25–BOB
Yahudo shohi Emoziyo
1 Emoziyo taxtga oʻtirgan paytda, yigirma besh yoshda edi. U Quddusda yigirma toʻqqiz yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik boʻlib, ismi Yohuvaddon edi. 2 Emoziyo Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi, ammo chin yurakdan qilmagan edi. 3 Emoziyo oʻz shohligini mustahkamlab olgandan keyin, otasini oʻldirgan aʼyonlarni yoʻq qildi. 4 Biroq Musoning qonunida yozilganiga koʻra, qotillarning bolalarini oʻldirmadi, chunki Egamiz: “Otalar farzandlarining gunohi uchun oʻldirilmasin, farzandlar otalarining gunohi uchun oʻldirilmasin, har kim oʻzining gunohi uchungina oʻlim jazosiga tortilsin”, deb amr qilgan edi .
Edom yurtiga qarshi urush
5 Emoziyo Yahudo va Benyamin qabilalarini, ularning urugʻlariga koʻra, harbiy qismlarga boʻldi. Ular ustidan mingboshi va yuzboshilarni tayinladi. Emoziyoning lashkari yigirma va undan yuqori yoshdagi 300.000 saralangan jangchidan tashkil topgan boʻlib, ularning hammasi urushga yaroqli, qilich va qalqonni mohirlik bilan ishlata olar edi. 6 Bulardan tashqari, Emoziyo 200 pud kumushga Isroildan 100.000 bahodir jangchini yolladi. 7 Lekin Xudoning bir odami Emoziyoning huzuriga kelib, shu gapni aytdi:
— Ey shoh! Isroil lashkari sen bilan bormasin, chunki Egamiz ular bilan emas. Isroil xalqiga yordam berishdan Egamiz voz kechgan. 8 Sen jasorat bilan jang qilsang ham, baribir Xudo seni gʻanimlaring oldida magʻlub qiladi, chunki yordam beradigan va magʻlub qiladigan Xudodir.
9 Emoziyo Xudoning odamidan soʻradi:
— Isroil lashkari uchun toʻlagan ikki yuz pud kumush nima boʻladi?
Xudoning odami:
— Egamiz senga bundan ham koʻprogʻini berishga qodir, — deya javob berdi.
10 Shundan keyin Emoziyo Isroildan kelgan lashkarga javob berib, ularni uylariga qaytarib yubordi. Ular Yahudo xalqidan qattiq gʻazablanib, jahl ustida uylariga qaytib ketdilar.
11 Emoziyo jasorat koʻrsatib, lashkarini Tuz vodiysiga boshlab bordi. U yerda Edomliklardan 10.000 nafarini oʻldirdi. 12 Yahudo lashkari ularning yana 10.000 nafarini tiriklayin asirga olib, qoya choʻqqisidan pastga itarib yubordi. Ularning hammasi toshlarga urilib halok boʻldilar.
13 Shu orada Emoziyo orqaga qaytarib yuborgan Isroil lashkari Samariya bilan Bayt–Xoʻron oraligʻidagi Yahudo shaharlariga hujum qildi, ular 3000 kishini oʻldirib, koʻp oʻlja oldilar.
14 Emoziyo Edomliklarni magʻlub qilgandan keyin oʻzi bilan Edomliklarning xudolarini olib keldi. Ularni oʻziga xudo qilib oʻrnatdi, oʻsha xudolarga sajda qilib, qurbonliklar keltirdi. 15 Egamiz bundan qattiq gʻazablanib, Emoziyoning huzuriga paygʻambarini yubordi. Paygʻambar unga shu soʻzlarini aytdi:
— Nimaga sen begona xudolarga sajda qilyapsan? Bu xudolar oʻz xalqini sening qoʻlingdan qutqara olmadi–ku!
16 — Qachondan beri sen shohning maslahatchisi boʻlib qolding?! — deb paygʻambarning gapini boʻldi shoh. — Ovozingni oʻchir! Boʻlmasa joningni olaman.
Paygʻambarning gapi ogʻzida qoldi, biroq u shohni shunday deb ogohlantirib qoʻydi:
— Sen shu ishni qilib, mening maslahatimga quloq solmaganing uchun Xudo seni nobud qilishga qaror qilganini bilaman.
Isroil xalqi Yahudo yurtini magʻlub qiladi
17 Yahudo shohi Emoziyo oʻz aʼyonlari bilan maslahatlashib, Isroil shohi Yohoʻshga : “Qani, menga jang maydonida roʻbaroʻ kelib koʻr–chi ”, degan xabar joʻnatdi. Yohoʻsh Yohuxozning oʻgʻli, Yohuning nabirasi edi.
18 Isroil shohi Yohoʻsh esa bunga javoban Yahudo shohi Emoziyoga shu xabarni joʻnatdi: “Lubnon togʻlarida bir gʻovtikan sadr daraxtiga, qizingni oʻgʻlimga xotinlikka ber, deb xabar yoʻllabdi. Oʻsha paytda bir yirtqich hayvon oʻsha yerdan oʻtib ketayotib, gʻovtikanni bosib yanchib ketibdi. 19 Shunga oʻxshab sen ham: «Koʻrib qoʻy, Edomni magʻlub qildim», deb maqtanib, yuraging kiborlikka toʻlibdi. Uyingda oʻtiraver. Nima uchun qitmirlik qilyapsan? Oʻz boshingni ham, Yahudo xalqining boshini ham baloga giriftor qilyapsan!”
20 Lekin Emoziyo quloq solmadi. Bu Xudoning ishi edi. Yahudo xalqi Edomning xudolariga sajda qilgani uchun, Xudo ularni dushmanning qoʻliga berishga qaror qilgan edi. 21 Shuning uchun Isroil shohi Yohoʻsh Yahudo shohi Emoziyo ustiga yurish qildi. Ikkala tomonning lashkari Yahudoning Bayt–Shamash shahrida roʻbaroʻ keldi. 22 Isroil lashkari Yahudo lashkarini magʻlub etdi. Yahudo lashkarining hammasi uylariga qochib ketdi. 23 Isroil shohi Yohoʻsh Yahudo shohi Emoziyoni Bayt–Shamashda asir qilib oldi. Emoziyo Oxoziyoning nevarasi, Yoʻshning oʻgʻli edi. Soʻng Yohoʻsh Emoziyoni Quddusga olib bordi. U yerda Quddus devorining Efrayim darvozasidan Burchak darvozasigacha boʻlgan 400 tirsak qismini buzdirdi. 24 Xudoning uyida Obidadomning nasli qoʻriqlagan hamma oltinu kumushni va ashyolarni tortib oldi. Bulardan tashqari, saroy xazinasini va asirlarni olib, Samariyaga qaytib ketdi.
25 Yahudo shohi Emoziyo Isroil shohi Yohoʻshning oʻlimidan keyin oʻn besh yil yashadi. 26 Emoziyoning boshqa ishlari boshdan oxirgacha “Yahudo va Isroil shohlari kitobi”da yozilgan. 27 Emoziyo Egamizdan yuz oʻgirgan vaqtda Quddusda unga qarshi fitna uyushtirildi. Emoziyo bundan xabar topib, Laxish shahriga qochdi. Ammo dushmanlari Emoziyoning ortidan odam yuborib, uni oʻsha yerda oʻldirtirdilar. 28 Emoziyoning jasadini otda Quddusga olib keldilar. U Dovud qalʼasida ota–bobolarining yoniga dafn qilindi.