalqi?!
— deb aytmoqda Egamiz. —
12 Sizlar esa Menga bagʻishlanganlarga sharob ichirdingiz ,
Paygʻambarlarimga: «Bashorat qilmanglar!» deb buyurdingiz.
13 Mana endi sizlarni shu qadar ezamanki,
Sizlar ogʻir yuk ostida gʻirchillagan aravaday boʻlasiz.
14 Oʻshanda chaqqonlar ham qochib qutulolmaydi,
Pahlavonlar ham kuchdan qoladi,
Hatto jangchilar ham jonini saqlay olmaydi.
15 Kamonkash dosh berolmaydi,
Choparlar qutqara olmaydi oʻzini,
Otliqlar saqlay olmaydi jonini.
16 Oʻsha kuni jasurlarning eng dovuragi ham
Qurol–aslahalarini tashlab qochadi.”
Egamizning kalomi shudir.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020