4–BOB
Isoni iblis vasvasaga soladi
1 Iso Iordan daryosidan Muqaddas Ruhga toʻlib qaytdi. Ruh Uni sahroga boshlab ketdi. 2 Sahroda Isoni iblis qirq kun vasvasaga soldi. Oʻsha kunlar davomida Iso hech narsa yemadi, oxiri och qoldi. 3 Shunda iblis Isoga dedi:
— Agar Sen Xudoning Oʻgʻli boʻlsang, bu toshga buyur, nonga aylansin!
4 Iso unga shunday javob berdi:
— Yozilganki: “Inson faqat non bilan yashamaydi .”
5 Soʻng Isoni iblis tepalikka olib chiqib, bir lahzada Unga olamning barcha shohliklarini koʻrsatdi. 6 U Isoga dedi:
— Seni ana shu shohliklar ustidan hukmron qilaman, ularning shon–shuhratini Senga beraman. Bularning hammasi menga berilgan, men esa istaganimga beraman. 7 Menga sajda qil, shunda hammasi Seniki boʻladi.
8 Iso javob berib dedi:
— Yozilganki : “Egang Xudoga sajda qil, faqat Unga xizmat qil.”
9 Keyin iblis Isoni Quddusga olib bordi. Uni Maʼbadning eng yuqori joyiga chiqarib, shunday dedi:
— Agar Sen Xudoning Oʻgʻli boʻlsang, Oʻzingni bu yerdan pastga tashla. 10 Axir, yozilgan–ku:
“Xudo Sen toʻgʻringda farishtalariga amr beradi,
Farishtalar Seni qoʻriqlaydi.
11 Oyogʻing toshga qoqilib ketmasin deya,
Farishtalar qoʻllarida Seni koʻtarib boradi.”
12 Iso iblisga javoban dedi:
— Yana yozilganki: “Egang Xudoni sinama.”
13 Iblis har tomonlama Isoni vasvasaga solib boʻlgandan soʻng Uning yonidan ketdi, biroq qaytib kelish uchun fursat poylab yurdi.
Iso Oʻz yurtida rad qilinadi
14 Iso Ruh qudratiga toʻlib, Jalila hududiga qaytdi. U haqidagi ovoza butun atrofga tarqaldi. 15 U sinagogalarda taʼlim berardi, hamma Uni maqtardi.
16 Soʻng Iso Oʻzi ulgʻayib oʻsgan shahri Nosiraga bordi. Oʻz odati boʻyicha Shabbat kunida sinagogaga kirib, Muqaddas bitiklarni oʻqish uchun oʻrnidan turdi. 17 Unga Ishayo paygʻambarning oʻramini uzatdilar. U oʻramni ochib, quyidagi parchani topib oʻqidi:
18 “Egamizning Ruhi meni qamradi.
Yoʻqsillarga Xushxabar yetkazmoq uchun
Egam meni tanladi.
Zindondagilarga erkin boʻlasiz, deb aytmoq uchun,
Koʻrlarga, koʻzingiz ochiladi, deb xabar bermoq uchun,
Asirlarni ozod qilmoq uchun,
19 Egamning marhamat yilini maʼlum etmoq uchun
Egam meni yubordi.”
20 Keyin Iso oʻramni qayta oʻradi–da, xizmatchiga berib, oʻtirdi. Sinagogadagi barchaning koʻzi Unga tikildi. 21 Iso ularga dedi:
— Sizlar eshitgan bu kalom shu bugun bajo boʻldi.
22 Hamma Isoni maqtar edi. Uning latif soʻzlariga mahliyo boʻlib: “Nahotki bu Odam Yusufning oʻgʻli boʻlsa?!” deb aytishardi.
23 Iso ularga dedi:
— Bilib turibman, sizlar: “Ey tabib, oʻzingni oʻzing davolab koʻr–chi!” degan iborani yuzimga solmoqchisizlar. “Kafarnahumda qilgan moʻjizalar haqida xabar topdik. Oʻshalarni Oʻz shahringda ham qil”, deb aytmoqchisizlar.
24 Soʻng Iso gapida davom etib, dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, hech qanday paygʻambar oʻz yurtida qabul qilinmaydi. 25 Sizlarga yana bir haqiqatni aytaman: Ilyos paygʻambar davrida Isroil yurtida koʻp bevalar bor edi. Osmondan uch yilu olti oy davomida bir tomchi ham yomgʻir yogʻmadi, butun yurtda dahshatli ocharchilik boʻldi. 26 Ammo Xudo Ilyosni ularning birontasiga yubormay, faqatgina Sidon shahri yaqinidagi Zorafatda yashovchi bir bevaga yuborgan edi. 27 Xuddi shu singari, Elishay paygʻambar davrida ham Isroil yurtida teri kasalligiga chalingan koʻp odamlar bor edi. Ammo birontasi ham shifo topmadi, faqat Suriyalik Noʻmon shifo topdi, xolos.
28 Sinagogadagi odamlar bularni eshitgach, hammalari gʻazablanishdi. 29 Oʻrinlaridan sakrab turib, Isoni shahardan tashqariga haydab chiqarishdi. Nosira shahri tepalik ustida joylashgan edi. Odamlar Isoni oʻsha tepalikning chetiga olib borib, jarlikka tashlamoqchi boʻlishdi. 30 Lekin Iso ularning orasidan oʻtib, Oʻz yoʻliga ketdi.
Jinga chalingan odam shifo topadi
31 Iso Jaliladagi Kafarnahum shahriga bordi. Shabbat kunlarida xalqqa taʼlim beradigan boʻldi. 32 Xaloyiq Isoning taʼlimotini eshitib, hayratda qoldi, chunki U hokimiyat bilan gapirardi.
33 Shahardagi sinagogada jinga chalingan bir odam bor edi. U ovozi boricha baqirib dedi:
34 — Ey Nosiralik Iso! Bizni tinch qoʻy! Sen bizni halok qilgani keldingmi?! Sening kimligingni bilaman: Sen Xudoning Azizisan!
35 Biroq Iso jinga doʻq urib:
— Jim boʻl! Undan chiqib ket! — dedi. Shunda jin hammaning koʻzi oldida haligi odamni yerga agʻnatib, uning ichidan chiqib ketdi. Odam hech qanday zarar koʻrmadi. 36 Hamma hayratda qoldi.
— Nima boʻlyapti oʻzi?! U qudratu hokimiyat bilan buyruq berganda yovuz ruhlar chiqib ketyapti! — deb bir–birlariga gapirardilar. 37 Iso haqidagi ovoza butun tevarak–atrofga tarqaldi.
Iso koʻp odamlarga shifo beradi
38 Iso sinagogadan chiqib, Shimoʻnning uyiga kirdi. Shimoʻnning qaynanasi qattiq isitmalab yotgan edi. Isodan, kasalni koʻrib qoʻying, deb iltimos qilishdi. 39 Iso ayolning yoniga kelib, isitmaga: “Ayolni tark et!” — deb buyruq berdi. Isitma ayolni tark etdi. Ayol oʻsha zahoti oʻrnidan turib, ularga xizmat qila boshladi.
40 Quyosh botayotgan paytda , odamlar turli xastalikdan azob chekayotgan qarindosh–urugʻlarini Isoning oldiga olib keldilar. Iso hamma xastalarga qoʻlini qoʻyib, shifo berdi. 41 Jinlar esa: “Sen Xudoning Oʻgʻlisan!” — deb baqirganlaricha, koʻplab odamlarni tark etardilar. Iso jinlarga doʻq urib, ularning gapirishlariga ijozat bermasdi, chunki jinlar Isoning Masih ekanini bilishardi.
Iso sinagogalarda vaʼz qiladi
42 Tong otgach, Iso shaharni tark etib, kimsasiz bir joyga ketdi. Bir toʻda olomon Uni izlab ortidan bordi. Ular Isoni topganlaridan soʻng: “Yonimizdan ketmang”, deb Uni olib qolishga harakat qildilar. 43 Iso esa odamlarga shunday dedi:
— Men Xudoning Shohligi toʻgʻrisidagi Xushxabarni boshqa shaharlarda ham eʼlon qilishim kerak, Men shu maqsadda yuborilganman.
44 Shunday qilib, Iso yurtdagi sinagogalarda voizlik qilishni davom ettirdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020