1–BOB
Duoyi salom
1 Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi boʻlgan men — Pavlusdan va birodarimiz Timoʻtiydan Xudoning Korinf shahridagi jamoatiga hamda Axaya viloyatidagi barcha Xudoning azizlariga salom! 2 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyatu tinchlik ato qilsin.
Tasalli manbai — Xudo
3 Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga, har turli tasallining manbai boʻlgan Xudo — marhamatli Otaga hamdu sanolar boʻlsin! 4 Har xil azob–uqubatlarga uchraganimizda, Xudo bizga tasalli beradi. Shunday ekan, biz ham azob chekayotgan insonga tasalli bera olamiz. Xudo bizga bergan tasalli bilan uni ovuntira olamiz. 5 Masihga oʻxshab biz qanchalik koʻp azob cheksak, Xudo bizga Masih orqali shunchalik koʻp tasalli beradi. 6 Biz azob–uqubatlarga duchor boʻlayotgan ekanmiz, sizlar tasalli va najot topishingiz uchundir. Biz tasalli topayotgan boʻlsak, bu ham sizlar tasalli topishingiz uchundir, toki sizlar ham bizga oʻxshab azob–uqubatlarga uchraganingizda bardosh bera oling. 7 Sizlar nafaqat azob–uqubatlarimizga, balki tasallimizga ham sherik boʻlishingizga hech shubhamiz yoʻq.
8 Ey birodarlar, biz shuni istar edikki, sizlar Asiya viloyatidagi biz chekkan azoblardan bexabar qolmanglar. Biz haddan tashqari, chidab boʻlmas darajada azob–uqubat tortdik, hatto tirik qolishdan ham umidimizni uzgan edik. 9 Oʻlim muqarrar ekanligiga amin boʻlgan edik. Bularning hammasi bizning oʻzimizga emas, balki oʻliklarni tiriltiradigan Xudoga umid bogʻlashimiz uchun sodir boʻldi. 10 Haqiqatan ham Xudo bizni shunday ogʻir oʻlim tahlikasidan qutqardi va yana qutqaradi ham. Ha, Xudo bizni yana qutqaradi, deb Undan qattiq umid qilamiz. 11 Sizlar ham ibodatlaringiz orqali bizning faoliyatimizga sherik boʻlyapsizlar. Buni koʻrib, koʻpchilik biz uchun Xudoga shukr aytadi, chunki ularning biz uchun qilgan iltijolari natijasida Xudo bizga iltifot koʻrsatdi.
Pavlusning safar rejalari oʻzgaradi
12 Vijdonimiz guvohlik berib turibdi, biz bu dunyoda, ayniqsa sizlar bilan boʻlgan munosabatimizda Xudo ato qilgan soddalik va samimiylik bilan ish tutdik. Biz dunyoviy donolikka emas, balki Xudoning inoyatiga tayanib harakat qildik. Faxrlanishimizning sababi ana oʻshadir.
13-14 Sizlar oʻqib, tushuna oladiganlardan boshqa hech narsa yozmaymiz. Sizlar hozir bizni qisman boʻlsa–da, tushunasizlar. Umid qilamanki, bir kun kelib, sizlar quyidagini toʻla anglab olasiz: biz sizlardan qanday faxrlansak, sizlar ham Rabbimiz Iso keladigan kunda bizdan shunday faxrlana olasizlar.
15 Yuqorida aytib oʻtganlarimning toʻgʻriligiga ishonganim uchun meni ikki marta koʻrib, xursand boʻlib qolinglar degan niyatda sizlarning oldingizga bormoqchi edim. 16 Makedoniyaga borayotganimda sizlarning oldingizga kirib oʻtish, qaytishda ham sizlarni koʻrib ketish niyatim bor edi . Shunday qilib, Yahudiyaga ketishimda yoʻlda uchrashi mumkin boʻlgan ehtiyojlarimni qondirib, kuzatib qoʻyardingizlar.
17 Shunday rejalarim bor edi. Oʻsha rejalar amalga oshmasa, yengiltaklik bilan ish tutgan boʻlamanmi?! Yoki men reja qilayotgan paytda goh “ha”, goh “yoʻq” deydigan, betayin odamga oʻxshaymanmi?! 18 Xudo ishonchlidir, shuning uchun sizlarga yetkazgan xabarimiz ham hech oʻzgarmaydi. 19 Silas , Timoʻtiy va men sizlarga Xudoning Oʻgʻli — Iso Masih haqida aytganmiz. Iso Masih oʻzgaruvchan emas. U doimo sadoqatlidir. 20 Iso Masih orqali Xudo Oʻz vaʼdalarini bajaradi, shuning uchun biz ham Iso Masih orqali Xudoni ulugʻlab, “Omin, iloyim shunday boʻlsin”, deymiz. 21 Xudoning Oʻzi bizni ham, sizlarni ham Iso Masihga boʻlgan imonimizda mustahkam qiladi. U bizni Oʻzi uchun tanlab oldi. 22 Bizga Oʻz muhrini bosib, kelajakdagi qut–barakalarning kafili sifatida Muqaddas Ruhni berdi. 23 Xudo shohid, oʻz jonim haqi aytyapman, sizlarni ayaganim uchun hanuz Korinfga bormadim. 24 Biz sizlarning imoningiz ustidan hukmdormiz, demoqchi emasman, chunki sizlar imonda mahkam turibsizlar. Xizmat qilishimizdan maqsad quvonchingizni koʻpaytirishdir.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020