47–BOB
Maʼbaddan oqib chiqqan irmoq
1 Oʻsha odam meni Maʼbadning eshigi yoniga olib bordi. Qarasam, Maʼbad ostonasidan bir irmoq oqib chiqayotgan ekan. Ostonaning janub tomonidan chiqqan bu irmoq qurbongohning janubidan oʻtib, sharqqa oqayotgan edi. 2 Soʻng oʻsha odam meni shimoliy darvoza orqali tashqariga olib chiqdi. Biz aylanib, Maʼbadning sharqiy darvozasi yoniga bordik. Irmoq sharqiy darvozaning janub tomonidan jildirab oqib chiqayotgan edi.
3 Oʻsha odam qoʻlidagi arqon bilan sharq tomonga oqayotgan bu irmoqning uzunligini oʻlchay boshladi. U 1000 tirsak oʻlchab boʻlgandan soʻng, menga irmoqdan kechib oʻtishimni buyurdi. Oʻsha yerdagi suv toʻpigʻimgacha kelar edi. 4 Soʻng yana 1000 tirsak oʻlchab, irmoqdan kechib oʻtishimni buyurdi. Bu safar suv tizzamgacha chiqdi. Keyingi 1000 tirsak masofadan soʻng suv belimgacha chiqdi. 5 Soʻng u odam yana 1000 tirsak oʻlchadi, bu yerda irmoq oʻtib boʻlmaydigan bir daryoga aylangan edi. Daryo shu qadar chuqur ediki, uni faqat suzib oʻtsa boʻlar edi. 6 Shunda u odam menga: “Ey inson, koʻrgan bu narsani doim yodingda tut”, — dedi–da, meni qirgʻoqqa boshlab ketdi.
7 Qirgʻoqqa chiqqanimizdan soʻng, men daryoning ikki tomonida oʻsayotgan juda koʻp daraxtlarni koʻrdim. 8 Odam menga dedi: “Bu daryo sahro orqali Iordan vodiysiga oqib, Oʻlik dengizga quyiladi. Shunda Oʻlik dengizning shoʻr suvlari shirin boʻladi. 9 Daryo oqib borgan hamma joyda sudraluvchilar yashaydi, baliqlar toʻlib–toshadi. Shirin boʻlgan bu suvlar oqib oʻtgan hamma joyda hayot boshlanadi. 10 Odamlar Oʻlik dengizning qirgʻoqlarida turib baliq tutishadi, En–Gedidan En–Exlayimgacha boʻlgan joyda toʻrlarini quritishadi. Oʻrta yer dengizidagi kabi, baliqlarning turi koʻp boʻladi. 11 Biroq botqoqliklar bilan xalqoblarning suvlari yangilanmaydi. Ular tuz manbai boʻlib qoladi. 12 Daryoning ikki tomonida turli xil mevali daraxtlar oʻsadi. Ular har oyda yangi mevalar tugadi, barglari hech qachon soʻlimaydi. Maʼbaddan chiqqan suv ularni sugʻorgani uchun ular hech qachon hosildan qolmaydi. Ularning mevalari ozuqa boʻladi, barglari shifo keltiradi.”
Yurtning chegaralari
13 Soʻng Egamiz Rabbiy shunday dedi: “Yurtni Isroilning oʻn ikki qabilasiga boʻlib berayotganingizda quyidagi koʻrsatmalarga rioya qilinglar: Yusuf avlodlariga ikki ulush yer berilsin. 14 Men ota–bobolaringizga ont ichib, vaʼda qilgan bu yerni qabilalar orasida teng boʻlinglar. Bu yer sizning mulkingiz boʻladi.
15 Shimoliy chegarangiz Oʻrta yer dengizidan boshlanib, sharqqa — Xetlon shahri tomon boradi, soʻng Levo–Xomat orqali oʻtib, Zadod shahrigacha davom etadi. 16 Keyin Damashq va Xomat oraligʻidagi Baroʻtax va Sivrayim shaharlarigacha borib, Xavron chegarasidagi Xazer–Xatikongacha choʻziladi. 17 Shunday qilib, shimoliy chegarangiz Oʻrta yer dengizidan sharqdagi Xazor–Enan shahrigacha boradi. Xazor–Enan shahri janubdagi Damashq va shimoldagi Xomat hududlari orasida joylashgan.
18 Sharqiy chegara Xavron va Damashq hududlari orasida boshlanib, Isroil va Gilad yerlari oʻrtasidan oqib oʻtgan Iordan daryosi boʻylab boradi. Oʻlik dengizdan ham oʻtib, janubdagi Tamar shahrigacha yetib boradi. Mana shu sharqiy chegaradir.
19 Janubiy chegara Tamar shahridan boshlanib, Kadeshdagi Mariva suvlarigacha boradi, keyin Misr chegarasidagi irmoq boʻylab borib, Oʻrta yer dengizigacha yetadi. Bu janubiy chegaradir.
20 Oʻrta yer dengizining qirgʻogʻi gʻarbiy chegarani tashkil qilib, Levo–Xomatning gʻarbdagi shimoliy chegarasi boshlangan joyigacha boradi.
21 Bu yerlarni Isroil qabilalariga boʻlib beringlar. 22 Ular bu yerlarni qurʼa boʻyicha meros qilib olsinlar. Bolalari Isroilda tugʻilgan orangizdagi musofirlarga ham yeringizdan ulush beringlar. Ularni Isroilning mahalliy aholisi deb bilinglar. Ularga oʻzingiz qatori Isroil qabilalari orasidan yerni mulk qilib beringlar. 23 Ular qaysi qabila orasida yashashsa, oʻsha qabila hududidan yer olishsin.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020