7–BOB
Ulugʻ ruhoniy Maliksidiq
1 Maliksidiq — Salim shohi va Xudoyi Taoloning ruhoniysi edi. Ibrohim toʻrtta shohni magʻlub etib, qaytib kelayotganda, Maliksidiq uni kutib olgani chiqib, duo qilgan edi. 2 Ibrohim esa qoʻlga kiritgan hamma oʻljasining oʻndan birini Maliksidiqqa bergandi.
Maliksidiq ismining maʼnosi “adolat shohi” demakdir. U yana “tinchlik shohidir”, chunki Salim “tinchlik” maʼnosini beradi. 3 Uning na otasi, na onasi, na nasabnomasi bor. Hayotining boshi ham, oxiri ham yoʻq. U Xudoning Oʻgʻli singari, to abad ruhoniy boʻlib qoladi.
4 Maliksidiq qanchalik buyuk zot ekanligini bilib qoʻying! Hatto ulugʻ bobokalonimiz Ibrohim ham oʻljasining oʻndan birini unga bergandi. 5 Levi naslidan boʻlgan ruhoniylar esa Xudoning qonuni boʻyicha Isroil xalqidan, yaʼni oʻz birodarlaridan ushr yigʻishlari kerak edi. Vaholanki, Isroil xalqining hammasi Ibrohimning avlodlaridir. 6 Maliksidiq Levi naslidan boʻlmasa–da, Ibrohimdan ushr oldi. Soʻng Ibrohimni — Xudoning vaʼdalarini olgan zotni duo qildi. 7 Hammamizga maʼlumki, duo qilgan odam duo olgan odamdan ulugʻroqdir. 8 Ushr yigʻadigan ruhoniylar foniy bandalar edi. Ibrohimdan ushr olgan Maliksidiq esa, Muqaddas bitiklarda yozilishicha, hanuz barhayotdir. 9 Hatto aytishimiz mumkinki, ushr oluvchi levi ruhoniylari ham Ibrohim orqali Maliksidiqqa ushr bergandilar. 10 Chunki Maliksidiq Ibrohimni kutib olganda, levi ruhoniylari hali bobokaloni Ibrohimning pushti kamarida edilar.
Maliksidiqqa oʻxshash boshqa bir Ruhoniy
11 Levi ruhoniylari bizni barkamol qila olmaydilar. Shuning uchun Xudo Horunning nasabidan boʻlgan ruhoniyni emas, balki Maliksidiqqa oʻxshagan boshqa bir ruhoniyni yubordi. Isroil xalqiga berilgan qonunlar levi ruhoniylari orqali joriy qilingan edi. 12 Shunday ekan, Xudo yangi ruhoniylikni tashkil qilganda, yangi qonunlarni ham joriy qildi. 13-14 Buni biz aytib oʻtgan ruhoniy, yaʼni Rabbimiz Iso misolida aniq koʻrishimiz mumkin. Biz bilamizki, Rabbimiz Iso Levi qabilasidan emas, balki Yahudo qabilasidan kelib chiqqan. Yahudo qabilasidan hech kim ruhoniy boʻlib qurbongohda xizmat qilmagan. Buning ustiga, Muso bu qabila haqida gapirganda ruhoniylikka doir biron koʻrsatma bermagan. 15 Yangi qonunlar joriy qilinganini yana shundan aniq koʻrishimiz mumkin: Rabbimiz xuddi Maliksidiq kabidir. 16 Uning ruhoniyligi bu foniy dunyoning talabiga, yaʼni nasl–nasabga doir qoidalarga asoslanmagan, balki Maliksidiqning ruhoniyligi singari, cheksiz hayot qudratiga asoslangan. 17 Zotan, Muqaddas Bitikda U haqda shunday yozilgan:

“Sen Maliksidiq singari,
To abad ruhoniysan.”

18 Demak, avvalgi qonun–qoidalar ojiz va samarasiz boʻlgani uchun bekor qilindi. 19 Chunki qonun biron–bir kishini kamolotga yetkaza olmagan. Endi qonun oʻrniga bizga aʼloroq bir umid berildi, biz bu umid orqali Xudoga yaqinlasha olamiz.
20-21 Bundan tashqari, Xudo Isoni Oliy ruhoniy qilib tayinlaganda ont ichgandi. Muqaddas bitiklarda bu haqda shunday deyilgan:

“Egamiz ont ichgan, qarorini oʻzgartirmas:
«Sen to abad ruhoniysan.»”

Ammo levi ruhoniylari tayinlanganda, Xudo biron marta ont ichmagan. 22 Demak, Xudo Iso orqali bizni aʼloroq bir ahdga erishtirdi, Isoning Oʻzi bunga kafildir .
23 Yana bir farq shundaki, levi ruhoniylarining soni koʻp edi, chunki oʻlim ruhoniylarga oʻz xizmatlarini davom ettirishga monelik qilar edi. 24 Ammo Iso mangu boʻlgani uchun to abad ruhoniy boʻlib xizmat qiladi. 25 Shuning uchun U Oʻzi orqali Xudoga yaqinlashuvchilarga abadiy najot bera oladi. Axir, Iso barhayot boʻlib, ular uchun Xudoga iltijo qiladi.
26 Bizga aynan shunday — muqaddas, begʻubor va pok Oliy ruhoniy kerak edi. Iso gunohkorlardan ayrilgan, osmondan ham yuksakka koʻtarilgan. 27 U boshqa oliy ruhoniylar kabi, har kuni oldin oʻz gunohlari uchun, keyin xalqning gunohlari uchun qurbonlik keltirishi kerak emas. Chunki U bir marta Oʻzini qurbon qilib, xalqning gunohlari uchun keltiriladigan hamma qurbonliklarga chek qoʻydi. 28 Tavrotga binoan oliy ruhoniylikka ojiz bandalar tayinlanardi. Ammo endi Xudoning ont ichib bergan vaʼdasiga binoan oliy ruhoniylikka Xudoning Oʻgʻli tayin etildi. U barkamollikka erishgan va to abad barkamol boʻlib qoladi.