2–BOB
Isoning dastlabki moʻjizasi
1 Ikki kundan keyin Jaliladagi Kaʼna qishlogʻida nikoh toʻyi boʻldi. Isoning onasi oʻsha yerda edi. 2 Iso bilan shogirdlari ham toʻyga taklif qilingan edilar.
3 Sharob tugay deb qolganda, onasi Isoga:
— Ularda sharob qolmabdi, — dedi.
4 — Buning Menga nima daxli bor?! Mening vaqt–soatim hali kelgani yoʻq, — dedi Iso. 5 Shunda onasi xizmatkorlarga:
— U sizlarga nima desa, shuni qilinglar, — dedi.
6 Oʻsha yerda yahudiylarning poklanish marosimlarida ishlatiladigan oltita tosh xum bor edi. Har bir xum ichiga oʻn–oʻn ikki chelak suv sigʻardi.
7 Iso xizmatkorlarga:
— Xumlarni suvga toʻldiringlar, — dedi. Ular xumlarni limmo–lim qilib suvga toʻldirishdi. 8 Iso ularga:
— Endi xumdagi suvdan ozgina olib, toʻyboshiga olib boringlar, — dedi. Ular olib borishdi.
9 Toʻyboshi sharobga aylangan suvni tatib koʻrdi. Bu sharobning qayerdan kelganligini u bilmas edi, faqat olib kelgan xizmatkorlar bilishar edi. Toʻyboshi kuyovni chaqirtirib, 10 unga dedi:
— Dasturxonga avval yaxshi sharob tortiladi. Mehmonlar ichib toʻyganlaridan keyin, yomonrogʻi tortiladi. Sen esa yaxshi sharobni shu paytgacha saqlab kelibsan!
11 Bu Isoning qilgan birinchi moʻjizasi edi. Iso bu moʻjizali alomatni Jaliladagi Kaʼna qishlogʻida namoyish etib, Oʻzining ulugʻvorligini zohir qildi. Shogirdlari Unga ishondilar.
12 Shundan keyin Iso, onasi, ukalari va shogirdlari Kafarnahum shahriga bordilar va u yerda bir necha kun turdilar.
Iso savdogarlarni Maʼbaddan quvadi
13 Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashib qolgani uchun Iso Quddus shahriga bordi. 14 Maʼbad hovlisiga kirganda, u yerda mol–qoʻy, kaptar sotayotganlarni va xontaxtalar yonida oʻtirgan sarroflarni koʻrdi. 15 Iso arqondan qamchi yasadi–da, Maʼbaddan hammani mol–qoʻylari bilan birga quvib chiqardi. Sarroflarning xontaxtalarini agʻdarib, pullarini sochib yubordi. 16 Kaptar sotuvchilarga:
— Bularni yoʻqotinglar bu yerdan! Otamning uyini bozor qilmanglar! — dedi. 17 Shunda Uning shogirdlari Muqaddas bitiklardagi: “Sening uyingga boʻlgan sevgim ichimni yondirar” degan soʻzlarni esladilar.
18 — Bunday qilishga nima haqing bor?! Bordi–yu, haqing boʻlsa, bironta alomat koʻrsatib, buni isbotla! — deb talab qila boshladi yahudiylar.
19 Iso shunday javob berdi:
— Mana bu Maʼbadni buzinglar, Men uch kun ichida uni tiklayman.
20 Bunga javoban yahudiylar dedilar:
— Bu Maʼbad qirq olti yildan beri qurilyapti , Sen esa uni uch kunda tiklamoqchimisan–a?!
21 Holbuki, Iso Maʼbad deb Oʻzining badanini nazarda tutgan edi. 22 Iso oʻlib tirilgandan keyin, shogirdlari Uning bu gapini esladilar. Shunda Muqaddas bitiklarga va Isoning soʻzlariga ishondilar.
23 Iso Quddusda Fisih bayramida boʻlganda, koʻp odamlar Uning qilayotgan moʻjizali alomatlarini koʻrib, Unga imon keltirdilar. 24 Ammo Iso odamlarning qanaqaligini bilgani uchun Oʻzini ularga ishonmas edi. 25 Inson haqida Unga biron gap aytishning hojati yoʻq edi. Chunki inson dilida nima borligini U bilar edi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020